
Changchi (lot. Stamen, esk. «changbargcha») — gulning gulli o‘simliklarga xos erkak ko‘payish organi bo‘lib, unda chang hosil bo‘ladi. Changdoni bo‘lmagan steril changchilar staminodiylar deb ataladi. Guldagi barcha changchilar (ham chang hosil qiluvchi, ham steril) yig‘indisi androsey deb ataladi.
Changchining tuzilishi
Changchi steril qism hisoblangan changchi ipi va changdondan iborat. Changdonda chang donachalari hosil bo‘ladi. Changchi ipi gomologik jihatdan mikrosporofillga mos keladi; bunday mikrosporofill geterosporali plaunsimonlar va ochiq urug‘lilarda uchraydi.
To‘rtta uyachaga ega changdonning har bir uyachasida arxesporiy hujayralari meyoz natijasida mikrosporalar hosil qiladi. Ular keyinchalik erkak gametofitlarga — chang donachalariga aylanadi. Chang donachalarining yig‘indisi gul changi deb ataladi.
Bitta guldagi changchilar soni bittadan bir necha mingtagacha bo‘lishi mumkin (masalan, ayrim kaktuslarda). Guldagi changchilar yig‘indisi androsey deb ataladi. Changchilar odatda gulo‘rnida spiral yoki doira shaklida joylashadi.
Changchilar to‘liq yoki qisman qo‘shilib o‘sishi mumkin. Qovoqdoshlar oilasida ular to‘liq, qoqio‘tdoshlar (murakkabguldoshlar) oilasida — changdonlari orqali, burchoqdoshlar oilasida esa changchi iplari orqali qo‘shilib o‘sadi (burchoqdoshlar oilasi vakillarining gullarida qo‘shilib o‘sgan changchi iplari changchi naychalari deb ataladi). Raffleziyadoshlar va ayrim orxideyadoshlar vakillarida changchilar urug‘chi bilan qo‘shilib o‘sib, ginostemiy (gynostemium) deb ataladigan ustunchani hosil qiladi.
Havolalar
Vikimedia omborida quyidagi mavzuga oid mediafayllar bor: Changchi- Changchi // Brokgauz va Yefron ensiklopedik lug‘ati : 86 jild (82 jild va 4 qo‘shimcha). — Sankt-Peterburg, 1890—1907.
- Changchi — Katta sovet ensiklopediyasidagi maqola.