Hiqildoq shishi nima

Hiqildoq shishi (lot. oedema laryngitis) — shilliq osti qavatida suyuqlikning tez to‘planishi quyidagi tuzilmalarda kuzatiladi: hiqildoq usti tog‘ayi, hiqildoq usti burmalari va ovoz boylamlarida. Natijada ovoz tirqishi keskin torayadi, hiqildoqning faoliyati buziladi va oqibatda gipoksiya yuzaga keladi.

Hiqildoq shishining rivojlanishiga uning o‘zida yoki halqumda kechadigan yallig‘lanish jarayoni sabab bo‘ladi. Shish ko‘plab kasalliklar rivojlanishi tufayli ham paydo bo‘lishi mumkin. Boshqacha aytganda, bu holat mustaqil kasallik emas va har doim boshqa muammolar mavjudligidan dalolat beradi.

Shishning sabablari

Tibbiyotda patologiya ikki turga bo‘linadi: yallig‘lanishsiz va yallig‘lanishli. Yallig‘lanishli turga quyidagilar kiradi:

  • yiringli jarayonlar rivojlanadigan soha — burun-halqum;
  • tog‘aylardagi yallig‘lanish jarayoni;
  • yuqumli kasalliklar, masalan, sifilis yoki sil;
  • o‘tkir infeksiyalar, masalan, qizamiq, skarlatina va boshqalar.

Yallig‘lanishsiz shishning sababi mexanik shikastlanish, shuningdek, yot jismning tiqilib qolishi bo‘lishi mumkin. Bunday holatlar ko‘pincha kichik yoshdagi bolalarda uchraydi: ular ehtiyotsizlik oqibatida mayda buyumlarni yutib yuboradilar. Yallig‘lanishsiz shish sabablari qatoriga allergiya ham kiradi. U organizmning biror modda yoki boshqa omilga javob reaksiyasi sifatida yuzaga keladi.

Hiqildoq shishi oqibatida sianoz va venalarning varikoz kengayishi kuzatiladi, shu bilan birga hiqildoqda xirillash bilan kechadigan nafas qisishi tez kuchayadi.

Alomatlar

Shishning belgilaridan biri — huruvchi yo‘tal. Hiqildoq shishganini quyidagi belgilar orqali aniqlash mumkin:

  • bo‘g‘ilishning tobora kuchayishi;
  • ovozning bo‘g‘ilishi;
  • yutganda og‘riq;
  • tomoqda yot jism bordek sezish.

Bemor nafaqat nafas olishda, balki nafas chiqarishda ham qiynaladi. Tilcha, yumshoq tanglay va tanglay bodomchalari shishadi. Agar bemorda Kvinke shishi kuzatilsa, alomatlar ham shunday bo‘ladi, biroq yuz, lablar va tananing boshqa qismlarida ham shish paydo bo‘ladi.

Birinchi yordam

Hiqildoq shishi paydo bo‘lsa, birinchi navbatda tez yordam chaqirish kerak, aks holda bemor vafot etishi mumkin. Tez yordam yetib kelguniga qadar bir qator zarur choralarni ko‘rish lozim:

  1. Bo‘yin atrofini bo‘shatish. Bemorning nafas olishini qiyinlashtiradigan narsalarni olib tashlash uchun sharf va galstukni yechish, kiyim tugmalarini ochish va hokazo kerak.
  2. Allergenlarni bartaraf etish. Agar shish allergiya tufayli yuzaga kelgan bo‘lsa, keyinchalik allergenlar ta’siridan saqlanish lozim.

Birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha qolgan barcha choralar mutaxassis tomonidan bajariladi. Shu sababli tez yordam kelishini kutish va bemorning holatini barqaror saqlash kerak.

Hiqildoq shishi nima sababdan rivojlanishidan qat’i nazar, uni imkon qadar tez aniqlash va tegishli choralarni ko‘rish muhim. Aks holda, oqibatlari og‘ir bo‘lishi mumkin.

Hayvonlarda hiqildoq shishi

Hiqildoq shishining yallig‘lanishli, dimlanishli va toksik turlari farqlanadi. Yallig‘lanishli shish juda tez rivojlanadi, bu esa ovoz tirqishining keskin torayishiga va buning natijasida bo‘g‘ilish (asfiksiya) yuzaga keladi. Kasal hayvonlarning umumiy ahvoli keskin yomonlashadi, to‘satdan nafas olishda qiyinchilik (инспираторная одышка) va hushtaksimon nafas paydo bo‘ladi, hiqildoq sohasi sezgirligi ortadi. Hayvonlar qo‘rqib ketgandek ko‘rinadi, oyoqlarini ikki tomonga kerib turadi. Ular burun teshiklarini keng ochgan holda yoki og‘iz orqali nafas oladi. Ko‘zga ko‘rinadigan shilliq pardalar ko‘kimtir tusga kiradi, yurak yetishmovchiligi tez kuchayadi, bemorning terisini ter bosadi, tana harorati ko‘tariladi. Hiqildoq shishi ko‘pincha dastlabki alomatlar paydo bo‘lganidan keyin 1—2 soat ichida o‘lim bilan yakunlanadi. Bu kasallikni fibrinoz laringit va kelib chiqishi boshqa bo‘lgan infeksion jarayonlardan (kuydirgi, itlarda uchraydigan quturish va hokazo) farqlash lozim.