| Linux uchun Windows quyi tizimi | |
|---|---|
| | |
| Bash Windows 10’da ishlamoqda | |
| Turi | Microsoft Windows komponenti[Vikima’lumotlar] va muhit quyi tizimi[Vikima’lumotlar] |
| Ishlab chiquvchi | Microsoft |
| Yozilgan dasturlash tili | C++ |
| Operatsion tizimlar | Windows 10 va Windows 11 |
| So‘nggi versiya | |
| Sinov versiyasi | |
| Repozitoriy |
github.com/microsoft/WSL github.com/microsoft/WSLg github.com/microsoft/WSL… |
| Litsenziya | Microsoft foydalanuvchi kelishuvi[Vikima’lumotlar], GNU GPL 2 va proprietar (mulkiy) |
| Veb-sayt | learn.microsoft.com/wind… |
Linux uchun Windows quyi tizimi (WSL) — Linux ilovalarini (binar bajariluvchi fayllarni ELF formatida) Windows 10 va 11 operatsion tizimlarida ishga tushirish imkonini beruvchi moslik qatlami. Microsoft va Canonical kompaniyalari hamkorligi tufayli Ubuntu 14.04 operatsion tizimining asl obrazidan foydalanib, ushbu tizimdagi ko‘plab vosita va utilitalarni WSL ustida hech qanday virtualizatsiyasiz bevosita ishga tushirish mumkin bo‘ldi. WSL Linux yadrosi interfeyslariga ko‘p jihatdan mos keladigan interfeyslarni taqdim etadi. Biroq quyi tizim to‘lig‘icha Microsoft tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, unda Linux yadrosining dastlabki kodlari umuman mavjud emas. WSL foydalanuvchi makonida ishlaydigan ko‘plab o‘zgartirilmagan ilovalarni, xususan, bash buyruq qobig‘ini, sed va awk utilitalarini, shuningdek, Ruby, Python va boshqa dasturlash tillarining interpretatorlarini ham ishga tushiradi.
2018-yil holatiga ko‘ra, quyi tizim Linux’ning grafik ilovalarini (ya’ni grafik foydalanuvchi interfeysidan — X11 asosidagi GUI’dan foydalanadigan ilovalarni) ishga tushirishni qisman qo‘llab-quvvatlagan, ammo Linux yadrosining hali amalga oshirilmagan interfeyslarini talab qiladigan ilovalarni ishga tushirishni qo‘llab-quvvatlamagan. Grafik ilovalar faqat tashqi X11 oyna tizimi serveri, masalan, VcXsrv yoki Xming (ayrim cheklovlar bilan) yordamida ishlaydi. Unity ish stoli muhitini hamda Apache OpenOffice to‘plamidagi dasturlarni ishga tushirish mumkin; brauzerlar ham ishlaydi (masalan, Firefox). WSL to‘liq virtualizatsiyaga qaraganda kamroq resurs sarflaydi va ko‘plab Linux ilovalarini Windows’da ishga tushirishning eng oddiy yo‘llaridan biriga aylangan. WSL orqali ishga tushirilgan Windows va Linux ilovalari foydalanuvchining barcha fayllaridan foydalana oladi.
WSL quyi tizimi faqat 64 bitli Windows 10 nashrlarida mavjud bo‘lib, uni Windows 10 Anniversary Update va undan keyingi versiyalarda faollashtirish mumkin. Quyi tizimni ishlab chiqish dastlab chiqarilmay qolgan Astoria loyihasi doirasida boshlangan. Bu loyiha ayrim Android ilovalarini Windows 10 Mobile operatsion tizimida ishga tushirish imkonini berishi kerak edi. WSL ilk bor Windows 10 Insider Preview’ning 14316-yig‘ilmasida taqdim etilgan. WSL Windows 11’da ham mavjud.
Microsoft korporatsiyasi WSL’ni birinchi navbatda dasturchilar, veb-dasturchilar va ochiq kodli ilovalar bilan ishlaydigan yoki ularni ishlab chiqadigan mutaxassislar.
Ekran tasvirlari
Havolalar
- Rasmiy blog (ingliz tilida)
- Linux uchun Windows quyi tizimi loyihasi — GitHub
- Dasturchilar uchun Windows buyruq qatori vositalari blogi (ingliz tilida)
- Blogda e’lon qilingan «Linux uchun Windows quyi tizimi bilan qiziqarli tajribalar» nomli maqola (ingliz tilida)
- Wine’ning teskarisi: Linux uchun Windows quyi tizimining ichki tuzilishini tahlil qilish, xakep.ru, Artyom Zorin, 1-iyul, 2016
- Ubuntu Linux’ni ichki qo‘llab-quvvatlaydigan Windows chiqarildi, Cnews, 07.04.2016
- Ubuntu Windows 10 ichida ishlay boshladi, Cnews, 11.07.2016
- Anniversary Update yangilanishi bilan Windows 10’da Bash’ni qanday ishga tushirish mumkin / PCWorld (IDG), 15-avgust, 2016 (ingliz tilida)
- Windows 10 ichida yashiringan Linux yadrosi, Black Hat 2016, Aleks Ionesku (ingliz tilida)