WPA (Wi-Fi Protected Access), WPA2 va WPA3 — simsiz aloqa qurilmalarini sertifikatlashga mo‘ljallangan, Wi-Fi Alliance uyushmasi tomonidan simsiz Wi-Fi tarmoqlarini himoyalash uchun ishlab chiqilgan dasturlardir. WPA texnologiyasining birinchi versiyasi WEP texnologiyasining o‘rnini egalladi. WPAning afzalliklari — ma’lumotlarni yanada ishonchli himoyalash va simsiz tarmoqlarga kirishni qat’iy nazorat qilishdir. Uning yana bir muhim xususiyati — ko‘plab simsiz qurilmalarning apparat hamda dasturiy ta’minot darajalarida o‘zaro mos kelishidir.
WPA quyidagi standartni qo‘llab-quvvatlaydi: 802.1X, shuningdek, EAP protokolini (Extensible Authentication Protocol — kengaytiriladigan autentifikatsiya protokoli) ham qo‘llab-quvvatlaydi.
WPA2da shifrlash quyidagi standartga muvofiq amalga oshiriladi: AES (Advanced Encryption Standard — takomillashtirilgan shifrlash standarti). Bu standart WEPda qo‘llanadigan RC4 algoritmiga nisbatan bir qator ustunliklarga ega, masalan, uning kriptografik algoritmi ancha bardoshlidir.
WPAni joriy etishning katta afzalligi — texnologiyaning mavjud apparat vositalarida, jumladan, Wi-Fi qurilmalarida ham ishlay olishidir.
WPAning ayrim o‘ziga xos xususiyatlari:
- takomillashtirilgan shifrlash sxemasi — RC4
- majburiy autentifikatsiyada EAPdan foydalanish.
- xavfsizlikni markazlashgan holda boshqarish tizimi va undan amaldagi korporativ xavfsizlik siyosatlarida foydalanish imkoniyati.
Foydalanuvchilarni autentifikatsiyalash
Wi-Fi Alliance WPAning mohiyatini quyidagicha ifodalaydi:
WPA = 802.1X + EAP + TKIP + MIC
WPA mohiyatan bir nechta texnologiyaning yig‘indisidir.
WPA standartida foydalanuvchilarni autentifikatsiyalash mexanizmining asosi sifatida kengaytiriladigan autentifikatsiya protokoli (EAP) ishlatiladi. Autentifikatsiyadan o‘tishning majburiy sharti — foydalanuvchi tarmoqqa kirish huquqini tasdiqlovchi guvohnoma (mandat deb ham ataladi) taqdim etishidir. Bu huquqni tekshirish uchun foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilarning maxsus ma’lumotlar bazasi orqali tekshiruvdan o‘tadi. Autentifikatsiyadan o‘tmagan foydalanuvchiga tarmoqda ishlashga ruxsat berilmaydi. Katta tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar bazasi va tekshiruv tizimi, odatda, maxsus serverda (ko‘pincha RADIUS).
WPAning soddalashtirilgan rejimi ham mavjud. U Pre-Shared Key (WPA-PSK, oldindan ulashilgan kalit) deb ataladi. PSK rejimidan foydalanilganda simsiz tarmoqning har bir alohida tuguni uchun bitta parol kiritish kerak bo‘ladi (simsiz marshrutizatorlar, kirish nuqtalari, ko‘priklar va mijoz adapterlari). Parollar ma’lumotlar bazasidagi yozuvlarga mos kelsa, foydalanuvchiga tarmoqqa kirishga ruxsat beriladi.
Shifrlash
WPAning o‘tmishdoshi WEP foydalanuvchilarni autentifikatsiyalash mexanizmlariga ega emasligini hisobga olmaganda ham, uning ishonchsizligi, avvalo, shifrlash algoritmining kriptografik jihatdan zaifligida namoyon bo‘ladi. WEPning asosiy muammosi — turli ma’lumotlar paketlari uchun bir-biriga juda o‘xshash kalitlardan foydalanilishidir.
TKIP, MIC va 802.1X (WPA tarkibiy qismlari) WPA qo‘llanadigan tarmoqlarda uzatiladigan ma’lumotlarning shifrlanishini kuchaytirdi.
TKIP kalit uzunligini 40 bitdan 128 bitga oshiradi, shuningdek, WEPning yagona statik kaliti o‘rniga autentifikatsiya serveri avtomatik yaratadigan va tarqatadigan kalitlardan foydalanadi. Bundan tashqari, TKIPda kalitlarning maxsus iyerarxiyasi hamda ularni boshqarish usuli qo‘llanadi. Bu WEP kalitlaridagi himoyani ruxsatsiz chetlab o‘tish uchun foydalanilgan ortiqcha oldindan taxmin qilish imkoniyatini bartaraf etadi.
Server foydalanuvchidan sertifikat olgach, autentifikatsiya jarayonida 802.1X orqali aloqa seansi uchun noyob asosiy kalitni yaratadi. TKIP yaratilgan kalitni foydalanuvchi va kirish nuqtasiga uzatadi, so‘ng kalitlar iyerarxiyasi hamda ularni boshqarish tizimini shakllantiradi. Bunda ma’lumotlarni shifrlash kalitlarini dinamik yaratish uchun ikki tomonlama kalitdan foydalaniladi; hosil bo‘lgan kalitlar esa har bir ma’lumotlar paketini shifrlashga xizmat qiladi. TKIPning bunday kalitlar iyerarxiyasi yagona statik WEP kaliti o‘rniga muayyan ma’lumotlar paketini shifrlashda ishlatilishi mumkin bo‘lgan 500 milliard xil kalitni taqdim etadi.
Yana bir muhim mexanizm — xabar yaxlitligini tekshirish (Message Integrity Check, MIC). U ma’lumotlar paketlarini tutib olib, mazmunini o‘zgartirish va o‘zgartirilgan paketni tarmoq orqali qayta uzatishning oldini olish uchun ishlatiladi. MIC jo‘natuvchi va qabul qiluvchi tomonlarda qo‘llanadigan kuchli matematik funksiyaga asoslanadi; so‘ng hisoblash natijalari taqqoslanadi. Tekshiruv hisoblash natijalari mos kelmaganini ko‘rsatsa, ma’lumotlar soxta deb hisoblanadi va paket tashlab yuboriladi.
Shu bilan birga, WPA va WPA-PSKda qo‘llanadigan shifrlash mexanizmlari bir xil. WPA-PSKning yagona farqi shundaki, autentifikatsiya foydalanuvchi sertifikati orqali emas, parol orqali bajariladi.
WPA2
WPA2 IEEE 802.11i standarti bilan belgilanadi. Ushbu standart 2004-yil iyunida qabul qilingan bo‘lib, WPAning o‘rnini egallashga mo‘ljallangan. Unda CCMP hamda AES shifrlashi joriy etilgan, natijada WPA2 o‘zidan oldingi texnologiyaga nisbatan xavfsizroq bo‘ldi. 13-mart 2006-yildan boshlab WPA2ni qo‘llab-quvvatlash sertifikatlangan barcha Wi-Fi qurilmalari uchun majburiy talabga aylandi.
WPA3
2018-yil boshida xalqaro Wi-Fi Alliance uyushmasi simsiz aloqa xavfsizligining eng yangi protokoli — WPA3ni e’lon qildi. Ushbu protokolda quyidagi asosiy yangiliklar joriy etilishi ko‘zda tutilgan: brute-force hujumlaridan himoyalanishning o‘rnatilgan mexanizmi; ochiq Wi-Fi tarmoqlarida foydalanuvchilar maxfiyligini kuchaytirish uchun ma’lumotlarni individual shifrlash; IoT qurilmalarini sozlashni soddalashtirish; Wi-Fi tarmoqlari uchun takomillashtirilgan kriptografik standart — «192 bitli xavfsizlik to‘plami».
Zaifliklar
6-noyabr 2008-yilda PacSec konferensiyasida WPAda qo‘llanadigan TKIP kalitini 12—15 daqiqada buzish imkonini beradigan usul namoyish etildi. Bu usul kirish nuqtasidan mijoz qurilmasiga uzatiladigan ma’lumotlarni o‘qish, shuningdek, mijoz qurilmasiga soxta ma’lumotlar yuborish imkonini beradi. Mijozdan marshrutizatorga uzatiladigan ma’lumotlarni esa o‘sha paytda o‘qishga muvaffaq bo‘linmagan. Hujum muvaffaqiyatli bo‘lishining yana bir sharti — QoS funksiyasining marshrutizatorda yoqilgan bo‘lishi.
2009-yilda Xirosima universiteti va Kobe universiteti xodimlari Tosixiru Oigasi hamda Masakatu Morii yangi hujum usulini ishlab chiqdilar va amalda muvaffaqiyatli sinab ko‘rdilar. Ushbu usul istalgan WPA ulanishini cheklovlarsiz buzish imkonini beradi; eng yaxshi holatda buzish 1 daqiqa davom etadi.
Kalitlarni shifrlashning xavfsizroq AES standartidan foydalanadigan WPA ulanishlari, shuningdek, WPA2 ulanishlari ushbu hujumlarga duchor bo‘lmaydi.
23-iyul 2010-yilda Hole196 deb nomlangan WPA2 protokoli zaifligi haqida ma’lumot e’lon qilindi. Undan foydalanib, tarmoqda autentifikatsiyadan o‘tgan foydalanuvchi o‘z maxfiy kaliti orqali boshqa foydalanuvchilarning ma’lumotlarini shifrdan chiqarishi mumkin. Buning uchun kalitlarni buzish yoki parollarni to‘liq tanlash (brute-force) talab etilmaydi.
Shunga qaramay, 2017-yilgacha WPA2 PSKni buzishning asosiy usullari lug‘at asosidagi hujum va parollarni to‘liq tanlash (brute-force) edi. Bunda simsiz tarmoq kartasi monitoring rejimiga o‘tkazilib, radioefir skanerlanadi va kerakli paketlar yozib olinadi. Keyin boshlang‘ich paket almashinuvi — «qo‘l siqish[ingl.]» (ingl. handshake) jarayonini qayd etish uchun mijoz tarmoqdan majburiy uziladi yoki mijozning qayta ulanishi kutiladi. Shundan so‘ng hujum qilinayotgan kirish nuqtasiga yaqin joyda bo‘lish shart emas. Hujum maxsus dastur va handshake qayd etilgan fayl yordamida oflayn rejimda amalga oshiriladi.
2017-yil oktabrida WPA2 uchun kalitni qayta o‘rnatishga asoslangan hujum e’lon qilindi. U KRACK deb nomlanadi va nonce (bir martalik son) qiymatini qayta o‘rnatish imkonini beradi. AES-CCMP ishlatilganda avval yuborilgan paketlarni takror uzatish va shifrdan chiqarish, WPA TKIP va GCMP rejimlarida esa ulanishdagi paketlarni shifrdan chiqarish va yangi paketlar kiritish imkonini yaratadi.
Havolalar
- Wi-Fi Alliance saytining WPA2ga bag‘ishlangan bo‘limi
- Wi-Fi Alliance’ning o‘zaro moslik sertifikati
- Wi-Fi Protected Access: zamonaviy Wi-Fi tarmoqlari uchun standartlarga asoslangan, kuchli va o‘zaro mos xavfsizlik.
- WPAda qo‘llab-quvvatlanadigan yangi EAP turlari haqidagi press-reliz (havola ishlamaydi)
- IEEE 802.11i-2004 standarti
- wpasupplicant paketidagi man qo‘llanma sahifalarining tarjimalari: wpa_background(8), wpa_supplicant(8), wpa_supplicant.conf(5), wpa_cli(8), wpa_action(8), wpa_passphrase(8)