Tarbiyachi

Tarbiyachi bolalar bilan.
Rassom Vasiliy Perovning «Guvernantkaning savdogar xonadoniga kelishi» kartinasi, 1866 yil.

Tarbiyachi (ayol tarbiyachi), Bola yetaklovchi — pedagog bo‘lib, tarbiya va ta’lim bilan shug‘ullanadi. U maktabgacha yoshdagi (7 yoshgacha) bolalar yoki yoshi kattaroq tarbiyalanuvchilar bilan ishlaydi (bolalar oromgohida, maktab-internatda).

Odatda tarbiyachi vazifasini ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar — erkak va ayol enagalar, bonnalar (bolaga qarovchi ayollar), guvernorlar, guvernantkalar, o‘qituvchilar bajaradi, hozirgi vaqtda esa bu vazifani vasiylar va boshqa shaxslar ham bajarishi mumkin.

Kasb tarixi

Kasb sifatida tarbiyachilik Qadimgi Yunonistonda paydo bo‘lgan. O‘sha davrda tarbiya bilan maxsus qul shug‘ullangan, unga o‘g‘il bolalar olti yoshidan boshlab ishonib topshirilgan. U pedagog deb atalgan, faqat bolaga qaragan va uni hamma joyda kuzatib yurgan. Mazkur nom ham shundan kelib chiqqan. Qolgan vaqtda bola yetaklovchi bolaning rivojlanishini kuzatgan, uni xavf-xatardan himoya qilgan, hayotga munosabatini shakllantirgan, qobiliyatlarini rivojlantirgan, xatti-harakatlari va umuman xulq-atvorini tarbiyalagan. Oradan ko‘p asrlar o‘tgan bo‘lsa-da, tarbiyachining vazifasi o‘z ahamiyatini saqlab qolgan.

Tarbiyachi yoki pedagog kasbi nihoyatda sharafli va hurmatga sazovor kasbdir. Aynan tarbiyachi tarbiyalanuvchilar shaxsining shakllanishi va kelgusi taqdirining qanday kechishi uchun mas’uldir. Tarbiyachi kasbi ilk bor antik davrdagi Yunonistonda paydo bo‘lgan, ammo keng tarqalmagan, chunki badavlat kishilarning bolalari tarbiyasi bilan qullar shug‘ullangan, dehqonlarning bolalari esa umuman ta’lim olmagan. Rivojlanib borayotgan jamiyatda tarbiyachi kasbi uy murabbiysi kasbiga aylangan. Uning asosiy maqsadi ish beruvchining farzandlarini tarbiyalashdan iborat bo‘lgan. Bir necha asr ilgari tarbiyachi va pedagog faoliyati ommaviy tus olgan. Bunga dastlabki maktablarning paydo bo‘lishi yordam bergan. Tarbiyachi zimmasiga yigit-qizlarning shaxsini shakllantirish va keyinchalik ularni tanlagan yo‘lidan borishga yo‘naltirishdek ulkan vazifa yuklatilgan. Tarbiyachi kasbi bugungi kunda ham juda dolzarb ekanini ta’kidlash lozim.

Rossiya imperiyasida

O‘sha davrda, inqilobdan oldingi Rossiyada pedagogik nazariyalari bilan tanilgan Lokk va Russo ta’sirida tarbiyachilarning mavqeyi yuksak qadrlangan. Badavlat kishilar ularga o‘z farzandlarini tarbiyalashni ishonib topshirgan, jamoat ta’lim-tarbiya muassasalariga esa ishonmagan, chunki ularning fikricha, bu muassasalar bolalarida turli salbiy xislatlarni shakllantirishi mumkin edi. O‘sha davrdagi badavlat oilalarda tarbiyachilar faqat ota-onalarning bolalarni tarbiyalashdagi va, asosan, ularga ta’lim berishdagi yordamchilari bo‘lgan. XIX asrda tarbiyachilar faqat juda badavlat kishilar va shahzodalar xonadonlarida qolgan. Chunki maktabga nisbatan ishonchsizlik ancha kamaygan, maktablar takomillashgan, o‘qituvchilarning mavqeyi avvalgi davrlarga nisbatan ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan yuksalgan.

Oilalarda ko‘pincha chet ellik ayollar, ayniqsa, fransuz ayollari (madam, madama), undan keyin nemis ayollari va ingliz ayollari tarbiyachilik qilgan. Chunki ta’limda, ayniqsa, ayollar ta’limida chet tillarini bilish juda yuqori baholangan. Ayollarning ta’limiga qo‘yiladigan talablar kengayishi bilan chet ellik ayollar tarbiyachi sifatidagi avvalgi mavqeyini yo‘qotib, faqat o‘qituvchi sifatida chet tillaridan dars bera boshlagan, ularning o‘rnini esa ayol o‘qituvchilar va murabbiylar egallagan.

Oilalardan tashqari, ayol tarbiyachilar maktablarda ham ishlagan. Bu maktablarda mehnat taqsimoti tamoyili, ya’ni ta’lim va bevosita tarbiya vazifalarini turli shaxslar o‘rtasida taqsimlash ma’lum darajada joriy etilgan. Ta’lim berish bilan erkak o‘qituvchilar va ayol o‘qituvchilar shug‘ullangan, tarbiya vazifalarini, ya’ni sinfdagi nazoratni, intizomni ta’minlashni, kechki mashg‘ulotlarda o‘quvchilarga yordam berishni va shu kabi ishlarni esa turli nomlar bilan atalgan tarbiyachilar — sinf murabbiylari, erkak nazoratchilar, sinf xonimlari va ayol nazoratchilar bajargan.

Lavozim

Tarbiyachi bolalar bog‘chasida bolalar bilan mashg‘ulot o‘tkazmoqda.

Sobiq SSSRda bolalar bog‘chalarida, bolalar yaslilarida, bolalar uylarida, maktab-internatlarda, maktablarda va kuni uzaytirilgan guruhlarda, Suvorov va Naximov bilim yurtlarida, tarbiya koloniyalarida, ya’ni voyaga yetmagan huquqbuzarlar uchun mo‘ljallangan muassasalarda shtatdagi tarbiyachi lavozimlari joriy etilgan. Ularning huquqlari va majburiyatlari maxsus nizomlar bilan belgilangan. Tarbiyachilar o‘z tarbiyalanuvchilarining tarbiyasi va ta’limi, sog‘lig‘i va jismoniy rivojlanishi uchun, shuningdek, ularning maishiy hayoti va bo‘sh vaqtini tashkil etish hamda boshqa ko‘plab vazifalar uchun javobgar bo‘lgan.

Tarbiyachi bolalar bilan sayrda.

Bu lavozimlar postsovet hududida hozirgi vaqtda ham saqlanib qolgan. Shunga o‘xshash lavozimlar boshqa mamlakatlarda ham mavjud.

Talablar

Tarbiyachi quyidagi sifatlarga ega bo‘lishi kerak:

  • kirishimli bo‘lishi, ya’ni bolalar va ularning ota-onalari bilan to‘g‘ri munosabat o‘rnata olishi;
  • xushmuomala bo‘lishi, toki bolalar notanish insonga tezda ishonch bildira olsin;
  • ijobiy fikrlashi, toki bu murakkab kasbning qiyinchiliklarini yenga olsin;
  • bolalarga g‘amxo‘r va e’tiborli bo‘lishi, toki ota-onalar o‘z farzandini tarbiyachiga xotirjam ishonib topshira olsin;
  • ijodkor bo‘lishi, toki qiziqarli mashg‘ulotlar va bayram tadbirlarini o‘ylab topa olsin
  • qiziquvchan bo‘lishi, toki bolalar bilan birga dunyoni kashf etsin va yangi kashfiyotlardan ular bilan birga quvonsin
  • stressga chidamli bo‘lishi, toki emotsional kuyishning oldini olsin va ota-onalar yoki gapga quloq solmaydigan bolalar bilan muloqotda ortiqcha hissiyotlarga berilmasin;
  • rivojlanishga intilishi, ya’ni o‘z ko‘nikmalarini takomillashtirish istagiga ega bo‘lishi.

Adabiyotlar