Binokulyar ko‘rish nima

Binokulyar ko‘rish tamoyili

Binokulyar ko‘rish (lotincha bīnus «ikki karra» va lotincha oculus «ko‘z») — qobiliyat, ya’ni bir vaqtning o‘zida ikkala ko‘z bilan predmetning tasvirini aniq ko‘ra olish; bunda inson o‘zi qarayotgan predmetning yagona tasvirini ko‘radi. Binokulyar ko‘rishning yana bir nomi — stereoskopik ko‘rish.

Binokulyar ko‘rish ko‘ruv analizatorining bosh miya po‘stlog‘idagi bo‘limida murakkab fiziologik ko‘rish mexanizmi — fuziya (lotincha fūsiō «qo‘shilish»), ya’ni har bir ko‘zda alohida hosil bo‘ladigan ko‘ruv obrazlarining (monokulyar tasvirlarning) yagona birlashgan ko‘ruv idrokiga qo‘shilishi orqali ta’minlanadi.

Agar binokulyar ko‘rish shakllanmasa, faqat o‘ng yoki chap ko‘z bilan ko‘rish mumkin bo‘ladi. Bunday ko‘rish turi — monokulyar ko‘rish.

Navbatma-navbat, ya’ni goh o‘ng, goh chap ko‘z bilan ko‘rish ham mumkin — bu almashinuvchi monokulyar ko‘rish deyiladi. O‘ng va chap ko‘zga bir-biridan farqli ikkita tasvir ko‘rsatilganda binokulyar raqobat yuzaga kelishi mumkin: bunda inson subyektiv ravishda goh bir tasvirni, goh ikkinchisini idrok etadi va ular ma’lum davriylik bilan bir-birini almashtirib turadi

Ikkala ko‘z ochiq bo‘lganda ham binokulyar ko‘rish mavjud bo‘lmasa, bu tashqi tomondan asta-sekin rivojlanadigan g‘ilaylik.

Adabiyotlar