| Adenoid | |
|---|---|
| lot. tonsilla pharyngea | |
| Adenoidning joylashuvi. | |
| Kataloglar | |
Adenoid (lot. adenoid, quyidagi so‘zdan olingan: qadimgi yunoncha ἀδήν — bez va εἶδος — ko‘rinish; shuningdek, adenoid o‘simtalari, adenoid vegetatsiyalar) — patologik kattalashgan halqum (burun-halqum) murtagi bo‘lib, burun orqali nafas olishning qiyinlashuvi, eshitish qobiliyatining pasayishi va boshqa buzilishlarga sabab bo‘ladi. Murtakning kattalashishiga sabab bo‘ladigan jarayon — giperplaziya (гиперплазия) — uning limfoid to‘qimasining ortiqcha o‘sishi hisoblanadi.
Asosiy ma’lumotlar
Halqum murtagi burun-halqum gumbazida joylashgan bo‘lib, halqumning limfoid halqasi tarkibiga kiradi (til murtagi, eshituv nayi murtaklari va tanglay murtaklari bilan birga). Halqumni odatiy ko‘rikdan o‘tkazishda bu murtak ko‘rinmaydi; uni ko‘rish uchun maxsus asboblar talab etiladi.
Adenoid o‘simtalari bolalar orasida keng tarqalgan bo‘lib, ko‘pincha 3 yoshdan 7 yoshgacha kuzatiladi. Adenoidlarning rivojlanishiga burun bo‘shlig‘i va murtaklar shilliq qavatining yallig‘lanishiga olib keladigan kasalliklar (qizamiq, skarlatina, gripp, shuningdek, yuqori nafas yo‘llarining o‘tkir va surunkali yallig‘lanish kasalliklari va boshqalar) sabab bo‘ladi.
Tashxislash
Hozirgi vaqtda tashxis qo‘yishning bir nechta usuli mavjud:
- Burun-halqumni barmoq bilan tekshirish — eng kam ma’lumot beradigan usul, biroq adenoidlarning qattiqligi va tuzilishi haqida tasavvur beradi.
- Rentgenografiya yordamida burun-halqumni tekshirish — ko‘proq ma’lumot beradi, biroq bemor nurlanish ta’siriga uchraydi.
- Kompyuter tomografiyasi — avvalgi usulga qaraganda ko‘proq ma’lumot beradi, biroq ancha qimmat turadi.
- Endoskopik usul adenoidlarni tashxislashda «oltin standart» hisoblanadi. Tekshiruv burun orqali — «endoskopik rinoskopiya», shuningdek, og‘iz bo‘shlig‘i orqali — «endoskopik epifaringoskopiya (эпифарингоскопия)» usulida o‘tkaziladi. U egiluvchan endoskop yordamida — fibroskopiya (фиброскопия; eng kam shikast yetkazadigan usul bo‘lib, kichik yoshdagi bolalar va kattalarga tavsiya etiladi) yoki qattiq endoskopiya usulida bajariladi. Qattiq endoskopiya burun bo‘shlig‘ida endoskopni kiritishga to‘sqinlik qiladigan anatomik xususiyatlar bo‘lmagan taqdirda, har qanday yoshdagi bemorlarga mos keladi.
- Orqa rinoskopiya — maxsus ko‘zgu yordamida og‘iz orqali tekshirishning «klassik» usuli; ba’zan kichik yoshdagi bolalarda uni bajarish qiyin bo‘ladi.
Bundan tashqari, adenoidlar yuzasi oldingi rinoskopiya (burun orqali ko‘rik) vaqtida ham ko‘rinadi.
Rivojlanish darajalari
Adenoidlarning rivojlanishida uchta daraja farqlanadi:
- 1-daraja — kattalashgan halqum murtagi faqat dimog‘ suyagining yuqori qismini yoki burun yo‘llari balandligining bir qismini to‘sadi.
- 2-daraja — kattalashgan halqum murtagi dimog‘ suyagining 2/3 qismini yoki burun yo‘llari balandligining xuddi shuncha qismini to‘sadi.
- 3-daraja — kattalashgan halqum murtagi deyarli butun dimog‘ suyagini to‘sadi.
Klinik ko‘rinish
Adenoidit — yallig‘lanish bo‘lib, patologik kattalashgan (giperplaziyaga uchragan — гиперплазированная, gipertrofiyalangan — гипертрофированная) halqum (burun-halqum) murtagida (adenoidlarda) yuz beradi. U alohida yoki kattalashgan tanglay murtaklarining yallig‘lanishi bilan birga kechishi mumkin. Adenoidit o‘tkir, o‘tkirosti yoki surunkali bo‘lishi mumkin.
Adenoidit tana haroratining ko‘tarilishi va burun orqali nafas olishning keskin buzilishi bilan namoyon bo‘ladi.
Alomatlari: burun orqali nafas olish qiyinlasha boshlaydi. Dastlab bu faqat tunda (pishillab nafas olish, xurrak otish), keyinchalik esa kunduzi ham kuzatiladi. Ertalabki yo‘tal ham bo‘ladi (o‘tkirosti adenoiditda bu yagona alomat bo‘lishi mumkin). Sust kechuvchi adenoiditda eshitish qobiliyati asta-sekin pasayishi mumkin. Burundan shilliq va yiringli ajralmalar kelishi, shuningdek, surunkali quruq yo‘tal kuzatilishi mumkin.
Asoratlar
Adenoid o‘simtalarining burun orqali nafas olish jarayoniga ta’sirini hisobga olsak, asosiy asoratlar burun-halqumning o‘tkazuvchanligi bilan bog‘liq. Odatda, asoratlar turli shakldagi burun yondosh bo‘shliqlarining yallig‘lanishi: yuqori jag‘ bo‘shlig‘i yallig‘lanishi, peshona bo‘shlig‘i yallig‘lanishi va boshqalar. Eshitish qobiliyatining pasayishi va quloq yallig‘lanishlari (otitlar) eshituv naylarining o‘tkazuvchanligi buzilishi bilan bog‘liq (Yevstaxiy naylari).
Davolash
Davolashni quloq-burun-tomoq shifokori (otorinolaringolog) amalga oshiradi. Adenoidlarni konservativ usulda yoki jarrohlik yo‘li bilan davolash mumkin (adenoidlarni olib tashlash — adenotomiya).
Adenotomiya
Adenoidlarni olib tashlash uchun mutlaq ko‘rsatmalar quyidagilar:
- nafasning vaqtincha to‘xtashi (apnoe), konservativ davolash bilan bartaraf etib bo‘lmaydigan;
- konservativ davolashga qaramay, burun orqali nafas olishning butunlay yo‘qligi;
- 3 oydan ortiq davom etadigan eshitish qobiliyatining barqaror pasayishi;
- yiringli o‘rta otitlarning qaytalanishi;
- noto‘g‘ri tishlashning shakllanishi (biroq, tadqiqotlardan biri burun orqali nafas olish buzilishi bilan tishlashning shakllanishi o‘rtasida bevosita bog‘liqlik yo‘qligini ko‘rsatgan).
Nisbiy ko‘rsatmalarga burun yondosh bo‘shliqlarining bakterial yallig‘lanishi qaytalanishi, ekssudativ otitlarning (экссудативный отит) tez-tez takrorlanishi, og‘izdan yoqimsiz hid kelishi va burun orqali nafas olishning uzoq vaqt davomida o‘rtacha darajada qiyinlashishi kiradi.
Adenotomiya umumiy behushlik ostida o‘tkaziladi; bemor 15—20 daqiqa davomida dori vositalari ta’sirida uyqu holatida bo‘ladi.
Jarroh o‘z tajribasi va qulayligiga qarab operatsiya vaqtida adenotom yoki sheyver (шейвер) asbobidan foydalanadi; ikkala asbob ham bir xil natija beradi. Atrofdagi to‘qimalarni kuydirib yuborish xavfi tufayli lazer skalpeli qo‘llanmaydi.
Adenotomiya surunkali obstruktiv o‘pka kasalliklari rivojlanishining nisbiy xavfini ikki baravardan ko‘proq, yuqori nafas yo‘llari kasalliklari va kon’yunktivit (конъюнктивит) xavfini esa deyarli ikki baravar oshiradi. Tanglay murtaklari olib tashlanmagan holda bajarilgan adenoidektomiya (аденоидэктомия) o‘rta quloq yallig‘lanishi (otit)ning nisbiy xavfini 4-5 baravar oshiradi va burun yondosh bo‘shliqlari yallig‘lanishi xavfining sezilarli ortishiga olib keladi.
Havolalar
- L. Ya. Yakobzon. Adenoid o‘simtalari // Brokxauz va Efronning ensiklopedik lug‘ati : 86 jild (82 jild va 4 qo‘shimcha jild). — Sankt-Peterburg., 1890—1907.
- Bogdanets S. A. Adenoidlar : [arxiv. 15-sentabr 2007] / Svetlana Anatolyevna Bogdanets (Perviy Doktor klinikasida ishlovchi otorinolaringolog, tibbiyot fanlari nomzodi). — 2006. — 8-dekabr.