| Tromboflebit | |
|---|---|
| KXT-10 | I80, I82.1 |
| KXT-10-KM | I80.0 |
| KXT-9 | 451 |
| KXT-9-KM | 451.0 va 451.2 |
| DiseasesDB | 3498 |
| MedlinePlus | 001108 |
| MeSH | D013924 |
Tromboflebit («tromb» va «flebit» atamalaridan) — tromboz bo‘lib, bunda yallig‘lanish jarayoni vena devorida kechadi va tromb hosil bo‘lib, vena bo‘shlig‘ini berkitadi.
Tromboflebitning sabablari
Kasallik rivojlanishiga bir qator sabablar asos bo‘ladi:
- infeksiya
- qonning tromb hosil qilishga irsiy va orttirilgan moyilligi (koagulopatiyalar yoki trombofiliya)
- oqim tezligining pasayishi (qon oqimi)
- organizm reaktivligining pasayishi
- qon tomir devorlari butunligining buzilishi (shikastlanish — vena devorida)
- qon tarkibining o‘zgarishi
Ba’zan tromboflebit tug‘ruq, turli jarrohlik amaliyotlari, yuqumli kasalliklar va xavfli o‘smalarning asorati sifatida yuzaga keladi.
Tromboflebit turlari
Yuzaki, ko‘pincha varikoz o‘zgarishlariga uchragan (qarang: Venalarning varikoz kengayishi) venalar va chuqur venalar tromboflebiti farqlanadi; ayniqsa, oyoqlar va kichik chanoq venalari, kamroq hollarda esa kovak venalar, darvoza venasi, jigar venalari.
O‘tkir tromboflebit tromb hosil bo‘lgan venalar sohasidagi og‘riq, tana haroratining ko‘tarilishi va titroq bilan namoyon bo‘ladi. Yuzaki venalar tromboflebitiga venalar bo‘ylab terining qizarishi bilan kechadigan og‘riqli zichlashishlar xos; chuqur venalar tromboflebitida esa — shish venoz qon oqib ketishining keskin buzilishi oqibatida qo‘l yoki oyoqda paydo bo‘ladi. Trombning yiringli erishi va infeksiyaning qon oqimi orqali tarqalishi septik tromboflebit deb ataladi. Tromboflebit vaqti-vaqti bilan zo‘rayib turadigan surunkali shaklda kechishi mumkin. Tromboflebitning eng xavfli asorati — trombning (yoki uning bir qismining) uzilib, o‘pka arteriyasiga tushishidir (qarang: Emboliya, O‘pka arteriyasi tromboemboliyasi).
Yallig‘langan sohaning joylashuviga qarab, oyoq va qo‘l venalari tromboflebiti hamda ichki a’zolar tomirlarining tromboflebiti farqlanadi.
Tashxislash
- Ultratovush usullari yordamida tashxis qo‘yish (dopplerografiya hamda venalarni dupleks va tripleks angioskanerlash, ultratovushli sonoelastografiya).
- Kompyuter tomografiyasi, KT-angiografiya.
- Qon tahlillari, jumladan, koagulologik tekshiruvlar (qon ivishini tekshirish).
O‘tkir yoki qaytalanuvchi tromboflebit bilan og‘rigan barcha bemorlarga o‘pka arteriyasi tromboemboliyasini istisno qilish uchun ko‘krak qafasi rentgenografiyasidan o‘tish tavsiya etiladi.
Davolash
Tromboflebitni davolash kasallikning bosqichi va shakliga bog‘liq. Tromboflebit inyeksiyalarni noto‘g‘ri bajarish oqibatida yuzaga kelgan hollarda spirtli kompresslar va antikoagulyantlar (masalan, geparin surtmasi) qo‘llanadi. Kasallikning sababi infeksiya bo‘lsa, antibiotiklar, og‘ir hollarda esa jarrohlik aralashuvi va boshqa usullar qo‘llanadi. Bundan tashqari, parnaparin natriy preparatlaridan foydalanish mumkin: Yuzaki venalarning o‘tkir tromboflebiti, varikoflebit: kasallikning og‘irligiga qarab 0,6 ml (6400 anti-Xa XB) yoki 0,4 ml (4250 anti-Xa XB) yoki 0,3 ml (3200 anti-Xa XB) dozada sutkasiga 1 marta, kamida 20 kun davomida.