
Triskedekafobiya (yoki terdekafobiya, treyskaydekafobiya, nomi qadimgi yunoncha τρεισκαίδεκα, triskedeka — o‘n uch va φόβος — qo‘rquv so‘zlaridan olingan) — patologik darajadagi qo‘rquv bo‘lib, uning obyekti 13 soni. Bu qo‘rquv tarixan diniy xurofotlar bilan bog‘liq irim-sirim hisoblanadi. 13-sanaga to‘g‘ri keladigan juma kunidan o‘ziga xos qo‘rqish holati paraskevidekatriafobiya (nomi yunoncha Παρασκευή — juma, yunoncha δεκατρείς — o‘n uch va qadimgi yunoncha φόβος — qo‘rquv so‘zlaridan olingan) yoki friggatriskedekafobiya (nomi qadimgi skandinavcha Frigg — Frigg, qadimgi yunoncha τρεισκαίδεκα — o‘n uch va φόβος — qo‘rquv so‘zlaridan olingan) deb ataladi.
Sabablari
Bugungi kunda tadqiqotchilar orasida triskaydekafobiyaning kelib chiqishi haqida yagona fikr yo‘q. Eng keng tarqalgan taxminga ko‘ra, 13 soniga salbiy munosabatda bo‘lishning sababi uning 12 — ko‘plab xalqlarda muqaddas hisoblangan sondan katta ekani va qandaydir noma’lum hamda xavfli narsani anglatganidir.
Bundan tashqari, Bibliyada 13 soni bilan bilvosita bog‘liq rivoyat mavjud. Unga ko‘ra, so‘nggi kechki ovqatda Yahudo Iskariot, ya’ni Isoga xiyonat qilgan havoriy, dasturxon atrofida o‘n uchinchi bo‘lib o‘tirgan. Ushbu rivoyat bilan XIX asrda Yevropa va AQShda 13 soniga oid eng keng tarqalgan irim bog‘lanadi: agar dasturxon atrofida 13 kishi yig‘ilsa, ulardan biri ovqatlanishdan keyingi bir yil ichida vafot etadi. Keyinchalik xristianlikda quyidagi apokrifik (rasmiy diniy manbalarga kiritilmagan) e’tiqod tarqalgan: Shayton 13-farishta bo‘lgan.
Boshqa bir taxminga ko‘ra, bu qo‘rquv qisman yahudiy taqvimida (Oy-quyosh taqvimi) ayrim yillar 13 oydan iborat ekani bilan ham bog‘liq. Quyoshga asoslangan Grigoriy taqvimi va Oyga asoslangan islom taqvimida esa yil doimo faqat 12 oydan iborat bo‘ladi.
Bundan tashqari, XIII raqamli karta Taro kartalari dastasida o‘limni anglatadi.
Misollar

Triskaydekafobiyaning eng qadimgi misoli sifatida Mesopotamiyadagi Hammurapi qonunlari to‘plami (taxminan miloddan avvalgi 1780-yil) keltirilishi mumkin, degan e’tiqod keng tarqalgan. Go‘yoki unda 13-modda yo‘q. Aslida esa ushbu to‘plamda 13-modda mavjud.
Ba’zi binolarda (masalan, Nyu-Yorkdagi mehmonxonalarda) triskaydekafobiyaga chalingan kishilarni bezovta qilmaslik uchun qavatlar o‘zgacha raqamlanadi: 12-qavatdan keyin darhol 14-qavat kelishi mumkin yoki binoda 12A va 12B qavatlar bo‘lishi mumkin, yoxud 13-qavat texnik maqsadlarda, masalan, isitish uskunalari va konditsionerlarni o‘rnatish uchun ishlatiladi. Masalan, Nyu-York Federal zaxira banki binosida uzoq vaqt davomida shiftlari juda baland 12-qavat eng yuqori qavat bo‘lgan. Keyinchalik u baribir 2 ta qavatga ajratilgan. Ba’zan bu uylar va xonalar raqamlariga ham taalluqlidir.
Takomillashtirilgan nemis qiruvchi samolyoti — Ikkinchi jahon urushi davridagi He.112 modeli He.100 deb belgilangan, chunki oldindan omadsiz hisoblangan He.113 nomidan qochishga harakat qilingan. Adolf Gitler ham triskaydekafobiyadan aziyat chekkan. Pokrishkin 1943-yilda fyuzelyajida 13 taktik raqami tushirilgan «Aerokobra» samolyotini hech kim olishni istamaganida: «Bajonidil olaman. U ular uchun omadsiz bo‘ladi!» degan.
Ko‘plab uchuvchilarning irimchi ekani sababli AQShda hech qachon F-13 raqamli qiruvchi samolyot bo‘lmagan. YF-12 modelidan (SR-71 samolyotining qiruvchi modifikatsiyasi prototipidan) keyin darhol F-14 samolyoti kelgan. Ko‘plab aviakompaniyalar yo‘lovchi samolyotlaridagi o‘rindiqlarni raqamlashda o‘n uchinchi qatordan qochadi (14-qator darhol 12-qatordan keyin keladi).
«Apollon-13» 13:13 da, Sharqiy yozgi vaqt bo‘yicha, 11-aprel 1970-yilda 39-sonli uchirish majmuasidan (uch karra o‘n uch) uchirilgan va Oy atrofidagi orbitaga 13-aprelda chiqishi kerak bo‘lgan.
Zamonaviy «Formula-1» musobaqalarida 13-raqamli bolid bo‘lmagan. Ko‘pincha 13-raqamning Gran-pri avtopoygalari start ro‘yxatlaridan chiqarib tashlanishi quyidagicha izohlanadi: 1925 va 1926-yillarda o‘n uchinchi raqamli avtomobillar ishtirokida uchta avariya yuz bergan. Biroq bu izohni to‘liq ishonchli deb hisoblab bo‘lmaydi.
Keyinchalik, 2014-yilda FIA «Formula-1» poygachilariga har mavsumda raqam tayinlash o‘rniga butun faoliyati davomida ishlatiladigan raqamni tanlashga ruxsat berdi (amaldagi jahon chempioni uchun ajratilgan 1-raqam bundan mustasno). 13-raqamni tanlagan poygachi — venesuelalik Pastor Maldonado (Lotin Amerikasida, xususan, Venesuelada 13 soni omadli hisoblanadi).

Avstriyalik bastakor Arnold Shyonberg triskaydekafobiyadan aziyat chekkan. Aynan shuning uchun uning so‘nggi operasi «Muso va Aron» («Moses und Aron») deb nomlangan, to‘g‘ri shakli esa «Muso va Aaron» («Moses und Aaron») bo‘lishi kerak edi: asl tildagi to‘g‘ri nom o‘n uchta harfdan iborat. U oyning 13-kunida tug‘ilgan (va tasodif taqozosi bilan shu sanada vafot etgan), buni butun umri davomida yomon alomat deb hisoblagan. Bir safar u 13-raqamli uyni ijaraga olishdan qat’iyan bosh tortgan. Bastakor 76 yoshga to‘ladigan kundan qo‘rqqan, chunki bu raqamlar yig‘indisi o‘sha mash’um 13 soniga teng. Ko‘pchilikka ma’lum rivoyatga ko‘ra, Shyonberg 76 yoshida 13-sanaga to‘g‘ri kelgan juma kunidan dahshatli darajada qo‘rqqan. Bu sana 13-iyul, 1951-yil edi. Mish-mishlarga ko‘ra, o‘sha kuni u kutilayotgan o‘limiga tayyorlanib, kun bo‘yi to‘shakda yotgan. Xotini erini o‘rnidan turishga va «bu bema’nilikni bas qilishga» ko‘ndirmoqchi bo‘lgan. Ammo u faqat «garmoniya» so‘zini aytib, vafot etganida xotini qattiq larzaga tushgan. Arnold Shyonberg 23:47 da, yarim tungacha 13 daqiqa qolganida vafot etgan.
Amerikalik bard (qo‘shiqchi-muallif) Jon Meyer «Room for Squares» nomli 14 ta qo‘shiqdan iborat albom chiqargan. Biroq o‘n uchinchi kompozitsiya atigi 0.2 soniya davom etadi va shunchaki sukunatdan iborat. O‘n uchinchi kompozitsiya hatto albom muqovasida ham tilga olinmagan. Xuddi shunday, 13 sonini chetlab o‘tgan yana bir guruh — Hot Hot Heat. Uning «Elevator» albomida o‘n uchinchi trek qo‘shiqlar ro‘yxatida ko‘rsatilmagan, yozuvda esa uning o‘rniga 4 soniyalik turli shovqinlar berilgan.
Ispaniyalik motopoygachi Anxel Nyeto o‘zining aytishicha, 12+1 marta g‘olib bo‘lgan — mototsikl sporti bo‘yicha jahon chempionatlarida. Uning hayoti haqidagi film ham shunday nomlangan — «12+1».
Shu bilan birga, buning aksi bo‘lgan misollar ham bor. Masalan, shaxmatchi Garri Kasparov 13 sonini doimo o‘zining omadli soni deb hisoblagan, o‘n uchinchi partiyalarni hamisha hujumkor uslubda o‘ynagan, 1985-yilda esa jahon chempionligi uchun bahsda Anatoliy Karpov ustidan 13:11 hisobida g‘alaba qozonib, shaxmat bo‘yicha o‘n uchinchi jahon chempioni bo‘lgan. Nemis futbolchisi Mixael Ballak va uning urugvaylik hamkasbi Sebastyan Abreu, shuningdek, italiyalik futbolchi Alessandro Nesta faoliyatining katta qismida klublar va terma jamoalar tarkibida 13-raqam ostida o‘ynagan. Kanadalik basketbolchi Stiv Nesh NBA dagi faoliyatining deyarli barchasini (oxirgi uch yilni hisobga olmaganda) 13-raqamli maykada o‘tkazgan. Ushbu sonni o‘zi uchun omadli deb hisoblagan yana bir inson — S. P. Kapitsa.
Italiya va Xitoy madaniyatlarida 13 soni an’anaviy ravishda omadli hisoblanadi.
Microsoft Office 2007 dan (u o‘n ikkinchi versiya edi) keyin o‘n to‘rtinchi dasturiy to‘plam (Microsoft Office 2010) e’lon qilingan. Shuningdek, Pinnacle Studio 13 va VMware Workstation 13 versiyalari ham chiqarilmagan.
ABBYY Lingvo 12 dan keyin ABBYY Lingvo x3 chiqarilgan, uning ichki versiya raqami 14 edi.
1C-Bitrix CMS tizimining o‘n uchinchi versiyasi chiqarilmagan, 12.5-versiyadan keyin darhol 14-versiya chiqarilgan.
Shuningdek, elektropoyezdlarni raqamlashda 13 soni tashlab ketilgan — EM2 (ER2 elektropoyezdining modernizatsiya qilingan turi). Dastlab EM2-013 sifatida ishlab chiqarilgan poyezd tarkibining raqami irim-sirimlar tufayli EM2-015 ga o‘zgartirilgan.
O‘xshash fobiyalar
- Tetrafobiya, ya’ni 4 sonidan qo‘rqish — Xitoy, Yaponiya va Koreyadagi mehmonxonalar va shifoxonalarda to‘rtinchi qavatlar kam uchraydi. Xitoy tilida «to‘rt» soni 四 va «o‘lmoq» fe’li 死 — omofonlar (talaffuzi bir xil so‘zlar), Yaponiya va Koreyada esa ushbu so‘zlar xitoy tilidan o‘zlashtirilgan.
- Italiyada keng tarqalgan geptadekafobiya (17 sonidan qo‘rqish)
- 39 sonidan qo‘rqish — Afg‘onistonda
- Geksakosioygeksekontageksafobiya, ya’ni 666 sonidan, boshqacha aytganda, mahluq sonidan qo‘rqish.
Adabiyotlar
- Laxenmeyer, Nataniel (2004). 13: Dunyodagi eng keng tarqalgan irim-sirim tarixi. Nyu-York: Four Walls Eight Windows. ISBN 1-56858-306-0.