Uzoqni yaxshi ko‘rish (gipermetropiya)

Gipermetropiya
KXT-11 9D00.1
KXT-10 H52.0
KXT-10-KM H52.0
KXT-9 367.0
KXT-9-KM 367.0
DiseasesDB 29644
MedlinePlus 001020
MeSH D006956
Логотип Викисклада Vikimedia Commonsdagi mediafayllar
Uzoqni ko‘rishni ikki tomoni qavariq linza yordamida tuzatish

Uzoqni ko‘rish (gipermetropiya) — uzoqdagi narsalar yaqinroqda joylashgan narsalarga qaraganda yaxshiroq ko‘rinadigan, yaqin masofadagi narsalarni esa aniq ko‘rish qiyinlashadigan ko‘rish nuqsoni. Bu ametropiyaning bir turidir. Hozirgi vaqtda ushbu atamani qo‘llashda aynan yaqin masofadagi narsalarni ko‘rishning buzilishi asosiy belgi hisoblanadi. Ya’ni odam uzoqdagi narsalarni ham yaxshi ko‘rmasa-da, unga «uzoqni ko‘rish» tashxisi qo‘yilishi mumkin. Faqat yoshga bog‘liq uzoqni ko‘rish (presbiopiya) bilan og‘riganlar uzoqdagi narsalarni yaxshi ko‘radi.

Yaqin masofadagi narsalarni yaxshiroq ko‘rish uchun ko‘zoynakdan yoki kontakt linzalardan foydalanish mumkin; ularning optik kuchi musbat qiymatga ega.

Bu ko‘rish nuqsonida refraksiyaning buzilishi sababli akkomodatsiya tinch holatda bo‘lganida tasvir ko‘zning to‘r pardasida emas, balki to‘r pardaning orqasida. Yoshlik davrida uzoqni ko‘rish darajasi uncha yuqori bo‘lmasa, tasvirni to‘r pardaga fokuslashga odatda akkomodatsiyani zo‘riqtirish hisobiga erishish mumkin. Uzoqni ko‘ruvchi odamlarda yaqin masofada ishlash vaqtida ko‘pincha bosh og‘rig‘i kuzatiladi.

Yer aholisining taxminan 1/4 qismida ushbu ko‘rish nuqsoni uchraydi.

Uzoqni ko‘rishning sabablari

Uzoqni ko‘rishning sabablaridan biri ko‘z olmasining old-orqa o‘qi bo‘ylab kichik bo‘lishidir. Deyarli barcha chaqaloqlarda uzoqni ko‘rish kuzatiladi. Biroq yosh ulg‘ayishi bilan ko‘z olmasi o‘sgani sababli ularning aksariyatida bu nuqson yo‘qoladi.

Yoshga bog‘liq (keksalikdagi) uzoqni ko‘rish (presbiopiyaning) sababi — ko‘z gavharining o‘z egriligini o‘zgartirish qobiliyati pasayishidir. Bu jarayon taxminan 25 yoshda boshlanadi, ammo faqat 40—50 yoshga kelib ko‘zdan odatiy masofada (25—30 sm) o‘qishda ko‘rish o‘tkirligi pasayishiga olib kelishi mumkin. Taxminan 65 yoshga kelib ko‘z akkomodatsiya qobiliyatini deyarli butunlay yo‘qotadi.[aniqlashtirish]

Uzoqni ko‘rishning turlari

Chaqaloqlik davriga xos tabiiy fiziologik uzoqni ko‘rishdan tashqari, bu holat tug‘ma ham bo‘lishi mumkin. Bunda bolaning ko‘rish qobiliyati vaqt o‘tishi bilan o‘z-o‘zidan me’yorga kelmaydi. Tug‘ma uzoqni ko‘rishga nafaqat ko‘z olmasining kichikligi, balki ko‘z gavharining yoki shox pardaning.

tug‘ma sindirish kuchi pastligi ham sabab bo‘lishi mumkin. Bolalarda tug‘ma uzoqni ko‘rish 3,0 dioptriyadan yuqori bo‘lsa, unga hamroh kasallik — g‘ilaylikning konkomitant (hamkor) turi rivojlanish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Bunga bolaning ko‘z harakatlantiruvchi mushaklari haddan tashqari zo‘riqishi hamda aniqroq ko‘rish uchun ko‘zlarini doim burun tomonga qaratishi sabab bo‘ladi. Kasallik yanada rivojlansa, uzoqni ko‘rishning jiddiyroq asorati — ambliopiya (bir yoki ikkala ko‘zning ko‘rish qobiliyati susayishi) yuzaga kelishi mumkin.

Yoshga bog‘liq uzoqni ko‘rish 45 yoshdan oshgan odamlarga xosdir. Bu holat ko‘z mushaklari va to‘qimalarining yoshga bog‘liq o‘zgarishlari tufayli yuzaga keladi. Vaqt o‘tishi bilan ko‘z gavhari sklerozlanadi, zichlashadi, kipriksimon mushak zaiflashadi va ko‘z yorug‘lik nurlarini me’yorida sindirish qobiliyatini yo‘qotadi.

Yoshga bog‘liq uzoqni ko‘rish — insondagi tabiiy holat. Uning oldini olib bo‘lmaydi, biroq oqibatlari — ko‘rishning xiralashishi, bosh og‘rig‘i va ko‘zning haddan tashqari zo‘riqishidan saqlanish mumkin. Buning uchun ko‘zoynak, kontakt linzalar bilan tuzatish usullari yoki jarrohlik muolajasi yordamida uzoqni ko‘rishni o‘z vaqtida tuzatishni boshlash kerak.

Yoshlikda uzoqni ko‘rish ko‘pincha yashirin shaklda bo‘ladi. Ko‘zning akkomodatsiya imkoniyatlari hali katta bo‘lgani uchun odam ko‘rishida muammo sezmaydi, biroq ko‘z mushaklarining haddan tashqari zo‘riqishi ko‘zning tez charchashi, bosh og‘rig‘i va ko‘ngil aynishiga olib keladi. Vaqt o‘tishi bilan yashirin holat yaqqol namoyon bo‘ladi; bolalarda uzoqni ko‘rish kech aniqlansa, u g‘ilaylik yoki ambliopiyaga sabab bo‘lishi mumkin.

Uzoqni ko‘rishni davolash

Uzoqni ko‘rishni ko‘zoynak yoki kontakt linzalar yordamida, ko‘zga kirayotgan yorug‘lik nurlarining yo‘nalishini o‘zgartirish orqali tuzatish mumkin. Bemorlar ko‘pincha ko‘zoynak yoki kontakt linzalarni doimiy ravishda yoxud faqat yaqindan ko‘rish talab qilinganda (o‘qish, kompyuterda ishlash yoki boshqa yaqin masofadagi ishlarni bajarishda) taqishga majbur bo‘ladilar.

Refraksion jarrohlik ham uzoqni ko‘rishni tuzatishi mumkin. Bunday operatsiya uzoqni ko‘rishda ko‘zoynak yoki kontakt linzalarga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirishi yoki butunlay bartaraf etishi mumkin.

Ko‘zlar uchun gimnastika

Uzoqni ko‘rishning dastlabki belgilari paydo bo‘lganda ko‘z gimnastikasi ijobiy natija berishi mumkin. Kasallikning boshlang‘ich bosqichi aniqlangach, mashqlar kattalarni davolashda yordam berishi mumkin. Albatta, gimnastika va mashqlar kasallikning og‘irlashgan holatlarida yordam bera olmaydi. Odatda ular kasallikning dastlabki bosqichidagina, paydo bo‘lgan patologiyani jarrohlik aralashuvisiz tuzatish hali mumkin bo‘lganida tavsiya etiladi.

Ko‘zlar zo‘riqqanda shifokorlar ularning faoliyatini yaxshilash uchun mashqlar bajarishni tavsiya etadilar. Bu ko‘zlardagi zo‘riqishni tez kamaytirish va ularning faoliyatini tiklashga yordam beradi.

Shu sababli gimnastika quyidagi holatlarda yordam beradi:

  • bo‘yin va umurtqa pog‘onasining boshqa bo‘limlarida qon aylanishini me’yorlashtirish;
  • ko‘z mushaklarida qonning to‘g‘ri aylanishini ta’minlash;
  • ko‘z va uning mushaklari faoliyatini me’yorga keltirish;
  • ko‘z gavharining to‘g‘ri ishlashini ta’minlash.