| Bolalar rozeolasi | |
|---|---|
| 6-tipdagi gerpes virusining elektron mikroskopdagi tasviri | |
| KXT-11 | 1F01 |
| KXT-10 | B08.2 |
| KXT-10-KM | B08.20 va B08.2 |
| KXT-9 | 057.8 |
| KXT-9-KM | 058.1, 058.10 va 057.8 |
| DiseasesDB | 5857 |
| MedlinePlus | 000968 |
| eMedicine | emerg/400 |
| MeSH | D005077 |
Bolalar rozeolasi (lot. roseola infantum), to‘satdan paydo bo‘ladigan ekzantema (lot. exanthema subitum) — odam gerpes virusining 6-tipi va kamroq hollarda 7-tipi bilan birlamchi zararlanish natijasida yuzaga keladigan, bolalar orasida, asosan 2 yoshgacha bo‘lganlarda keng tarqalgan yuqumli kasallik.
Boshqa nomlari: oltinchi kasallik, soxta qizilcha (lot. pseudorubella), bolalarning uch kunlik isitmasi.
Rozeola — erta bolalik davrida eng ko‘p uchraydigan ekzantemalardan biri. Kasallik tana haroratining to‘satdan 39–40 °С gacha ko‘tarilishi bilan boshlanadi. Yuqori harorat 3–5 kun davom etadi, boshqa alomatlar kuzatilmaydi. Harorat pasayganidan so‘ng bir sutka ichida bemorning tanasida qizamiq toshmasiga o‘xshash pushti toshma paydo bo‘ladi. U 4—7 kun saqlanib turadi, bunda bemor hech qanday noxushlik sezmaydi.
MDH mamlakatlari hududida «rozeola» tashxisi juda kam qo‘yiladi. Ko‘pincha kasallikning boshlanishi respirator infeksiya bilan, paydo bo‘ladigan toshma esa allergik dermatit bilan bog‘lanadi (aksariyat hollarda allergiyaga «O‘RVI ni davolash» uchun qabul qilingan dorilar sabab bo‘lgan deb taxmin qilinadi).[manba 1581 kundan beri ko‘rsatilmagan]
Etiologiyasi
Bolalar rozeolasining qo‘zg‘atuvchisi — odam gerpes virusining 6B tipi. 10 % hollarda kasallik odam gerpes virusining 7-tipi bilan bog‘liq. Bu viruslar uchun T-hujayraviy limfotroplik, ya’ni T-limfotsitlarga moyillik xos.
Patogenezi
Viruslar mononuklear hujayralarni zararlaydi va yallig‘lanishni kuchaytiruvchi sitokinlar ishlab chiqarilishini rag‘batlantiradi (interleykin-1b va o‘sma nekrozi omili-α).
Epidemiologiyasi
Qo‘zg‘atuvchi havo-tomchi yo‘li orqali yuqadi. Inkubatsiya davri 5 kundan 15 kungacha davom etadi. Kasallik ko‘pincha hayotning 6 va 24 oylari oralig‘ida namoyon bo‘ladi, 4 yoshga kelib esa deyarli barcha bolalarda qo‘zg‘atuvchiga qarshi antitanalar aniqlanadi. Kasallik mavsumiy xususiyatga ega — bahor va yozning boshlanishida ko‘proq uchraydi.
Bemorni izolyatsiya qilish talab etilmaydi.
Klinik belgilari
Odatda kasallik tana haroratining to‘satdan 39–40,5 °С gacha ko‘tarilishi bilan boshlanadi, bunda kasallikning boshqa hech qanday belgisi kuzatilmaydi, bola faol bo‘ladi, biroq febril tirishishlar (yuqori harorat tufayli yuzaga keladigan tirishishlar) kuzatilishi mumkin.
3—4 kundan so‘ng isitma pasayadi va makulopapulyoz ekzantema (toshma) paydo bo‘ladi. Toshma asosan ko‘krak va qorin sohasida, kamroq hollarda yuz va qo‘l-oyoqlarda kuzatiladi. Bu bosqichda pastki jag‘ ostidagi limfa tugunlari kattalashishi mumkin. Toshma paydo bo‘lganidan so‘ng harorat boshqa ko‘tarilmaydi. Toshma asta-sekin yo‘qoladi — odatda bir necha soat davom etadi va ikki kundan oshmaydi.
Rozeolaning ko‘p uchraydigan asoratlari bo‘yin va quloq orqasidagi limfadenopatiya (limfa tugunlarining kattalashishi), kam uchraydigan asoratlari esa ensefalit va gepatitdir.
Tashxislash
Bolalar rozeolasining diagnostik belgisi kasallikning o‘ziga xos kechishidir; ekzantemaning shakli diagnostik ahamiyatga ega emas.
Tashxis qo‘yish uchun tahlil talab qilinmaydi va u kamdan-kam o‘tkaziladi, biroq tashxisni aniqlashtirish uchun serologik test o‘tkazish mumkin. Molekulyar usulda tekshirish imkoniyati ham mavjud (miqdoriy PZR), lekin bunday tekshiruv odatda virusning qayta faollashishini aniqlash uchun o‘tkaziladi.
Umumiy qon tahlilida leykopeniya, nisbiy limfotsitoz kuzatiladi. Shuningdek, IgM va IgG ni aniqlash orqali serologik tashxislash qo‘llanishi mumkin (nafaqat IgM ning mavjudligi, balki IgG titrining to‘rt baravar ortishi ham diagnostik belgi hisoblanadi).
Davolash
Odatda maxsus davolash talab etilmaydi, simptomatik davolash qo‘llanadi.
Ayrim kasalliklar tufayli immuniteti pasaygan bolalarda foskarnet va gansiklovirni qo‘llash mumkin, biroq ularning rozeoladagi samaradorligini baholovchi nazoratli tadqiqotlar mavjud emas.
Adabiyotlar
- Tesini, B. L. Bolalar rozeolasi : (To‘satdan paydo bo‘ladigan ekzantema; soxta qizilcha) : [ingl.] : [arxiv. 7-noyabr 2021] // Merck Manuals. — 2021. — Iyun.
- Irving, W. L. Bolalar rozeolasi va o‘tkir HHV6 infeksiyasi bilan bog‘liq boshqa sindromlar : [ingl.] / W. L. Irving, J. Chang, D. R. Raymond … [va boshq.] // Archives of Disease Childhood : jurnal. — 1990. — Jild. 65, № 12 (Dekabr). — B. 1297–1300. — doi:10.1136/adc.65.12.1297. — PMID 2176778. — PMC 1793103.
- Tait, D. Go‘daklarda qizamiq va qizilchaga noto‘g‘ri ravishda to‘satdan paydo bo‘ladigan ekzantema (bolalar rozeolasi) tashxisining qo‘yilishi : [ingl.] / D. Tait, K. Ward, D. W. G. Brown … [va boshq.] // BMJ : jurnal. — 1996. — Jild. 312. — B. 101–102. — doi:10.1136/BMJ.312.7023.101. — PMID 8555893. — PMC 2349746.