| PhpMyAdmin | |||
|---|---|---|---|
| | |||
| phpMyAdmin 3.4.2 versiyasining ko‘rinishi. | |||
| Turi | veb-interfeys (tizim: MySQL) | ||
| Ishlab chiquvchi | phpMyAdmin dasturchilar jamoasi (phpMyAdmin Developer Team) | ||
| Yozilgan tillar | PHP va JavaScript | ||
| Operatsion tizim | turli platformalarda ishlaydi | ||
| Chiqarilgan sana | 9-sentabr 1998 | ||
| So‘nggi versiya | |||
| Kodlar repozitoriysi | github.com/phpmyadmin/ph… | ||
| |||
| |||
| Litsenziya | GNU GPL 2 | ||
| Veb-sayt | phpmyadmin.net | ||
phpMyAdmin — veb-ilova bo‘lib, ochiq manba kodiga ega va PHP tilida yozilgan. U ma’lumotlar bazasini boshqarish tizimi bo‘lgan MySQL’ni boshqarish uchun veb-interfeys vazifasini bajaradi. phpMyAdmin orqali brauzer yordamida va boshqa usullar bilan MySQL serverini boshqarish, SQL buyruqlarini bajarish hamda jadvallar va ma’lumotlar bazalari tarkibini ko‘rish mumkin. Ilova veb-dasturchilar orasida juda mashhur, chunki u SQL buyruqlarini bevosita kiritmasdan MySQL ma’lumotlar bazasini boshqarish tizimini boshqarish imkonini beradi.
Ilova GNU General Public License litsenziyasi asosida tarqatiladi. Shu sababli ko‘plab boshqa dasturchilar uni o‘z ishlanmalariga kiritadi, masalan, XAMPP, Denwer, AppServ, Open Server.
Loyiha 62 tadan ortiq tilga mahalliylashtirilgan.
Ishlab chiquvchilar
Loyiha tashabbuskori germaniyalik dasturchi Tobias Ratshiller (Tobias Ratschiller) bo‘lib, loyiha xuddi phpPgAdmin kabi, MySQL-Webadmin nomli o‘xshash ilovaga asoslangan. Mazkur ilova 1997-yilda paydo bo‘lgan.
2001-yilda phpMyAdmin loyihasini uning asoschisi Tobias Ratshillerdan Mark Delisl (Marc Delisle) qabul qilib oldi. U Olivye Myuller (Olivier Müller) va Loik Shapo (Loïc Chapeaux) bilan birgalikda phpMyAdmin rivojida yangi davrni boshladi.
Hozirgi kunda Mark Delisl loyiha ma’muri bo‘lib, phpMyAdmin kodiga eng katta hissa qo‘shgan dasturchi hisoblanadi. Loyihaning asosiy yordamchilari Mixal Chigarj (Michal Čihař), Sebastyan Mendel (Sebastian Mendel) va Herman van Rink (Herman van Rink).
Versiyalar
3.0.0 versiyasidan boshlab phpMyAdmin GoPHP5 tashabbusiga qo‘shildi va PHP hamda MySQL’ning eskirgan versiyalari bilan moslikni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatdi. phpMyAdmin 3.0.0 va undan keyingi versiyalarning ishlashi uchun PHP 5.2 hamda MySQL 5 talab etiladi. PHP va MySQL’ning eski versiyalaridan foydalanish uchun dasturning ikkinchi tarmog‘i (2.x) rivojlantirilishda davom etmoqda, biroq uni qo‘llab-quvvatlash aniqlangan zaifliklarni bartaraf etish bilangina cheklanadi, unga yangi funksiyalar qo‘shilmaydi.
Muqobil dasturlar
Adminer (avval phpMinAdmin deb atalgan) bitta PHP fayli ko‘rinishida tarqatiladi. MySQL uchun boshqa bir qancha veb-interfeyslar ham mavjud. Masalan, Chive dasturini ishlab chiqishda foydalanilgan freymvork — Yii.
Havolalar
- Loyihaning rasmiy sayti Arxiv nusxasi (29-sentabr, 2003-yil), Wayback Machine
- phpMyAdmin haqidagi rus tilidagi sayt Arxiv nusxasi (25-fevral, 2007-yil), Wayback Machine
- phpMyAdmin bo‘yicha videoqo‘llanmalar
- Ma’lumotlar bazalarini boshqarishning muqobil interfeyslari Arxiv nusxasi (29-sentabr, 2009-yil), Wayback Machine
- Yengil muqobil dastur — miniMySQLAdmin Arxiv nusxasi (21-may, 2014-yil), Wayback Machine