
Babinskiy refleksi (oyoq kaftining patologik yozilish refleksi) — patologik refleks, bunda oyoqning I barmog‘i oyoq kaftining tashqi chetidagi teri bo‘ylab chiziqsimon ta’sir berilganda yoziladi. Refleks fransuz shifokori-nevropatolog (asli polyak bo‘lgan) Jozef Babinskiy sharafiga nomlangan.
Patofiziologiya

Bu markaziy harakatlantiruvchi neyron tizimi zararlanishining belgisidir. Mazkur tizim harakatlantiruvchi neyronlarni (markazoldi pushtasida, bosh miya po‘stlog‘ida joylashgan), shuningdek, ularning aksonlarini o‘z ichiga oladi. Bu aksonlar kortikospinal yo‘lni (lot. tractus corticospinalis) hosil qiladi va oldingi shoxlardagi harakatlantiruvchi neyronlarga boradi (orqa miya). Kortikospinal yo‘l tolalari tormozlovchi impulslarni o‘tkazadi. Bu impulslar ontogenez jihatidan qadimiyroq bo‘lgan segmentar spinal reflekslarning yuzaga kelishiga to‘sqinlik qiladi. Markaziy harakatlantiruvchi neyron tizimi zararlanganda orqa miyaning harakatlantiruvchi neyronlariga tormozlovchi impulslar kelishi to‘xtaydi. Bu, xususan, patologik Babinskiy refleksining yuzaga kelishida namoyon bo‘ladi.
Reflektor yoy
Retseptorlar (taktil sezuvchanlik, oyoq kaftining lateral yuzasida joylashgan) →
- katta boldir nervi (lot. nervus tibialis) →
- kichik boldir nervi (lot. nervus fibularis) (segmentlar: LIV, LV, SI) →
oyoqning bosh barmog‘ini yozuvchi mushak.
Tekshirish usuli
Shifokor bolg‘achaning dastasini oyoq kaftining lateral cheti bo‘ylab yurgizadi. Ta’sir yengil bo‘lishi va og‘riq keltirib chiqarmasligi kerak. Babinskiy belgisi musbat bo‘lganda ta’sirga javoban oyoq barmoqlari yelpig‘ichsimon tarzda yoziladi. Normal holatda bosh barmoqning ixtiyorsiz bukilishi bilan namoyon bo‘ladigan oyoq kafti refleksi kuzatiladi yoki hech qanday reaksiya bo‘lmaydi.
Babinskiy refleksining ahamiyati

Babinskiy refleksi markaziy harakatlantiruvchi neyron tizimi zararlanganidan dalolat beradi. U eng ko‘p tekshiriladigan piramidal belgi hisoblanadi (nevrologik amaliyotda). U bir qator kasalliklarda, xususan, tarqoq sklerozda, bolalar serebral falajida, bosh miyada qon aylanishi buzilishlarida, markaziy nerv tizimi o‘smalarida va boshqa ko‘plab kasalliklarda kuzatiladi.
Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda va ilk yoshdagi bolalarda bu refleks patologiya belgisi hisoblanmaydi. Bu ilk bolalik davrida bosh miya po‘stlog‘i va shunga muvofiq markaziy harakatlantiruvchi neyron tizimining yetarli darajada rivojlanmaganligi bilan bog‘liq.
Adabiyotlar
- Gusev E.I., Konovalov A.N. Burd G.S. Nevrologiya va neyroxirurgiya. — M.: Meditsina, 2000. — 656 b. — ISBN 5-225-00969-7.