Parafaziya nima

Parafaziya
KXT-10 R47.0

Parafaziya (eskirgan atama: paraphrasia; para- + yunoncha phrasis — nutq, nutq ifodasi) — nutqning mazmuni va grammatik tuzilishi yo‘qolishi hamda sun’iy ravishda yaratilgan so‘zlarning qo‘llanishi bilan ifodalanadigan nutq buzilishidir. Parafaziya afaziyaga (ilgari mavjud bo‘lgan nutqning yo‘qolishiga) xos hodisadir. Afaziyaning asosiy belgisi fikrni nutq orqali ifodalashning buzilishi, to‘g‘ri harflar va bo‘g‘inlarning boshqalari bilan almashtirilishidir. Parafaziyasi bor odam gapdagi to‘g‘ri so‘zlarni shu o‘rinda va muayyan vaziyatda mutlaqo tushunarsiz hamda g‘ayritabiiy bo‘lgan so‘zlar bilan almashtiradi.

Kelib chiqish sabablari

Parafaziya turli yoshdagi odamlarda uchrashi mumkin. Katta yoshdagi odamlarda bu buzilishning kelib chiqish sabablari:

  1. bosh miyada qon aylanishining buzilishi
  2. bosh miyani zararlaydigan yuqumli kasalliklar
  3. jarohatlar
  4. tromboemboliyalar oqibatlari
  5. anevrizmalarning yorilishi
  6. bosh miya o‘smalari va kistalari

Bolalik davrida yuqorida sanab o‘tilgan sabablarga quyidagilarni ham qo‘shish lozim:

  1. homila gipoksiyasi (kislorod yetishmovchiligi)
  2. onaning homiladorlik davrida jarohatlanishi
  3. homiladorlikning o‘z-o‘zidan uzilishi
  4. yangi tug‘ilgan chaqaloq asfiksiyasi (bo‘g‘ilishi)
  5. tug‘ruq vaqtida olingan jarohat
  6. onaning homiladorlik davridagi somatik (jismoniy) kasalliklari
  7. bachadon ichida infeksiya yuqishi.

Buzilish turlari

  • Verbal parafaziya — ko‘pincha akustik-mnestik afaziyada uchraydigan patologik hodisa. Bunda kerakli so‘z u bilan bir xil assotsiativ maydonga mansub boshqa so‘z bilan almashtiriladi (masalan, stol so‘zi o‘rniga stul so‘zi ishlatiladi).
  • Literal parafaziya — afaziya natijasida yuzaga keladigan, so‘z tarkibidagi tovush yoki harfning boshqa tovush yoki harf bilan almashtirilishi bo‘lib, og‘zaki nutqda ham, yozma nutqda ham namoyon bo‘ladi. Shikastlanish o‘chog‘ining joylashuviga qarab literal parafaziya o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘ladi. Masalan, sensor afaziyada fonematik jihatdan yaqin tovushlar yoki harflar bir-birining o‘rniga ishlatiladi («s» o‘rniga «z», «b» o‘rniga «p»). Afferent motor afaziyada esa talaffuz usuli jihatidan bir-biriga yaqin elementlar bilan almashtirish kuzatiladi («l» o‘rniga «n», «m» o‘rniga «b»).
  • Ko‘zgusimon parafaziya — bunda bemor so‘zning boshi va oxirini to‘g‘ri, o‘rta qismini esa o‘ngdan chapga qarab talaffuz qiladi.