Artefakt (arxeologiya)

Polshalik arxeolog ilk o‘rta asrlarga oid manzilgohda o‘tkazilgan qazishmalarda topilgan sopol buyum parchalarini o‘rganmoqda

Artefakt (lot. artefactum so‘zi arte — sun’iy ravishda + factus — yasalgan so‘zlaridan kelib chiqqan) — arxeologiyada o‘tmishda maqsadli mexanik ta’sir ko‘rsatilgan hamda maqsadga yo‘naltirilgan arxeologik qazishmalar yoki qandaydir alohida, ba’zan tasodifiy hodisa natijasida topilgan obyekt. Artefaktlarga tosh qurollar, zargarlik buyumlari, qurol-yarog‘lar, sopol buyumlar, inshootlar va ularning qismlari, qadimgi gulxan ko‘mirlari, inson ta’sirining izlari qolgan suyaklar va boshqalar kiradi. Artefaktlarni arxeologlar o‘rganadilar: ular arxeologik yodgorliklarda qazishmalar o‘tkazadilar, topilmalar va qazishma natijalarini tadqiq qilib, e’lon qiladilar hamda shu ma’lumotlar asosida insoniyatning tarixiy o‘tmishini tiklaydilar. Ilm-fan yoki san’at nuqtayi nazaridan qimmatli artefaktlar namoyish etiladigan joylar — muzeylar va ko‘rgazmalar.

Terminologiya

«artefakt» so‘zi rus tilidagi adabiyotlarda nisbatan yaqindan beri qo‘llanadi va ingliz tilidan o‘zlashgan (ingl. artifact, artefact). U, o‘z navbatida, quyidagi so‘zlardan kelib chiqqan: lot. ars (sun’iy ravishda) + lot. factum (yasalgan narsa). Bu atama biologiya va tibbiyotdan ibtidoiy davr arxeologiyasiga, keyinchalik esa arxeologiyaning boshqa tarmoqlariga kirib kelgan. Shuningdek, rus tilidagi adabiyotlarda artefaktlarni nomlash uchun quyidagi muqobil atamalar qo‘llangan yoki hozir ham qo‘llanadi:

  • ashyoviy manbalar. Bu atama qo‘llanganda, odatda, hech qanday yozuvi bo‘lmagan artefaktlar nazarda tutiladi. Yozuvlar mavjud bo‘lgan artefaktlar «yozma manbalar» deb ataladi.
  • moddiy madaniyat buyumlari. Bu yerda «madaniyat» so‘zi quyidagi atamadagi kabi ma’noda qo‘llanadi: arxeologik madaniyat.
  • arxeologik yodgorliklar. Bu atama kengroq ma’noga ega: arxeologik yodgorliklar deb yirikroq obyektlar, masalan, butun bir qadimgi manzilgoh ham ataladi. Ko‘pincha alohida qimmatga ega artefaktlar arxeologik yodgorliklar deb yuritiladi.
  • arxeologik topilmalar. Ular orasida yakka topilmalar va ommaviy topilmalar ajratiladi.

Artefakt atamasining ma’nosidan kelib chiqib, uni arxeologiyada umumiy tarzda qo‘llashni maqbul deb bo‘lmaydi. Deyarli barcha arxeologik topilmalar inson tomonidan yasalganligi avvaldan ayon. Bu atama faqat buyumning kelib chiqishini, ya’ni uning tabiiy ravishda hosil bo‘lgan obyekt yoki inson tomonidan yasalgan buyum ekanini aniqlash zarur bo‘lgan hollarda qo‘llanadi. Buyum inson tomonidan yasalgani isbotlansa, u artefakt deb e’tirof etiladi.

Artefaktlarni o‘rganish

Arxeologlar turli buyumlar majmualarini o‘zaro taqqoslab, ularning vaqt bo‘yicha ketma-ketligini aniqlash orqali topilgan artefaktlarni tizimlashtiradilar. Xususan, ular muayyan hududda uzoq vaqt davomida qo‘llangan artefakt yasash usulini aniqlaydilar, arxeologik madaniyatlarni ajratadilar, bunda topilgan sopol idish parchalari asosida kulolchilikdagi o‘zgarishlarni o‘rganadilar va hokazo.

Artefaktlarning tashqi ko‘rinishiga qarab, ular nima maqsadda ishlatilganini har doim ham darhol tushunib bo‘lmaydi. Bunda mehnat qurollarining yeyilish xususiyatini, qurol-asboblar va idishlarda saqlanib qolgan turli modda qoldiqlarini o‘rganish yordam berishi mumkin.

Artefaktlar topilgan joylarning bir-biriga nisbatan joylashuvi ma’lum bo‘lsa, ular alohida ahamiyat kasb etadi. Masalan, dafn etilgan kishining skeleti qorin qismidan topilgan o‘q uchi bu odam o‘ldirilganidan katta ehtimol bilan dalolat beradi. Chiqindi uyumidan topilgan xuddi shunday o‘q uchi esa o‘q bilan o‘ldirilgan hayvon nimtalanganda shunchaki chiqindiga qo‘shilib ketgan bo‘lishi mumkin.

Ba’zan hatto bitta artefakt ham ko‘p narsadan darak berishi mumkin. Masalan, qabrdan topilgan oltin xochga mixlangan Iso tasviri (raspyatiye) dafn etilgan kishining diniy e’tiqodi (uning xristian bo‘lganligi), ijtimoiy-iqtisodiy mavqeyi (shunday qimmatbaho buyumni sotib olish imkonini beradigan darajada yuqori bo‘lganligi) hamda dafnning taxminiy sanasi (agar xochga mixlangan Iso tasviri o‘ziga xos shaklga ega bo‘lsa) haqida ma’lumot berishi mumkin.

Adabiyotlar