| Shahar | |||||
| Bazel | |||||
|---|---|---|---|---|---|
| nem. Basel frans. Bâle ital. Basilea | |||||
|
|||||
| 47°33′30″ sh. k. 07°37′00″ sh. u.HGYaO | |||||
| Mamlakat |
|
||||
| Kanton | Bazel | ||||
| Yarim kanton | Bazel-Shtadt | ||||
| Kommuna | Bazel | ||||
| Burgomistr | Gay Morin | ||||
| Tarix va geografiya | |||||
| Birinchi bor tilga olingan | milodiy III asrda | ||||
| Maydoni | 23,85 km² | ||||
| Markazining balandligi | 317 m | ||||
| Iqlim turi | mo‘tadil | ||||
| Vaqt mintaqasi | UTC+1:00, yozda UTC+2:00 | ||||
| Aholi | |||||
| Aholi | ↗ 173 445 kishi (2020) | ||||
| Zichligi | 7 124 kishi/km² | ||||
| Aglomeratsiya aholisi | ↗ 409 513 kishi (2015) | ||||
| Aholisining atalishi | bazellik erkak, bazellik ayol, bazelliklar | ||||
| Rasmiy til | nemis tili | ||||
| Raqamli identifikatorlar | |||||
| Telefon kodi | +41 61 | ||||
| Pochta indeksi | 4000 | ||||
| Avtomobil kodi | BS | ||||
| Rasmiy kod | 2701 | ||||
|
|
|||||
|
bs.ch (nem.) (frans.) (ital.) (ingl.) |
|||||
Bázel (nem. Basel [ˈbaːzəl], aleman nemischasida Basel [ˈb̥ɑːz̥l̩], frans. Bâle, ital. Basilea) — Shveysariyaning shimoli-g‘arbidagi shahar. Nemis tilida so‘zlashuvchi yarim kanton Bazel-Shtadtning poytaxti va shu nomdagi kommunaning ma’muriy markazi.
Aholisi qariyb 170 ming kishi (2015-yil) bo‘lgan Bazel mamlakatning uchinchi yirik shahridir. Aglomeratsiya hududida qariyb 830 ming kishi yashaydi (2004-yil).
Bazel Reyn daryosi bo‘yida, Yura va Shvartsvald tog‘ tizmalari etagida, Germaniya va Fransiya chegarasida joylashgan.
Shahar kimyo va farmatsevtika sanoatining markazidir. Shaharda Novartis va Hoffmann–La Roche kompaniyalarining bosh qarorgohlari, xalqaro bank tashkilotlari hamda UBS bankining bosh qarorgohlaridan biri ham joylashgan. Shveysariyadagi eng qadimgi universitet ham shu shaharda joylashgan. Bazel qadimiy musiqa bo‘yicha dunyoning yirik ta’lim markazlaridan biridir (Schola cantorum Basilienis — Bazel musiqa akademiyasi tarkibida). Qirqdan ortiq muzeyi, shuningdek, dunyodagi eng qadimgi ommaviy san’at muzeyi (1661-yil) bo‘lgan Badiiy muzeyi tufayli Bazel Shveysariyaning madaniy poytaxti hisoblanadi.
Reyn daryosi shahar va uning tarixiy markazini ikki qismga ajratadi: chap sohilda Katta Bazel, o‘ng sohilda Kichik Bazel joylashgan. Katta Bazelda Reyn ustida qizil qumtoshdan qurilgan roman-gotika uslubidagi sobor qad ko‘taradi, Bozor maydonida esa kechki gotika uslubidagi ratusha.
30-avgust 2024-yilda shahar rasman Yevrovideniye–2025 tanlovi o‘tkaziladigan shahar sifatida tanlandi.
Tarixi



Shahar qadimgi Rim koloniyasi Augusta Raurika (hozirgi Augst) uchun miloddan avvalgi 15-yilda qurilgan Basilea istehkomi o‘rnida vujudga kelgan. Shahar ilk bor milodiy III asrda Basileam applicuerunt nomi bilan tilga olingan.
Milodiy 740-yilda Bazel yepiskop qarorgohiga aylanib, Bazel yepiskopligining markazi bo‘lgan. O‘rta asrlarda shahar dastlab bir necha Yevropa davlatlariga, 1032-yildan esa Muqaddas Rim imperiyasiga bo‘ysungan.
XI asr o‘rtalarida Bazel mustaqillikka erishdi. Shahar boshqaruvi yepiskop, reyxsfogt[ingl.], ayrim zodagon sulolalar va shahar fuqarolari o‘rtasida taqsimlangan.
Shundan so‘ng, 1226-yilda Reyn ustidan birinchi ko‘prik ochilgan. 1356-yilda shaharning katta qismi zilzila oqibatida vayron bo‘lgan.
1431-yilda Bazelda Bazel cherkov kengashi yig‘ilishi o‘tkazilgan.
12-noyabr 1459-yilda Rim papasi Piy II farmoni bilan Bazelda Shveysariyadagi ilk universitet tashkil etilgan.
Ko‘p o‘tmay, Shveysariya ittifoqi tuzilgach, Bazel unga, ayniqsa, Sankt-Yakob yaqinidagi Birs jangida qozonilgan g‘alabadan (1444-yil) keyin yanada yaqinlashgan. Nihoyat, tinchlik bitimi imperator Maksimilian I bilan Shveysariya ittifoqi o‘rtasida tuzilgach, Bazel 1501-yilda rasman Shveysariya ittifoqiga Bazel kantoni sifatida qo‘shilgan.
XVI asrda shaharda Reformatsiya amalga oshirilgan. 1622-yilda universitet kutubxonasi tashkil etilgan; bugun u Shveysariyadagi eng yirik kutubxonadir.

Bazel shahri atrofidagi viloyatni, unda bir necha bor qo‘zg‘olonlar (1525, 1594, 1598 va 1653-yillarda) bo‘lib o‘tganiga qaramay, 20-yanvar 1798-yilga qadar to‘liq bo‘ysundirib kelgan. O‘sha paytda Fransuz inqilobi ta’sirida, Shveysariyaning eski ittifoq boshqaruvi qulashiga bir necha hafta qolganda, Bazel konstitutsiyasi tubdan o‘zgartirildi, viloyatning shaharga bo‘ysunishi bekor qilindi va barcha fuqarolarning teng huquqliligi e’lon qilindi. Shundan so‘ng Bazel Gelvetiya respublikasi taqdiriga sherik bo‘ldi va Napoleon I davrida yangi konstitutsiya oldi. Unda shahar va viloyatning teng huquqliligi tamoyili saqlangan bo‘lsa-da, amalda shaharga sezilarli ustunliklar berilgan edi.
Biroq bu bilan qanoatlanmagan Bazel Katta kengashi 4-may 1814-yilda Fransiyadagi restavratsiya ta’sirida konstitutsiyaga shunday o‘zgartirishlar kiritdiki, viloyatning shahar bilan teng huquqliligi haqidagi modda saqlanib qolganiga qaramay, viloyat amalda butunlay shaharga bo‘ysunib qoldi.
Viloyat aholisining bundan noroziligi kuchaydi. Kengash 1830-yilda talab etilgan islohotlarga rozi bo‘lmagach, viloyat aholisi qurol ko‘tardi[nem.] va 6-yanvar 1831-yilda o‘z mustaqilligini e’lon qilib, Listal shahrida o‘z muvaqqat hukumatini sayladi. Biroq shahar militsiyasi yomon qurollangan qishloq aholisi guruhlarini tarqatib yubordi, Listalni qamal qildi va muvaqqat hukumatni quvib chiqardi. Qo‘rquv ta’sirida viloyat aholisi ko‘pchilik ovoz bilan yangi konstitutsiyani qabul qildi. Ammo shahar amaldorlarining viloyatni boshqarishda noo‘rin qattiqqo‘lligi tez orada ichki nizoni yana avj oldirdi. Bu safar viloyat aholisi shahar militsiyasi hujumlarini ancha muvaffaqiyatli qaytardi. 27-aprel 1832-yilda Listalda maxsus kengash ishlab chiqqan, viloyatni to‘liq mustaqil ma’muriy birlik sifatida boshqarish tartibini belgilagan konstitutsiya qabul qilindi. Shundan so‘ng shahar tarafdorlari bir necha kanton tomonidan Sarn shahrida tuzilgan reaksion ittifoqqa[nem.] qo‘shildi va e’lon qilingan sulhga qaramay, 3-avgust 1833-yilda viloyat aholisiga hujum qildi. Ammo Pratteln yaqinidagi qonli to‘qnashuvda shahar qo‘shinlari katta talafot bilan chekinishga majbur bo‘ldi.
Bazel kantoni ittifoq qo‘shinlari tomonidan egallandi. 26-avgust 1833-yilda kantonning ikki mustaqil qismga (Bazel-Shtadt va Bazel-Land) bo‘linishi amalga oshgan fakt sifatida tan olindi. Bazel-Shtadt yarim kantoni shaharning o‘zi va Reynning o‘ng sohilidagi uchta qishloq bilan chegaralandi. 3-oktabr 1833-yilda Bazel-Shtadtda konstitutsiya qabul qilinib, unda barcha fuqarolarning qonun oldida to‘liq tengligi, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatning ajratilishi, yig‘ilish va birlashmalar erkinligi, matbuot erkinligi, shuningdek, saylanadigan lavozimlarda 6 yillik vakolat muddati belgilandi va hokazo.
XIX asrda Bazelning Germaniya va Shimoliy Fransiya bilan savdoda Shveysariyaning «savdo darvozasi» sifatidagi iqtisodiy ahamiyati oshdi. Bazel ko‘plab xalqaro kongresslar o‘tkaziladigan va xalqaro shartnomalar tuziladigan maskanga ham aylandi.
Aholisi
| Aholi soni, kishi | |||||||
|---|---|---|---|---|---|---|---|
| 1980 | 1990 | 2000 | 2010 | 2015 | 2020 | ||
| 182 143 | ↘ 178 428 | ↘ 166 558 | ↘ 163 216 | ↗ 169 916 | ↗173 232 | ||
Bazel kommunasida rasmiy til nemis tilining shveysarcha shevasidir. 2000-yilgi aholini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, shahar aholisining 77,8 foizi (129 592 kishi) nemis tilini, italyan tilini esa 5,4 foizi (9 049 kishi), fransuz tilini 2,6 foizi (4 280 kishi), retoroman tilini esa Bazelning 202 nafar fuqarosi ona tili deb ko‘rsatgan.
- Din

2000-yilgi aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga ko‘ra, 41 916 fuqaro (25,2 %) o‘zini katolik cherkoviga, 39 180 kishi (23,5 %) protestant cherkoviga, 4 567 kishi (2,74 %) esa boshqa nasroniylik oqimlariga mansub deb hisoblagan. Shaharda, shuningdek, 12 368 musulmon (7,43 %), 1 325 yahudiy (0,80 %), 947 hinduizm izdoshi, 746 buddaviy va boshqa diniy qarashdagi 485 kishi yashagan. Ateist yoki agnostik sifatida 52 321 fuqaro (31,41 %) qayd etilgan, 8 780 kishi (5,27 %) esa bu savolga javob bermagan.
Iqtisodiyot
Bazel — yirik savdo-moliya va madaniyat markazi. Shaharda quyidagi xalqaro tashkilotlarning bosh qarorgohlari joylashgan: Bank nazorati bo‘yicha Bazel qo‘mitasi va Xalqaro hisob-kitoblar banki.
Bazel — Shveysariya kimyo va farmatsevtika sanoatining poytaxti. Bu yerda quyidagi kompaniyalarning bosh qarorgohlari joylashgan: Novartis, Hoffmann-La Roche, Clariant va boshqalar
Bazelda har yili soat va zargarlik buyumlariga bag‘ishlangan nufuzli Baselworld ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.
Siyosat
Bazel burgomistri shahar-kanton prezidentidir.
Transport
Bazel — Yevropa miqyosidagi muhim transport tuguni hamda Shveysariyaning asosiy port-yuk ortish markazi. Shveysariyadagi yagona port (Reyn daryosida) shu shaharda joylashgan bo‘lib, u orqali mamlakat Rotterdam dengiz portiga ulanadi. Bazel yaqinida, Fransiya hududida xalqaro Bazel–Myuluz–Frayburg Yevroaeroporti (BSL/MLH/LFSB) joylashgan. Bu dunyoda ikki mamlakat (Fransiya va Shveysariya) birgalikda boshqaradigan kam sonli aeroportlardan biridir. Bazelda ikkita yirik temiryo‘l vokzali bor: Bazel SBB va Bazel-Badisher-Banxof. Basel SBB vokzalining bir qismi Fransiya yurisdiksiyasida bo‘lib, Bâle SNCF deb ataladi. Bazel-Badisher-Banxof vokzali esa Shveysariya hududida joylashganiga qaramay, to‘liq Germaniya va nemis temiryo‘llariga tegishli. Undan ICE (Intercity-Express) poyezdlari Frayburg, Karlsrue, Manxaym va shimol tomondagi (jumladan, Frankfurt aeroporti-Kyoln-Dyusseldorf va Gamburg hamda Berlin).
Jamoat transporti
Shahar jamoat transporti avtobuslar va tramvaylardan iborat (qarang: Bazel tramvayi; uning liniyasi 2017-yilda Fransiyaning Sent-Lui shahrigacha uzaytirilgan). Shaharda jamoat transportini boshqaruvchi ikkita tashkilot faoliyat yuritadi: BVB va BLT. Yashil rangli tramvay va avtobuslar BVB tasarrufida. Sariq tramvay va avtobuslar esa BLT tasarrufida bo‘lib, Bazelland yarim kantonining qo‘shni hududlarini Markaziy Bazel bilan bog‘laydi. Tramvaylar kontakt elektr simlari orqali quvvat oladi, avtobuslar parki esa odatiy yoqilg‘ida ishlaydigan avtobuslardan iborat, biroq shahar atrofi avtobuslarining aksariyati tabiiy gazda ishlaydi. Bazelga yaqin atrofdagi Fransiya va Germaniya shaharlarining avtobus yo‘nalishlari ham kiradi.
Diqqatga sazovor joylar

- Roman-gotika uslubidagi sobor (Myunster; 1019—1500-yillar; haykaltaroshlik bilan bezatilgan portallar)
- Ratusha (1504—1608-yillar, Renessans uslubi)
- Shpalentor (shahar darvozasi) (1400)
- Avliyo Pavel cherkovi (neoroman uslubi, 1901-yil)
Muzeylar
- Bazel badiiy muzeyi
- Zamonaviy san’at muzeyi
- Fondation Beyeler xususiy kolleksiyasi
- Tengli muzeyi (Museum Tingely)
- Anatomiya muzeyi (Anatomisches Museum)
- Bazel qadimiy yodgorliklar muzeyi va Lyudvig kolleksiyasi
- Me’morchilik muzeyi (Architekturmuseum)
- Universitet botanika bog‘i (Botanischer Garten der Universität)
- Yong‘in xavfsizligi muzeyi (Feuerwehr-Museum)
- «Olchazor yonidagi uy» (Haus zum Kirschgarten)
- Tarix muzeyi (Historisches Museum)
- Shveysariya yahudiylar muzeyi (Jüdisches Museum der Schweiz)
- Karikatura va animatsiya muzeyi (Karikatur& Cartoon Museum)
- Badiiy galereya (Kunsthalle)
Sport
Shaharda Sankt-Yakob Park stadioni joylashgan bo‘lib, unda futbol klubi Bazel o‘z uy uchrashuvlarini o‘tkazadi.
Bu yerda 2008-yilgi futbol bo‘yicha Yevropa chempionati uchrashuvlari bo‘lib o‘tgan. Bu shaharda dunyodagi eng ko‘p sovrin qo‘lga kiritgan tennischilardan biri tavallud topgan — Rojer Federer.
Havolalar
- Bazelning rasmiy sayti (nem.) (frans.) (ital.) (ingl.) (xit.)
- Shveysariyaning Bazel shahri (rus.)