Interpretator dasturi nima

Interpretator (ingl. interpreter ıntə:'prıtə, kelib chiqishi lot. interpretator — «izohlovchi») — dastur (ya’ni translyatorning bir turi) bo‘lib, interpretatsiyani amalga oshiradi.

Interpretatsiya — dastur yoki so‘rovning dastlabki kodini satrma-satr tahlil qilish, qayta ishlash va bajarish jarayoni. Bu jarayon kompilyatsiyadan farq qiladi: kompilyatsiyada dastur ishga tushirilishidan oldin uning butun matni tahlil qilinib, mashina kodiga yoki bayt-kodga aylantiriladi, ammo dastur bajarilmaydi.

Tarixi

Interpretatsiya qilinadigan birinchi yuqori darajali dasturlash tili Lisp bo‘lgan. Uning interpretatori 1958-yilda Stiv Rassell[ingl.] tomonidan IBM 704 kompyuterida yaratilgan. Rassell Jon Makkarti ishidan ilhomlanib, eval funksiyasini Lisp tilida mashina kodiga kiritish mumkinligini aniqlagan.

Interpretator turlari

Oddiy interpretator dasturning dastlabki kodi kelib tushishi bilan uni buyruqma-buyruq yoki satrma-satr tahlil qiladi va darhol bajaradi (ya’ni interpretatsiya qiladi). Bu yondashuvning afzalligi — natijani darhol olish imkoniyatidir. Kamchiligi shundaki, bunday interpretator dastur kodidagi xatoni faqat xato buyruq yoki satrni bajarishga uringan paytda aniqlaydi.

Kompilyatsiyalovchi turdagi interpretator — kompilyator va interpretatordan tashkil topgan tizim. Kompilyator dasturning dastlabki kodini oraliq ko‘rinishga, masalan, bayt-kodga yoki p-kodga aylantiradi; interpretator esa olingan oraliq kodni bajaradi (bu virtual mashina deb ataladi). Bunday tizimlarda dastlabki kod bir martalik alohida bosqichda tahlil qilinadi va interpretatorning o‘zida tahlil minimal darajaga tushiriladi. Bu dastur bajarilish tezligini oshiradi. Kamchiliklari — ko‘proq resurs talab qilishi va dastlabki kodning to‘g‘ri yozilgan bo‘lishi zarurligi. Bunday yondashuv Java, PHP, Tcl, Perl, REXX (dastlabki kodni sintaktik tahlil qilish natijasi saqlanadi) kabi tillarda hamda turli ma’lumotlar bazasini boshqarish tizimlarida (MBBT) qo‘llanadi.

Kompilyatsiyalovchi turdagi interpretator alohida qismlarga ajratilganda til kompilyatori va dastlabki kodni minimal darajada tahlil qiluvchi oddiy interpretator hosil bo‘ladi. Bunday interpretator uchun dastlabki kodning matnli formatda bo‘lishi yoki faqat shu interpretator tushunadigan bayt-koddan iborat bo‘lishi shart emas; u mashina kodi, ya’ni mavjud apparat platformalaridan birining kodi bo‘lishi mumkin. Masalan, QEMU, Bochs, VMware kabi virtual mashinalarda protsessorlarning x86 oilasiga mansub turlari uchun mo‘ljallangan mashina kodini interpretatsiya qiluvchi vositalar mavjud.

Ba’zi interpretatorlar (masalan, Lisp, Scheme, Python, BASIC va boshqa tillar uchun yaratilganlari) muloqot rejimida yoki o‘qish–hisoblash–chiqarish sikli deb ataluvchi rejimda (ingl. read-eval-print loop, REPL) ishlashi mumkin. Bunday rejimda interpretator tilning tugallangan ifodasini (masalan, Lisp tilidagi S-ifodani (s-expression)) o‘qiydi, uni bajaradi, natijani chiqaradi va foydalanuvchining navbatdagi ifodani kiritishini kutadi.

O‘ziga xos tillardan biri — Forth. U kiruvchi ma’lumotlarni interpretatsiya qilish va kompilyatsiya qilish rejimlarida ishlay oladi. Dastlabki kodni translyatsiya qilish jarayonida ham, dastur ishlayotgan paytda ham bu rejimlar o‘rtasida istalgan vaqtda almashish mumkin.

Interpretatsiya rejimlari nafaqat dasturiy ta’minotda, balki apparat ta’minotida ham mavjud. Masalan, ko‘plab mikroprotsessorlar mashina kodini ichiga o‘rnatilgan mikrodasturlar yordamida interpretatsiya qiladi. x86 oilasiga mansub protsessorlar esa Pentium protsessorlaridan boshlab (masalan, Intel P6 arxitekturasida) mashina kodini bajarishdan oldin uni ichki formatga — mikrooperatsiyalar ketma-ketligiga aylantiradi.

  1. buyruqni o‘qish;
  2. buyruqni tahlil qilish va tegishli amallarni aniqlash;
  3. tegishli amallarni bajarish;
  4. agar dasturni tugatish sharti bajarilmagan bo‘lsa, keyingi buyruqni o‘qish va 2-bandga qaytish.

Interpretatorlarning afzalliklari va kamchiliklari

Afzalliklari

  • Interpretatsiya qilinadigan dasturlarning yuqori ko‘chuvchanligi — tegishli interpretator mavjud bo‘lgan istalgan platformada dastur ishlay oladi.
  • Odatda, dastlabki koddagi xatolarni aniqlash uchun yanada rivojlangan va tushunarli diagnostika vositalari mavjud bo‘ladi.
  • Odatiy kompilyatorlar hosil qiladigan mashina kodiga nisbatan kod hajmining kichikligi.

Kamchiliklari

  • Interpretatsiya qilinadigan dastur interpretator dasturisiz mustaqil ishlay olmaydi. Biroq interpretatorning o‘zi juda ixcham bo‘lishi mumkin.
  • Interpretatsiya qilinadigan dastur sekinroq ishlaydi, chunki dastlabki kodni oraliq tahlil qilish va uni bajarishni rejalashtirish qo‘shimcha vaqt talab etadi. Bu vaqt dastlabki kodni kompilyatsiya qilish orqali olinishi mumkin bo‘lgan mashina kodini bevosita bajarishga qaraganda ko‘proq bo‘ladi.
  • Deyarli kodni optimallashtirish amalga oshirilmaydi, bu esa interpretatsiya qilinadigan dasturlarning ishlash tezligini qo‘shimcha ravishda pasaytiradi.