Xudoyorxon saroyi

Xudoyorxon saroyi
o‘zb. Xudoyorxon saroyi
40°32′19″ sh. k. 70°56′16″ sh. u.HGYaO
Turi saroy
Mamlakat  O‘zbekiston
Shahar Qo‘qon
Bunyodkori Mir Ubaydullo Muhandis
Asoschisi Xudoyorxon
Asos solingan sana 1870-yil
Qurilishi 1865—1870 yillar
Mashhur yashovchilari Xudoyorxon
Maqomi Tarix va madaniyat yodgorligi
Логотип Викисклада Vikimedia Commonsdagi mediafayllar

Xudoyorxon saroyi (Qo‘qon o‘rdasi) (o‘zb. Xudoyorxon saroyi) — sobiq xon saroyi. Manzili: Qo‘qon, O‘zbekiston.

Xudoyorxon davrida bunyod etilgan yettinchi xon saroyi. Xudoyorxon esa Qo‘qon xonligini 1845-yildan 1875-yilgacha boshqargan. Saroy jahon tarixiy merosi ro‘yxatiga kiritilgan hamda O‘zbekistonning tarix va madaniyat yodgorligi hisoblanadi. Unda tashrif buyuruvchilarni o‘lka va saroy tarixi bilan tanishtiruvchi Qo‘qon o‘lkashunoslik muzeyi joylashgan.

Qurilishi

Saroy qurilishi Muhammad Alixon hukmronligi davrida, Xudoyorxon tug‘ilishidan oldin boshlangan. Muhammad Alixon 1822-yilda 14 yoshida taxtga o‘tirgan, davlat ishlarining bir qismini uning nomidan onasi Nodira boshqargan. Nodira mashhur o‘zbek shoirasi, ilm-fan va san’at homiysi bo‘lgan. Saroy qurilishi aynan uning davrida boshlangan. Noma’lum sabablarga ko‘ra qurilish ko‘p o‘tmay to‘xtatilgan. 1863-yilda Xudoyorxon davrida ishlar qayta boshlangan. Saroy to‘rt yil davomida qurilgan.

Xudoyorxon davridagi saroy qurilishiga me’mor usta Mir Ubaydullo Muhandis rahbarlik qilgan. Pardozlash ishlarida xonlikning turli shaharlari va Qashqardan kelgan eng mohir ustalar qatnashgan. Fasad bezagidagi sopol koshinlarni qadimiy kulolchilik markazi bo‘lgan Rishton hunarmandlari tayyorlagan.

Tarixi

1876-yilda saroyni Qo‘qonga kirib kelgan Rossiya imperiyasi armiyasi egallagan. Qo‘qon xonligi tugatilgan, saroyda rus garnizoni joylashgan. Keyinchalik bu yerda o‘g‘il va qiz bolalar uchun cherkov-qavm maktablari ochilgan, taxt zalida esa pravoslav cherkovi faoliyat yuritgan.

Keyinchalik, Oktabr inqilobidan so‘ng, 1920-yillarda bu yerga Qo‘shchi — mehnatkash dehqonlarning ommaviy tashkiloti boshqaruvi joylashtirilgan. 1924-yilda saroyda Farg‘ona viloyatining qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasi ochilgan. Bir yil o‘tib, 1925-yilda shu ko‘rgazma negizida Qo‘qon o‘lkashunoslik muzeyini tashkil etishga qaror qilingan. Ikkinchi jahon urushi yillarida saroyda harbiy gospital joylashgan.

Restavratsiya

2009-yilda saroyni restavratsiya qilish ishlari boshlangan. Asosiy binoning fasadi o‘ng qismi to‘liq tiklangan. Kichik va katta taxt zallari hamda boshqa xonalar devorlarini bezab turgan naqshlar dastlabki yorqin ranglariga qaytgan. Yog‘och o‘ymakorligi ustalari bir nechta yangi eshik va sakkizta ustunni qaytadan yasagan. Muzey infratuzilmasi yaxshilangan.

2011-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Qo‘qon shahrining me’moriy qiyofasi va shahar infratuzilmasini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, saroy majmuasini ikkinchi marta restavratsiya qilish va maydonni obodonlashtirish rejalashtirilgan. Saroy atrofiga milliy naqshlar bilan bezatilgan metall to‘siqlar o‘rnatilgan, saroyning shimoli-g‘arbiy qismi buzib tashlangan va o‘lkashunoslik muzeyi qayta jihozlangan.

Tavsifi

Saroyning umumiy maydoni 4 gektar, poydevorining balandligi uch metr. Poydevor baland bo‘lgani sababli sharq tomondagi asosiy darvozaga kirish uchun maxsus ko‘tarma yo‘l — pandus.

Kirish joyidagi bosh peshtoqning yuqori qismida arab tilida o‘yib bitilgan yozuv bor: «Said Muhammad Xudoyorxonning oliy saroyi». Bu yozuv mohirona bezatilgan eshiklardagi naqshlar bilan uyg‘unlashgan. O‘ng tomonda sopol plitalar bilan qoplangan minora joylashgan. Minoraning tag qismi va o‘rtasida mayolika uslubidagi halqasimon naqshlar ishlangan. Dastlab saroyning uzunligi 138 metr, eni 65 metr bo‘lgan. Saroy 100 dan ortiq xona joylashgan 7 ta saroydan iborat edi. Ko‘plab xonalar yog‘och va ganch o‘ymakorligi, zarhallangan karnizlar hamda tempera bo‘yoqlari bilan chizilgan naqshlar va alebastrdan quyilgan bezaklar bilan bezatilgan. Eng hashamatli joylar taxt zali va qabulxona bo‘lib, xazina, moliya xazinasi hamda qurol-yarog‘ ombori ham shu yerda joylashgan. Xon xonlik fuqarolari ustidan sud qiladigan alohida zal ham bo‘lgan. Saroyda Xudoyorxon va uning xotinlari uchun shaxsiy xonalar, farzandlari uchun esa hashamat bilan bezatilgan xonalar ajratilgan. Haram hovlilardan birida joylashgan. Kichik xonalarda saroyga xizmat qiluvchi ko‘plab asir qullar yashagan.

Devor va shiftlardagi yorqin pannolar naqshli manzaralar, Qur’ondan olingan ko‘plab parchalar, faylasuflar va hukmdorlarning hikmatli so‘zlari bilan bezatilgan. Taxt zali, qabul hovlisi hamda xon va uning xotinlarining shaxsiy xonalari ayniqsa hashamatli bezaklari bilan ajralib turadi: zarhallangan karnizlar, devorlarda turli rang va shakldagi bo‘yoqli naqshlar, yog‘och gumbazlarda esa Sharq mavzusidagi o‘yma piktografik tasvirlar mavjud.

Saroy majmuasi ichki va tashqi devor-to‘siqlar bilan o‘ralgan edi. Ular saqlanib qolmagan, faqat ikkita hovli va 19 ta xona qolgan. Uzunligi 70 metr bo‘lgan fasad geometrik naqshlar, o‘simliksimon bezaklar va arabesklar bilan bezatilgan.

Saroy bezaklarida ganch o‘ymakorligi, naqshli rasmlar hamda moviy sopol koshinlar chetiga bitilgan Qur’on oyatlari uchraydi. Saroyning sharqiy qismida 100 ga 30 metr o‘lchamdagi katta masjid joylashgan bo‘lib, u bir vaqtlar madrasaga qarashli bo‘lgan.

Galereya