Bo‘g‘im nima

Tizza bo‘g‘imining tuzilish sxemasi.

Bo‘g‘imlar (lot. articulatio) — harakatchan birikmalar bo‘lib, suyaklar skeletda bir-biridan tirqish bilan ajralgan hamda sinovial parda va bo‘g‘im xaltasi bilan qoplangan bo‘ladi. Bunday uzlukli, bo‘shliqli birikma tutashuvchi suyaklarning bir-biriga nisbatan harakatlanishini ta’minlaydi, bunda harakatni mushaklar bajaradi. Bo‘g‘imlar skeletning yaqqol ifodalangan harakatlar amalga oshadigan joylarida joylashadi: bukish (lot. flexio) va yozish (lot. extensio), uzoqlashtirish (lot. abductio) va yaqinlashtirish (lot. adductio), pronatsiya (lot. pronatio) va supinatsiya (lot. supinatio), aylanma harakat (lot. circumductio). Yaxlit a’zo sifatida bo‘g‘im tayanch va harakat vazifalarining bajarilishida muhim ishtirok etadi. Barcha bo‘g‘imlar ikkita bo‘g‘im yuzasidan hosil bo‘lgan oddiy hamda bir nechta oddiy bo‘g‘imdan tashkil topgan murakkab bo‘g‘imlarga bo‘linadi.

Tuzilishi

Har bir bo‘g‘imda ko‘pincha gialin tog‘ay bilan qoplangan bo‘g‘im yuzalari, bo‘g‘im kapsulasi va oz miqdorda sinovial suyuqlik saqlovchi bo‘g‘im bo‘shlig‘i mavjud. Tizza bo‘g‘imi bo‘shlig‘ida menisklar — bo‘g‘im yuzalarining o‘zaro mosligini (kongruentligini) oshiruvchi va zarba ta’sirini yumshatuvchi qo‘shimcha amortizator vazifasini bajaradigan tog‘ay tuzilmalari mavjud.

Bo‘g‘imning asosiy qismlari:

Bo‘g‘im yuzalari

Bo‘g‘im yuzalari (lot. fácies articuláres) tutashuvchi suyaklarda 0,2—0,5 mm qalinlikdagi gialin (kamroq hollarda tolali) bo‘g‘im tog‘ayi bilan qoplangan. Doimiy ishqalanish bo‘g‘im yuzalarining sirpanishini osonlashtiruvchi silliqlikni saqlaydi, tog‘ay esa elastik xususiyatlari tufayli zarbalarni yumshatib, bufer vazifasini bajaradi.

Bo‘g‘im kapsulasi

Bo‘g‘im kapsulasi (lot. cápsula articuláris) yoki bo‘g‘im xaltasi — tutashuvchi suyaklarga bo‘g‘im yuzalarining chetlari yaqinida yoki ulardan ma’lum masofada birikadi, bo‘g‘im bo‘shlig‘ini germetik o‘rab turadi va bo‘g‘imni turli tashqi shikastlanishlardan (uzilish va mexanik shikastlanishlardan) himoya qiladi. Bo‘g‘im xaltasi unga mustahkamlik beruvchi zich tolalardan iborat. Unga yaqin joylashgan mushaklarning paylari va boylamlarning tolalari ham qo‘shilib ketgan. U tashqi fibroz va ichki sinovial membrana bilan qoplangan.

Tashqi qavat ichki qavatdan zichroq, qalinroq va mustahkamroq bo‘lib, tolalari asosan uzunasiga yo‘nalgan zich tolali biriktiruvchi to‘qimadan hosil bo‘lgan. Ko‘pincha bo‘g‘im kapsulasi boylamlar (lot. ligamenta) bilan mustahkamlanadi, ular bo‘g‘im xaltasini mustahkam tutib turadi.

Ichki qavat sinovial membranadan iborat bo‘lib, uning vazifasi sinovial suyuqlikni sinovial membranadagi vorsinkalar orqali ajratishdan iborat. Bu suyuqlik o‘z navbatida:

  1. bo‘g‘imni oziqlantiradi
  2. uni namlab turadi
  3. bo‘g‘im yuzalari orasidagi ishqalanishni bartaraf etadi.

Bu bo‘g‘imning nervlar bilan eng ko‘p ta’minlangan, og‘riqni sezishni ta’minlovchi qismidir.

Bo‘g‘im bo‘shlig‘i

Bo‘g‘im bo‘shlig‘i — tirqishsimon, germetik yopiq bo‘shliq bo‘lib, u sinovial parda va bo‘g‘im yuzalari bilan chegaralangan. Bo‘g‘im bo‘shlig‘ida sinovial suyuqlik bo‘ladi, shuningdek, bo‘g‘im morfologiyasiga qarab disklar va menisklar ham bo‘lishi mumkin.

Bo‘g‘im atrofidagi to‘qimalar

Bo‘g‘im atrofidagi to‘qimalar — bo‘g‘imni bevosita o‘rab turuvchi mushaklar, paylar, boylamlar, qon tomirlari va nervlardir. Ular har qanday ichki va tashqi salbiy ta’sirlarga sezgir bo‘lib, ulardagi buzilishlar bo‘g‘im holatiga darhol ta’sir qiladi. Bo‘g‘imni o‘rab turuvchi mushaklar uning bevosita harakatini ta’minlaydi va uni tashqi tomondan mustahkamlaydi. Mushaklar orasidagi biriktiruvchi to‘qima qatlamlaridan ko‘plab nerv yo‘llari, bo‘g‘imlarni oziqlantiruvchi qon va limfa tomirlari o‘tadi.

Bo‘g‘im boylamlari

Bo‘g‘im boylamlari — suyaklar orasidagi birikmalarni mustahkamlovchi va bo‘g‘imlardagi harakat amplitudasini cheklovchi mustahkam, zich tuzilmalardir. Boylamlar bo‘g‘im kapsulasining tashqi tomonida, ayrim bo‘g‘imlarda (tizza va chanoq-son bo‘g‘imlarida) esa yanada mustahkamlikni ta’minlash uchun ichkarida joylashadi.

Bo‘g‘imning qon bilan ta’minlanishi 3—8 ta arteriyadan hosil bo‘lgan, keng anastomozlangan (tarmoqlangan) bo‘g‘im arteriyalari tarmog‘i orqali amalga oshadi. Bo‘g‘im innervatsiyasi simpatik nervlar va orqa miya nervlaridan hosil bo‘lgan nerv tarmog‘i orqali amalga oshadi.

Bo‘g‘imning barcha qismlari (gialin tog‘aydan tashqari) innervatsiyaga ega, boshqacha aytganda, ularda, jumladan, og‘riqni sezishni ta’minlovchi ko‘plab nerv oxirlari mavjud, demak, ular og‘riq manbai bo‘lishi mumkin.

Bo‘g‘imlarning tasnifi

Amaldagi anatomik-fiziologik tasnifga ko‘ra bo‘g‘imlar quyidagi belgilari bo‘yicha farqlanadi:

  • Mezon —bo‘g‘im yuzalari soni
  • Mezon —bo‘g‘im yuzalarining shakli va vazifalari.

Mezon —bo‘g‘im yuzalari soni:

  • oddiy bo‘g‘im (lot. articulatio simplex) — ikkita bo‘g‘im yuzasiga ega, masalan, falangalararo bo‘g‘im (bosh barmoqda);
  • murakkab bo‘g‘im (lot. articulatio composita) — ikkitadan ortiq bo‘g‘im yuzasiga ega, masalan, tirsak bo‘g‘imi;
  • kompleks bo‘g‘im (lot. articulatio complexa) — bo‘g‘imni ikkita kameraga ajratuvchi bo‘g‘im ichidagi tog‘ay (menisk yoki disk) mavjud, masalan, tizza bo‘g‘imi;
  • kombinatsiyalashgan bo‘g‘im (lot. articulatio combinata) — bir-biridan alohida joylashgan bir nechta mustaqil bo‘g‘imning birikmasi, masalan, chakka-pastki jag‘ bo‘g‘imi.

Mezon —bo‘g‘im vazifasi va bo‘g‘im yuzalarining shakli.

  • Bir o‘qli bo‘g‘imlar:
  1. Silindrsimon bo‘g‘im (lot. art. cylindrica), masalan, o‘rta atlantoaksial bo‘g‘im;
  2. G‘altaksimon bo‘g‘im (lot. art. ginglymus), masalan, falangalararo bo‘g‘imlar (barmoqlarda);
  3. G‘altaksimon bo‘g‘imning bir turi bo‘lgan vintsimon bo‘g‘im, masalan, yelka-tirsak suyagi bo‘g‘imi.
  • Ikki o‘qli bo‘g‘imlar:
  1. Ellipssimon (lot. art. ellipsoidea), masalan, bilak-kaftusti bo‘g‘imi;
  2. Do‘ngli (kondilyar) (lot. art. condylaris), masalan, tizza bo‘g‘imi;
  3. Egarsimon (lot. art. sellaris), masalan, I barmoqning kaftusti-kaft bo‘g‘imi;
  • Ko‘p o‘qli bo‘g‘imlar:
  1. Sharsimon (lot. art. spheroidea), masalan, yelka bo‘g‘imi;
  2. Kosasimon (lot. art. cotylica), sharsimon bo‘g‘imning bir turi, masalan, chanoq-son bo‘g‘imi;
  3. Yassi (lot. art. plana), masalan, umurtqalararo bo‘g‘imlar.

Silindrsimon bo‘g‘im

Silindrsimon bo‘g‘im (aylanuvchi bo‘g‘im) — o‘qi tananing vertikal o‘qiga mos keladigan yoki tutashuvchi suyaklarning uzun o‘qiga parallel joylashadigan silindrsimon bo‘g‘im yuzasiga ega bo‘lib, bitta (vertikal) o‘q atrofida harakatni — aylanishni (lot. rotátio).

G‘altaksimon bo‘g‘im

G‘altaksimon bo‘g‘im — bo‘g‘im yuzasi frontal tekislikda yotuvchi silindr shaklida bo‘lib, tutashuvchi suyaklarning uzun o‘qiga perpendikulyar yo‘nalishda joylashadi.

Ellipssimon bo‘g‘im

Ellipssimon bo‘g‘im — bo‘g‘im yuzalari shaklan ellips bo‘laklariga o‘xshaydi (biri qavariq, ikkinchisi botiq) va o‘zaro perpendikulyar ikkita o‘q atrofida harakatni ta’minlaydi.

Do‘ngli bo‘g‘im

Do‘ngli bo‘g‘im — shakli ellipsga yaqin bo‘lgan bo‘rtib chiqqan o‘simta (do‘ng, kondil) ko‘rinishidagi qavariq bo‘g‘im boshchasiga ega. Do‘ngga boshqa suyakning bo‘g‘im yuzasidagi botiqlik mos keladi, biroq ularning yuzalari bir-biridan ancha farq qilishi mumkin. Do‘ngli bo‘g‘imni g‘altaksimon bo‘g‘imdan ellipssimon bo‘g‘imga o‘tuvchi shakl sifatida ko‘rib chiqish mumkin.

Egarsimon bo‘g‘im

Egarsimon bo‘g‘im — bir-birining ustiga egardek o‘rnashgan ikkita egarsimon bo‘g‘im yuzasidan hosil bo‘ladi. Ulardan biri ikkinchisi bo‘ylab harakatlanadi, shu tufayli o‘zaro perpendikulyar ikkita o‘q bo‘ylab harakat qilish mumkin.

Sharsimon bo‘g‘im

Sharsimon bo‘g‘im — bo‘g‘im yuzalarining biri qavariq sharsimon boshchadan, ikkinchisi esa unga mos botiq bo‘g‘im chuqurchasidan iborat. Nazariy jihatdan bu turdagi bo‘g‘imda ko‘plab o‘qlar atrofida harakat qilish mumkin, ammo amalda faqat uchta o‘qdan foydalaniladi. Sharsimon bo‘g‘im barcha bo‘g‘imlar orasida eng erkin harakatlanuvchisidir.

Yassi bo‘g‘im

Yassi bo‘g‘im — deyarli yassi bo‘g‘im yuzalariga (radiusi juda katta bo‘lgan shar yuzasiga) ega, shuning uchun uchala o‘q atrofida ham harakatlanish mumkin. Biroq bo‘g‘im yuzalari maydonlarining farqi kichikligi sababli harakat hajmi cheklangan.

Qattiq yoki kam harakatlanuvchi bo‘g‘im

Kam harakatlanuvchi bo‘g‘im (amfiartroz) — bo‘g‘im yuzalarining shakli turlicha bo‘lgan, kapsulasi tarang tortilgan va yordamchi boylam apparati juda mustahkam bo‘lgan birikmalar guruhidir. Bir-biriga zich tutashgan bo‘g‘im yuzalari ushbu turdagi bo‘g‘imning harakat hajmini keskin cheklaydi. Kam harakatlanuvchi bo‘g‘imlar silkinishlarni kamaytiradi va suyaklar orasidagi zarbalarni yumshatadi.

Bo‘g‘im kasalliklari

Bo‘g‘imlar gipermobilligi — bo‘g‘imlarning ortiqcha harakatchanligi; bo‘g‘im boylamlarining cho‘zilishi natijasida bo‘g‘im o‘z anatomik imkoniyatlaridan tashqariga chiqadigan, katta hajmdagi harakatlarni bajara oladi. Natijada bir-biriga tegib turuvchi tog‘ay yuzalarining qismlari o‘ziga xos qirsillagan tovush chiqarishi mumkin. Bo‘g‘im boylamlarining bunday cho‘ziluvchanligi kollagenning tuzilishidagi o‘zgarish natijasida yuzaga keladi: kollagenning mustahkamligi pasayadi, elastikligi ortadi va u qisman deformatsiyalanish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Bu omil irsiy kelib chiqishga ega, biroq biriktiruvchi to‘qimadagi bunday nuqsonning rivojlanish mexanizmi hozirgacha noma’lum.

Gipermobillik asosan ayollarda, ayniqsa yosh ayollarda aniqlanadi. Gipermobillikning genetik jihatdan belgilanganligi ko‘plab to‘qimalarning o‘zgarishiga olib keladi. Bu, avvalo, bo‘g‘imlarga, shuningdek, tarkibida ko‘p miqdorda o‘zgargan kollagen bo‘lgan a’zolarga taalluqlidir. Masalan, bunday odamlarda teri yupqa, cho‘ziluvchan va tez shikastlanuvchan bo‘ladi, unda cho‘zilish izlari osongina paydo bo‘ladi. Bunday izlar hatto juda yosh qizlarda yoki hech qachon tug‘magan ayollarda ham uchraydi. Bo‘g‘imlar gipermobilligida tomirlar devorining zaifligi ham kuzatiladi, chunki ularning devorlari ham kollagendan tashkil topgan. Agar kollagen cho‘ziluvchan bo‘lsa, qon bosimi ta’sirida tomirlar juda tez cho‘ziladi. Shu sababli bunday odamlarda erta varikoz kasalligi (25 yoki hatto 20 yoshda) yuzaga kelishi mumkin.

Gipermobilligi bor odamlarga uzoq vaqt bir xil holatda turishni talab qiladigan ishni tanlash tavsiya etilmaydi (bu, ayniqsa, bir necha soat ketma-ket tik turadigan o‘qituvchilar, sotuvchilar, jarrohlar va sartaroshlarga taalluqlidir). Ushbu kasb egalarida varikoz va artroz kasalliklarining rivojlanish xavfi juda yuqori, gipermobillik mavjud bo‘lganda esa bu xavf deyarli yuz foizga yetadi. Bundan tashqari, boylamlarning yanada ortiqcha cho‘zilishiga sabab bo‘lmaslik uchun sport mashg‘ulotlariga ehtiyotkorlik bilan yondashish kerak.

Bo‘g‘imlarning shishishi to‘qimalarda suyuqlik to‘planganda yuzaga keladi. U og‘riq va harakatning cheklanishi bilan kechishi mumkin.

Kapsulit - yelka bo‘g‘imi kapsulasi va sinovial pardasining diffuz shikastlanishidir. U ko‘pincha bemorning ancha uzoq muddat nogiron bo‘lib qolishiga olib keladi. Ko‘proq katta yoshdagi odamlarda (50 dan 70 yoshgacha) uchraydi, bunda ayollar erkaklarga qaraganda ko‘proq kasallanadi. Og‘riq ko‘pincha tunda yoki shunchaki yotgan holatda, agar odam og‘riyotgan yelkasi ustida yotsa, kuchayadi.

Adabiyotlar

  • Prives M. G., Lisenkov N. K. Odam anatomiyasi. — 11-qayta ishlangan va to‘ldirilgan nashr. — Gippokrat. — 704 b. — 5000 nusxa. — ISBN 5-8232-0192-3.

Havolalar