Solnoma

Lavrentiy solnomasi

Solnoma (yoki solnomanavislik) — tarixiy voqealarni yillar bo‘yicha nisbatan batafsil qayd etishdan iborat tarixiy janr. Solnomalarda har bir yil voqealarining bayoni odatda quyidagi so‘zlar bilan boshlanadi: «в лѣто …» (ya’ni «… yilda»); rus tilidagi «letopis» (solnoma) atamasi shundan kelib chiqqan. Vizantiyada solnomaga o‘xshash asarlar xronikalar, G‘arbiy Yevropada esa o‘rta asrlarda annallar va xronikalar deb atalgan.

Rus solnomalari bizgacha ko‘p miqdorda yetib kelgan bo‘lib, ularning saqlangan shakllari qo‘lyozma nusxalar deb ataladi va XIV—XVIII asrlarga mansub. Qo‘lyozma nusxa deganda boshqa manbadan «ko‘chirib yozilgan» (nusxa olingan) matn tushuniladi. Bu nusxalar tuzilgan joyiga yoki asosan yoxud faqat tasvirlangan voqealar sodir bo‘lgan joyga ko‘ra guruhlarga ajratiladi (dastlabki Kiyev solnomasi, Novgorod solnomalari, Pskov solnomalari va hokazo). Bir guruhga mansub nusxalar bir-biridan nafaqat ifoda usuli, balki tanlab olingan tarixiy xabarlar tarkibi bilan ham farqlanadi. Shu sababli nusxalar matn variantlariga (tahrirlarga) bo‘linadi. Masalan, quyidagicha aytish mumkin: Dastlabki solnomaning janubiy varianti (Ipatiy nusxasi va unga o‘xshash nusxalar), dastlabki solnomaning Suzdal varianti (Lavrentiy nusxasi va unga o‘xshash nusxalar).

Solnomalar Kiyev Rusining ko‘plab shaharlarida yuritilgan. Novgorod solnomalari (pergamentga yozilgan Sinodal nusxa — XIV asrga oid, Sofiya nusxasi) bayon uslubining ixchamligi bilan ajralib turadi. Pskov solnomalarida ijtimoiy hayot jonli tasvirlangan, janubiy Rus solnomalari esa adabiy, ayrim o‘rinlarda she’riy tilda bayon etilgan.

Solnomalar to‘plamini tuzish Rus tarixining Moskva davrida ham davom etgan (Voskresensk va Nikon solnomalari). «Podshohlik kitobi» deb atalgan asar rus podshosi Ivan Grozniy hukmronligi davriga bag‘ishlangan.

Keyinchalik solnomalar rasmiy tus olib, asta-sekin qisman mansab va xizmat qaydlari kitoblariga (razryad kitoblari), qisman «Rivoyatlar» hamda ayrim shaxslarning qaydlariga aylangan.

XVII asrda xususiy solnomalar paydo bo‘lib, keng tarqalgan. Bunday tarixiy hujjatlarning mualliflari orasida zemstvo kotibi — Blagoveshchensk pogostida (Vaga daryosi bo‘yida) xizmat qilgan Averkiy mashhur.

Quyidagi solnomalar ham mavjud: Litva (qadimgi belarus) solnomalari, Moldaviya knyazligi solnomalari. «Kazak solnomalari» asosan Bogdan Xmelnitskiy davrini qamrab oladi. Solnomanavislik Qozog‘istonda (Qozoq shejiresi), Sibirda (Buryat solnomalari, Sibir solnomalari), Boshqirdistonda (Boshqird shejeresi) va boshqa joylarda ham olib borilgan.

Solnomanavis. 1887

Adabiyotlar

Manbalar