
Litosfera plitasi — Yer litosferasining yirik va nisbatan kam harakatlanadigan qismi. Litosfera tor va faol zonalar hamda kenglik yo‘nalishidagi yoriqlar orqali alohida bloklarga bo‘lingan. Litosfera plitalarining chegaralari seysmik, vulkanik va tektonik faollik kuzatiladigan zonalardan iborat. Plitalar chegaralari uch turga bo‘linadi: divergent, konvergent va transform chegaralar.
Geometrik nuqtayi nazardan bir nuqtada faqat uchta plita tutashishi mumkinligi ayon. Bir nuqtada to‘rtta yoki undan ortiq plita tutashadigan tuzilma beqaror bo‘lib, vaqt o‘tishi bilan tezda buziladi. Ayrim litosfera plitalarining yer yuzasiga yaqin qismi faqat okean qobig‘idan tashkil topgan (masalan, eng yirik Tinch okean plitasi), boshqalarida esa materik qobig‘i okean qobig‘iga birikkan bo‘ladi.
Okean qobig‘ining umumiy qalinligi okeanlardagi rift zonalarida 6—18 km dan materik chekkalari yaqinida 80—90 km gacha o‘zgaradi. Materik qobig‘ining qalinligi ham 90 km ga yetadi. Litosferaning umumiy qalinligi esa (yuqori mantiyaning qattiq (yuqori) qatlami bilan birga) 40 dan 280 km gacha bo‘ladi.
Litosfera plitalarining shakli doimo o‘zgarib turadi. Ular riftlanish natijasida parchalanishi yoki kolliziya natijasida birlashib, yagona plitani hosil qilishi mumkin. Litosfera plitalari sayyora mantiyasiga ham cho‘kib, tashqi yadro chuqurligigacha yetib borishi mumkin. Boshqa tomondan, litosferani plitalarga ajratish har doim ham aniq emas: geologik bilimlar ortishi bilan yangi plitalar ajratiladi, ayrim plita chegaralari esa aslida mavjud emas deb topiladi. Shu sababli plitalar chegaralari haqidagi tasavvurlar ham vaqt o‘tishi bilan o‘zgaradi. Bu, ayniqsa, kichik plitalarga taalluqli: geologlar ular uchun ko‘pincha bir-birini inkor etadigan ko‘plab kinematik rekonstruksiyalarni taklif qilgan.
O‘rganilishi
Birinchi bo‘lib Yer litosferasining bir nechta plitaga bo‘linganiga kanadalik geolog Jon Tuzo Vilson 1965 yilda e’tibor qaratgan. Oradan bir necha yil o‘tib, amerikalik Tomas Hant Morgan va fransiyalik Stefan Pishon litosfera plitalarining chegaralarini aniqlagan.

Litosfera plitalarining turlari
Sayyora yuzasining 90 % dan ortig‘i Yerdagi o‘n to‘rtta eng yirik litosfera plitasi bilan qoplangan.
- Tinch okean plitasi — 103 400 000 km²
- Shimoliy Amerika plitasi — 75 900 000 km²
- Yevrosiyo plitasi — 67 800 000 km²
- Afrika plitasi — 61 300 000 km²
- Antarktida plitasi — 60 900 000 km²
- Avstraliya plitasi — 47 000 000 km²
- Janubiy Amerika plitasi — 43 600 000 km²
- Somali plitasi — 16 700 000 km²
- Naska plitasi — 15 600 000 km²
- Hindiston plitasi — 11 900 000 km²
- Filippin plitasi — 5 500 000 km²
- Arabiston platformasi — 5 000 000 km²
- Karib plitasi — 3 200 000 km²
- Kokos plitasi — 2 900 000 km²
Litosfera plitalarining o‘zaro ta’sir turlari
Litosfera plitalarining harakat tezligi

Hozirgi vaqtda litosfera plitalarining gorizontal harakatlanish tezligi 1 dan 6 sm/yil gacha (plitalarning bir-biridan uzoqlashish tezligi — 2 dan 12 sm/yil gacha). Plitalarning O‘rta Atlantika tizmasidan uzoqlashish tezligi uning shimoliy qismida 2,3 sm/yil, janubiy qismida esa 4 sm/yil. Plitalar eng tez Sharqiy Tinch okean tizmasi yaqinida, Pasxa oroli atrofida bir-biridan uzoqlashadi — ularning tezligi 18 sm/yil. Plitalar eng sekin Adan qo‘ltig‘ida va Qizil dengizda bir-biridan uzoqlashadi — tezligi 1—1,5 sm/yil.
Havolalar
- Xarita Pangeya Ultima