| Uretrit | |
|---|---|
| Siydik chiqarish kanalining yallig‘lanishi | |
| XKT-11 | GC02.1 |
| XKT-10 | N34 |
| XKT-10-KM | N34.2 |
| XKT-9 | 597 099.4 |
| XKT-9-KM | 597.80 va 099.40 |
| DiseasesDB | 27902 |
| MedlinePlus | 000439 |
| eMedicine | med/2342 |
| MeSH | D014526 |
Uretrit (lot. uria — «siydik», itis — «yallig‘lanish») — yallig‘lanish bo‘lib, siydik chiqarish kanali (uretra) devorining turli xil bakteriyalar va viruslar ta’sirida shikastlanishi oqibatida yuzaga keladi.
Uretritning kechish xususiyatiga ko‘ra, kasallikning o‘tkir va surunkali shakllari farqlanadi. Uretritlar gonoreyali (ularni davolaydigan mutaxassis — venerolog) va nogonoreyali turlarga bo‘linadi. Nogonoreyali uretritlar infeksion va noinfeksion bo‘lishi mumkin. Masalan, nur ta’siriga bog‘liq, toksik yoki allergik uretritlar. Patologiya davolash-diagnostika muolajalaridan keyin, masalan, siydik pufagini kateterlash yoki dori vositalarini yuborishdan so‘ng ham rivojlanishi mumkin.
Tasnifi
Uretritlar asosan quyidagi turlarga bo‘linadi: gonokokkli (gonoreya) va nogonokokkli.
Epidemiologiya
Gonokokkli uretrit (gonoreya)
Xalqaro statistika ma’lumotlariga ko‘ra, gonoreya hanuzgacha eng ko‘p uchraydigan jinsiy yo‘l bilan yuqadigan kasalliklardan biri. Yuqishning asosiy yo‘li — jinsiy aloqa, biroq maishiy yo‘l bilan yuqish ham mumkin. Erkaklarda bir martalik jinsiy aloqada infeksiyani yuqtirish ehtimoli 17 % ni tashkil etadi; bu ko‘rsatkich infeksiyalangan sherik bilan jinsiy aloqalar soniga to‘g‘ri mutanosib ravishda ortadi. Gonokokklar anal va oral jinsiy aloqa vaqtida ham yuqishi mumkin.
Nogonokokkli uretrit
So‘nggi o‘n yilliklarda nogonokokkli uretrit bilan kasallanish darajasi keskin oshmoqda. 1972-yilda bu ko‘rsatkich gonoreya bilan kasallanish darajasidan yuqori bo‘lgan. Ko‘proq yosh erkaklar kasallanadi. Bemorlarning ijtimoiy-iqtisodiy mavqei, odatda, gonoreya bilan kasallangan bemorlarnikidan yuqoriroq bo‘ladi.
Etiologiya
Gonokokkli uretrit (gonoreya)
Hujayra ichida joylashadigan, grammanfiy diplokokklar — Neisseria gonorrhoeae. Inkubatsiya davri infeksiya yuqqan (aloqa sodir bo‘lgan) paytdan boshlab 3—10 kunni tashkil etadi. Biroq N.gonorrhoeae ning ayrim shtammlari kasallikni atigi 12 soat ichida keltirib chiqarishi mumkin, boshqa shtammlar bilan zararlanganda esa uretrit faqat 3 oydan keyin rivojlanadi.
Nogonokokkli uretrit
Bu kasallik ko‘p omilli (polietiologik) deb hisoblanadi va turli qo‘zg‘atuvchilar sababli yuzaga keladi. Eng ko‘p uchraydigan va potensial jihatdan xavfli etiologik omil — Chlamydia trachomatis, u nogonokokkli uretrit holatlarining 40—50 % ini keltirib chiqaradi. Nogonokokkli uretritning boshqa sabablari Ureaplasma urealyticum va Mycoplasma genitalium bo‘lishi mumkin; ular bemorlarning 20—30 % ida aniqlanadi.
Bemorlarning 20 % ida uretritning sababini aniqlashning iloji bo‘lmaydi. Nogonokokkli uretritda inkubatsiya davri jinsiy aloqadan keyin 1—5 hafta davom etadi, biroq ko‘pincha bu davr uzoqroq bo‘ladi.
Klinik ko‘rinishi
Gonokokkli uretrit (gonoreya)
Bemorlar quyidagi shikoyatlarni bildiradilar:
- siydik chiqarish kanalidan yiringli ajralma;
- o‘tkir, kesuvchi og‘riq;
- siyish vaqtida og‘riq.
50 % holatda kasallik alomatsiz kechadi.
Nogonokokkli uretrit
Bemorlar quyidagilardan shikoyat qiladilar:
- siydik chiqarish kanalidan shilliq (ba’zan ko‘p miqdorda va yiringli) ajralmalar;
- o‘tkir, kesuvchi og‘riq;
- siyish vaqtida og‘riq.
Diagnostika
Gonokokkli uretrit (gonoreya)
Ko‘rikni oxirgi marta siyilganidan kamida 1 soat o‘tgach (afzalrog‘i, 4 soatdan keyin) o‘tkazish tavsiya etiladi. Tashqi jinsiy a’zolar ko‘rigida uretraning tashqi teshigi qizarishi va yopishib qolishi, sariq yoki oq rangli yiringli ajralmalar kuzatilishi mumkin. Bu ajralmalar o‘z-o‘zidan yoki siydik chiqarish kanalini bosganda paydo bo‘lishi mumkin.
Jinsiy olat kertmagini, yorg‘oq a’zolarini, prostata bezini, to‘g‘ri ichakni va chov limfa tugunlarini tekshirish lozim.
Gonoreya tashxisi anamnezda jinsiy aloqa bo‘lganligi, uretradan yiringli ajralma kelishi va dizuriya haqidagi shikoyatlar, shuningdek, Gram usulida bo‘yalgan surtmaning ijobiy natijasi (surtma uretradan olinadi) asosida qo‘yiladi. Gonokokk antigenlarini aniqlashning yuqori axborot beruvchi usuli — surtmani PZR.
Nogonokokkli uretrit
Jismoniy ko‘rik gonokokkli uretritdagi ko‘rik bilan mutlaqo bir xil.
Nogonokokkli uretrit tashxisi anamnezda jinsiy aloqa bo‘lganligi, tegishli shikoyatlar, gonokokklarning yo‘qligi va Gram usulida tekshirilgan surtma orqali uretrit belgilari aniqlanishi (surtma uretradan olinadi) asosida qo‘yiladi. Hozirgi vaqtda qo‘zg‘atuvchilarni aniqlash uchun turli nokultural diagnostika usullari ishlab chiqilgan va qo‘llanmoqda: PZR va NASBA usullari. Bu usullar 24 soat ichida natija beradi.
Davolash
Gonokokkli uretrit (gonoreya)
Gonoreyaning asoratsiz kechadigan o‘tkir shaklini davolash uchun 250 mg seftriaksonni mushak ichiga bir marta yuborish, undan keyin esa 100 mg doksisiklin tabletkasini kuniga 2 mahal qabul qilish va bu davolashni 7 kun davom ettirish tavsiya etiladi (hamroh xlamidiozni davolash uchun). Seftriakson o‘rniga 2 gramm spektinomitsinni tabletka shaklida bir marta qabul qilish mumkin. Bemorning jinsiy sheriklari tekshiruv natijalaridan qat’i nazar, bir vaqtda davolanadi.
Nogonokokkli uretrit
Davolash kasallikni keltirib chiqargan qo‘zg‘atuvchiga qarab belgilanadi. Quyidagi davolash tartiblari tavsiya etiladi:
- doksisiklin — 100 mg dan 1 tabletka, kuniga 2 mahal, 7 kun davomida yoki
- azitromitsin — 1 g, og‘iz orqali bir martalik qabul
Trixomonadali uretritda metronidazol buyurish tavsiya etiladi: preparatni bir martalik 2 g miqdorida qabul qilish yoki 7 kun davomida 500 mg dan kuniga 2 mahal ichish kerak.
Bemorning jinsiy sheriklari tekshiruv natijalaridan qat’i nazar, bir vaqtda davolanadi.
Agar kasallik qo‘zg‘atuvchisini aniqlashning iloji bo‘lmasa, boshqa guruhlarga mansub antibiotiklar bilan (penitsillinlardan tashqari, keng ta’sir doirasiga ega preparatlar) qo‘shimcha davolash talab etiladi.
Asoratlar
Gonokokkli uretrit (gonoreya)
Gonokokkli uretrit quyidagi asoratlar bilan kechishi mumkin: epididimit, prostatit, vezikulit, keyinchalik esa uretra strikturasi.
Nogonokokkli uretrit
Reyter sindromi — xlamidiyali uretritning kam uchraydigan asorati bo‘lib, artrit, kon’yunktivit, balanit va/yoki blenorragik keratodermiya bilan namoyon bo‘ladi (klassik triada — uretrit + kon’yunktivit + artrit).
Uretritning oldini olish
Oldini olish uchun shaxsiy va jinsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, yallig‘lanish va infeksion kasalliklarni o‘z vaqtida davolash muhim. Profilaktikaning asosiy usuli prezervativlardan foydalanishdir.
Hayvonlarda uretrit
Bu kasallikda tez-tez siyish kuzatiladi, siydikda qon va yiring aralashmalari aniqlanadi. Kasallik uretrani muvaffaqiyatsiz kateterlash yoki siydik toshining qisilib qolishi natijasida uretra shikastlanishidan kelib chiqishi mumkin. Uni uretrani yuvishda qo‘llanadigan dezinfeksiyalovchi eritmalar yordamida davolashadi.
Adabiyotlar
- Uy tibbiy ensiklopediyasi / Bosh muharrir V. I. Pokrovskiy. — M.: «Meditsina», 1993. — B. 431.