WPA (Wi-Fi tarmog‘iga himoyalangan kirish (Wi-Fi Protected Access)), WPA2 va WPA3 — simsiz aloqa qurilmalarini sertifikatlash uchun Wi-Fi Alliance tomonidan ishlab chiqilgan va simsiz Wi-Fi tarmog‘ini himoyalashga mo‘ljallangan dasturlardir. WPAning birinchi versiyasi WEP. WPAning afzalliklari — ma’lumotlar xavfsizligining kuchaytirilgani va simsiz tarmoqlarga kirishni nazorat qilishning qat’iylashtirilganidir. Yana bir muhim xususiyati — turli simsiz qurilmalar o‘rtasida ham apparat, ham dasturiy ta’minot darajasida moslik ta’minlanishidir.
WPAda 802.1X standarti, shuningdek, EAP (Extensible Authentication Protocol — kengaytiriladigan autentifikatsiya protokoli) qo‘llab-quvvatlanadi.
WPA2da shifrlash AES (Advanced Encryption Standard — takomillashtirilgan shifrlash standarti) standartiga muvofiq amalga oshiriladi. Ushbu standart WEPda ishlatilgan RC4 algoritmiga nisbatan bir qator afzalliklarga, jumladan, ancha mustahkam kriptografik algoritmga ega.
WPAni joriy etishning katta afzalligi — texnologiyaning mavjud Wi-Fi apparat ta’minotida ham ishlash imkoniyatidir.
WPAning ayrim o‘ziga xos xususiyatlari:
- takomillashtirilgan shifrlash sxemasi — RC4
- majburiy autentifikatsiya uchun EAP protokolidan foydalanish.
- xavfsizlikni markazlashtirilgan boshqarish tizimi va uni amaldagi korporativ xavfsizlik siyosatlarida qo‘llash imkoniyati.
Foydalanuvchilarni autentifikatsiya qilish
Wi-Fi Alliance WPAning mohiyatini quyidagicha ifodalaydi:
WPA = 802.1X + EAP + TKIP + MIC
WPA, mohiyatan, bir nechta texnologiyaning yig‘indisidir.
WPA standartida foydalanuvchilarni autentifikatsiya qilish mexanizmining asosi sifatida kengaytiriladigan autentifikatsiya protokoli (EAP) ishlatiladi. Autentifikatsiyaning majburiy sharti — foydalanuvchining tarmoqqa kirish huquqini tasdiqlovchi guvohnoma (boshqacha aytganda, vakolat ma’lumotlari)ni taqdim etishidir. Foydalanuvchining ushbu huquqi ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar haqidagi maxsus ma’lumotlar bazasi orqali tekshiriladi. Autentifikatsiyadan o‘tmagan foydalanuvchining tarmoqdan foydalanishiga ruxsat berilmaydi. Katta tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar bazasi va tekshiruv tizimi, odatda, maxsus serverda (ko‘pincha RADIUS).
WPAning soddalashtirilgan rejimi ham mavjud. U Pre-Shared Key (WPA-PSK, oldindan ulashilgan kalit) deb ataladi. PSK rejimidan foydalanilganda bitta parol simsiz tarmoqning har bir alohida tuguni uchun kiritilishi kerak (simsiz marshrutizatorlar, kirish nuqtalari, ko‘priklar va mijoz adapterlari). Agar parollar ma’lumotlar bazasidagi yozuvlarga mos kelsa, foydalanuvchiga tarmoqqa kirishga ruxsat beriladi.
Shifrlash
WPAning oldingi avlodi bo‘lgan WEPda foydalanuvchilarni autentifikatsiya qilish mexanizmlari yo‘qligini hisobga olmaganda ham, uning ishonchsizligi, avvalo, shifrlash algoritmining kriptografik zaifligi bilan bog‘liq. WEPning asosiy muammosi — turli ma’lumot paketlari uchun bir-biriga juda o‘xshash kalitlardan foydalanilishidir.
TKIP, MIC va 802.1X (WPA tarkibiy qismlari) WPA qo‘llanadigan tarmoqlarda uzatilayotgan ma’lumotlarning shifrlanishini kuchaytirdi.
TKIP kalit uzunligini 40 dan 128 bitgacha oshiradi, shuningdek, WEPning bitta statik kalitini autentifikatsiya serveri avtomatik ravishda yaratib, tarqatadigan kalitlar bilan almashtiradi. Bundan tashqari, TKIPda kalitlarning maxsus iyerarxiyasi va ularni boshqarish usuli qo‘llanadi. Bu WEP kalitlari himoyasini ruxsatsiz buzishda foydalanilgan ortiqcha oldindan taxmin qilinish imkoniyatini bartaraf etadi.
Server foydalanuvchidan sertifikat olgach, autentifikatsiya jarayonida 802.1X yordamida aloqa seansi uchun noyob asosiy kalit yaratadi. TKIP yaratilgan kalitni foydalanuvchi va kirish nuqtasiga uzatadi, so‘ngra kalitlar iyerarxiyasi hamda ularni boshqarish tizimini shakllantiradi. Buning uchun ikki tomonlama kalit asosida ma’lumotlarni shifrlash kalitlari dinamik ravishda yaratiladi; bu kalitlar esa har bir ma’lumot paketini shifrlashda ishlatiladi. TKIPning bunday kalitlar iyerarxiyasi WEPning bitta (statik) kalitini ayni ma’lumot paketini shifrlash uchun qo‘llanishi mumkin bo‘lgan 500 milliard xil kalit bilan almashtiradi.
Yana bir muhim mexanizm — xabarlarning yaxlitligini tekshirish (Message Integrity Check, MIC). U ma’lumot paketlari tutib olinib, tarkibi o‘zgartirilganidan so‘ng o‘zgartirilgan paketlarning tarmoqqa qayta uzatilishining oldini olish uchun qo‘llanadi. MIC jo‘natuvchi va qabul qiluvchi tomonda ishlatiladigan kuchli matematik funksiyaga asoslanadi; keyin olingan natijalar taqqoslanadi. Agar tekshiruv hisoblash natijalari mos kelmasligini ko‘rsatsa, ma’lumotlar noto‘g‘ri deb topiladi va paket rad etiladi.
Shu bilan birga, WPA va WPA-PSKda ishlatiladigan shifrlash mexanizmlari bir xil. WPA-PSKning yagona farqi shundaki, autentifikatsiya foydalanuvchi sertifikati bilan emas, parol yordamida amalga oshiriladi.
WPA2
WPA2 IEEE 802.11i standarti bilan belgilanadi. Bu standart 2004-yil iyun oyida qabul qilingan va WPAning o‘rnini egallashga mo‘ljallangan. Unda CCMP hamda AES shifrlashi joriy etilgan. Shu sababli WPA2 avvalgi versiyasidan xavfsizroq bo‘ldi. 13-mart 2006-yildan boshlab WPA2ni qo‘llab-quvvatlash barcha sertifikatlangan Wi-Fi qurilmalari uchun majburiy shart hisoblanadi.
WPA3
2018-yil boshida xalqaro Wi-Fi Alliance alyansi eng yangi simsiz aloqa xavfsizligi protokoli — WPA3ni e’lon qildi. Mazkur protokolning asosiy yangiliklari quyidagilardan iborat: qo‘pol kuch bilan parolni topishga qaratilgan hujumlardan (brute-force attacks) himoyalovchi o‘rnatilgan mexanizm; ochiq Wi-Fi tarmoqlarida foydalanuvchilar maxfiyligini kuchaytirish uchun ma’lumotlarni individual shifrlash; IoT qurilmalarini sozlashni soddalashtirish; Wi-Fi tarmoqlari uchun takomillashtirilgan kriptografik standart — «192 razryadli xavfsizlik to‘plami».
Zaifliklar
6-noyabr 2008-yilda PacSec konferensiyasida WPAda qo‘llanadigan TKIP kalitini 12—15 daqiqada buzish imkonini beruvchi usul taqdim etildi. Bu usul kirish nuqtasidan mijoz kompyuteriga uzatilayotgan ma’lumotlarni o‘qish, shuningdek, mijoz kompyuteriga soxta ma’lumot yuborish imkonini beradi. Mijozdan marshrutizatorga uzatiladigan ma’lumotlarni esa o‘sha paytda o‘qishning imkoni bo‘lmagan. Hujum muvaffaqiyatli amalga oshishi uchun yana bir shart — QoS funksiyasining marshrutizatorda yoqilgan bo‘lishi.
2009-yilda Xirosima universiteti va Kobe universiteti xodimlari Tosihiru Oigasi hamda Masakatu Morii WPA orqali o‘rnatilgan istalgan ulanishni cheklovlarsiz buzishga imkon beradigan yangi hujum usulini ishlab chiqib, amalda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdilar. Eng yaxshi holatda bunday buzish 1 daqiqa vaqt oladi.
Kalitni shifrlash uchun xavfsizroq AES standartidan foydalanadigan WPA ulanishlari, shuningdek, WPA2 ulanishlari bu hujumlarga uchramaydi.
23-iyul 2010-yilda Hole196 nomli WPA2 protokoli zaifligi haqida ma’lumot e’lon qilindi. Ushbu zaiflikdan foydalangan holda tarmoqda avtorizatsiyadan o‘tgan foydalanuvchi o‘z shaxsiy kaliti yordamida boshqa foydalanuvchilarning ma’lumotlarini deshifrlashi mumkin. Buning uchun kalitlarni buzish yoki qo‘pol kuch bilan kalitni topish (brute force) talab etilmaydi.
Shunga qaramay, 2017-yilgacha WPA2 PSKni buzishning asosiy usullari lug‘at asosidagi hujum va qo‘pol kuch usulidagi hujum (brute force) edi. Buning uchun simsiz tarmoq adapteri monitoring rejimida radioefirni skanerlab, kerakli paketlarni yozib oladi. Shundan so‘ng mijozni tarmoqdan majburan uzish orqali ulanish boshlanishidagi paket almashinuvi — «qo‘l siqish[ingl.]» (ingl. handshake) qayd etiladi yoki mijozning tarmoqqa o‘zi ulanishi kutiladi. Shundan so‘ng hujum qilinayotgan kirish nuqtasiga yaqin joyda bo‘lish zarurati qolmaydi. Hujum maxsus dastur va qo‘l siqish ma’lumotlari saqlangan fayl yordamida oflayn rejimda bajariladi.
2017-yil oktabr oyida WPA2ga qarshi kalitni qayta o‘rnatish hujumi e’lon qilindi. U KRACK deb nomlandi. Ushbu hujum nonce (bir martalik son) qiymatini qayta o‘rnatishga imkon beradi: AES-CCMP ishlatilganda ilgari yuborilgan paketlarni qayta uzatish va deshifrlash, WPAning TKIP va GCMP rejimlarida esa paketlarni deshifrlash hamda ulanishga yangi paketlarni kiritish mumkin bo‘ladi.
Havolalar
- Wi-Fi Alliance saytining WPA2ga bag‘ishlangan bo‘limi
- Wi-Fi Alliance o‘zaro moslik sertifikati (Interoperability Certificate)
- Wi-Fi Protected Access: bugungi Wi-Fi tarmoqlari uchun standartlarga asoslangan, kuchli va o‘zaro mos xavfsizlik.
- WPAda qo‘llab-quvvatlanadigan yangi EAP turlari haqidagi press-reliz (havola ishlamaydi)
- IEEE 802.11i-2004 standarti
- wpasupplicant paketidagi man (qo‘llanma) sahifalarining tarjimalari: wpa_background(8), wpa_supplicant(8), wpa_supplicant.conf(5), wpa_cli(8), wpa_action(8), wpa_passphrase(8)