| Nevralgiya | |
|---|---|
| XKT-10 | M79.2 |
| XKT-9 | 729.2 |
| XKT-9-KM | 729.2 |
| MedlinePlus | 001407 |
| MeSH | D009437 |
Nevralgiya (qadimgi yunoncha νεῦρον — «pay, nerv» + ἄλγος — «og‘riq») — periferik nervlarning zararlanishi bo‘lib, biror nerv ta’minlaydigan sohada og‘riq xurujlari paydo bo‘lishi bilan tavsiflanadi. Nevritdan farqli ravishda, nevralgiyada harakat buzilishlari va sezuvchanlikning yo‘qolishi kuzatilmaydi, zararlangan nervda esa tuzilmaviy o‘zgarishlar bo‘lmaydi. Nevralgiya asosan tor kanallar va teshiklardan o‘tadigan nervlarda rivojlanadi.
Umumiy ma’lumot
Birlamchi, ya’ni essensial nevralgiyada klinik tekshiruv boshqa kasalliklarni aniqlamaydi; ikkilamchi yoki simptomatik nevralgiyada yallig‘lanish, , o‘sma va nervga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan boshqa jarayonlar aniqlanadi.
Nevralgiya tananing istalgan qismida — boshdan oyoq uchigacha — paydo bo‘lishi mumkin. Ko‘p hollarda nevralgiya turli jarohatlar, infeksiyalar yoki shamollash kasalliklarining og‘ir shakllari oqibatida yuzaga keladi. Sovqotish — nevralgiya paydo bo‘lishining yana bir muhim sababidir. Kasallik uzoq davom etsa, nevralgiya nevrit bosqichiga o‘tadi, ya’ni nervda yaqqol tuzilmaviy o‘zgarishlar va sezuvchanlikning yo‘qolishi yuz beradi.
Nevralgiya turlari
Nevralgiyaning eng ko‘p uchraydigan turi — uch shoxli nerv nevralgiyasi; kamroq hollarda katta yoki kichik ensa nervlari hamda til-halqum nervlari nevralgiyasi uchraydi.
- Uch shoxli nerv nevralgiyasi — yuz jarohatlari, burun yondosh bo‘shliqlarining yallig‘lanishi, kasallangan tishlar yoki noto‘g‘ri tishlash oqibatida yuzaga keladigan nevralgiya turidir. Bunday nevralgiyadagi og‘riq xuruji istalgan vaqtda boshlanishi mumkin. Og‘riq issiq yoki sovuq ovqat, baland tovush, yorqin yorug‘lik ta’sirida yoki tish tozalash vaqtida paydo bo‘lishi mumkin. Bemor burnining uchiga, milkiga yoki yuqori labiga tegsa — bu ham og‘riq xurujini keltirib chiqarishi mumkin. Yuz terisining qichishishi va chumoli yurgandek jimirlash hissi xuruj boshlanishidan darak beradi. Shundan so‘ng bir necha daqiqa davom etadigan keskin og‘riq paydo bo‘ladi. Uch shoxli nerv nevralgiyasi xuruji vaqtida bemor og‘riq tufayli hatto og‘zini ham ocha olmaydi.
- Qovurg‘alararo nevralgiyada bemorda qovurg‘alar sohasida kuchli og‘riq paydo bo‘ladi. Bu og‘riq yo‘tal yoki aksirish paytida kuchayadi. Ko‘pincha nevralgiyaning bu turi ko‘krak umurtqa pog‘onasi osteoxondrozi.
- Sonning tashqi teri nervi nevralgiyasi sonning tashqi qismidagi og‘riq bilan kechadi. Bunday kasallikda bemor terida achishish va uvishishni his qiladi. Og‘riq xuruji bemorning har qanday harakati paytida kuchayadi.
- Qanot-tanglay tuguni nevralgiyasi ko‘pincha to‘satdan, tunda boshlanadi. Xuruj 2—3 soatdan ikki haftagacha davom etishi mumkin. Bu vaqt davomida bemor tanglay, chakka, ko‘z va bo‘yin sohalarida juda kuchli og‘riq sezadi. Ayrim hollarda og‘riq hatto qo‘l kaftlarigacha tarqaladi.
- Til-halqum nervi nevralgiyasi. Nevralgiyaning bu turi juda kam uchraydi. Xurujning dastlabki belgisi — halqumda paydo bo‘lib, quloq va pastki jag‘ga tarqaladigan og‘riq.
- Ensa nervi nevralgiyasida bemor ensadan chakkalarga, shuningdek, ko‘z sohasiga tarqaladigan og‘riqni sezadi. Eng asosiy belgi — yo‘tal yoki boshni harakatlantirish fonida paydo bo‘ladigan, chidab bo‘lmas darajadagi lo‘qillovchi bosh og‘rig‘i. Xuruj vaqtida harakatlanish bemorda hatto qusishni ham keltirib chiqarishi mumkin.
Alomatlar
Nevralgiya paytidagi og‘riqlar xuruj tarzida kechadi va vegetativ-qon tomir buzilishlari bilan birga kuzatiladi (teri qizarishi, ko‘z yoshlanishi va boshqalar), ba’zan esa — og‘riqli tik — mushaklarning mahalliy tirishishlari. Boshqa hollarda og‘riq uzluksiz tus oladi va faqat og‘riq qoldiruvchi dori qabul qilingandan keyin yo‘qoladi.
Davolash
Ikkilamchi nevralgiyada — asosiy kasallikni davolash; birlamchi nevralgiyada esa — inʼeksiyalar orqali novokain yuborish, shuningdek, B guruhi vitaminlarini qo‘llash.
Uch shoxli nerv nevralgiyasini davolashda qo‘llanadigan maxsus vosita — tutqanoqqa qarshi preparatlar. Bu preparatlar ko‘pincha og‘riqni kamaytiradigan yagona samarali vosita bo‘lib chiqadi. Odatda karbamazepin preparatlari qo‘llanadi. Davolash simptomlar to‘liq yo‘qolguniga qadar uzoq davom etadi.