IEEE 802.11be — simsiz lokal kompyuter tarmoqlari uchun 802.11 standartlari turkumiga kiruvchi standartdir. IEEE 802.11be IEEE 802.11ax standartiga asoslanadi hamda bino ichida va tashqarisida 2,4; 5 va 6 GGts chastota diapazonlarida simsiz lokal tarmoqlarning ishlashini ta’minlashga qaratilgan.
Ko‘zda tutilgan texnik takomillashtirishlar
Quyida 802.11be standarti ishlab chiqilayotganda belgilangan asosiy takomillashtirishlar ro‘yxati keltirilgan:
- 320 MGts kenglikdagi kanalda ma’lumot uzatish va bo‘laklangan kanallardan yanada samarali foydalanish,
- Kanallarni agregatsiyalash,
- 16 tagacha antennadan foydalanish va protokollari takomillashtirilgan MIMO,
- Bir nechta kirish nuqtasi yordamida muvofiqlashtirilgan qabul qilish va uzatish,
- Kanal sharoitiga moslashish va qayta uzatish protokolini takomillashtirish (masalan, gibrid avtomatik takroriy uzatish so‘rovi (inglizcha Hybrid Automatic Repeat Request, HARQ)),
- 6 GGts spektriga xos me’yoriy talablarga moslashtirish imkoniyati,
Yuqoridagi takomillashtirishlardan tashqari, bir nechta qo‘shimcha funksional imkoniyatlarni joriy etish ham rejalashtirilmoqda:
- 4096 darajali QAM (4K-QAM) modulyatsiyasi yordamida ma’lumot uzatish,
- 320/160+160 MGts va 240/160+80 MGts kenglikdagi uzluksiz hamda bo‘laklangan kanallar orqali uzatish,
- Kelajakdagi versiyalar bilan moslikni yaxshilash maqsadida kadr formatini o‘zgartirish,
- Resurslarni yanada samarali taqsimlashda OFDMA’dan foydalanish,
- Kanalni zondlash jarayonini tezlashtirish,
- Kanalni bilvosita zondlash imkoniyati,
- Kanal bo‘laklarini istisno qilishning yanada moslashuvchan usuli (inglizcha preamble puncturing),
- Kechikishi past bo‘lgan real vaqt trafiki uchun vaqtga sezgir tarmoqlar (Time-Sensitive Networking) (TSN) kengaytmalarini integratsiyalash (IEEE 802.11 aa).
- Kirish nuqtasi orqali nuqtadan nuqtaga ulanishlarni qo‘llab-quvvatlash.