So‘nggi o‘rta asrlar

So‘nggi o‘rta asrlar

1328-yildagi Yevropaning siyosiy xaritasi

So‘nggi o‘rta asrlar (Uyg‘onish davri) — tarixchilar tomonidan Yevropa tarixining XIV—XV asrlarini ifodalash uchun qo‘llanadigan atama.

So‘nggi o‘rta asrlardan oldin Rivojlangan o‘rta asrlar kelgan, undan keyingi davr esa Yangi davr deb ataladi. Tarixchilarning so‘nggi o‘rta asrlarning yakuniy chegarasini belgilash borasidagi qarashlari keskin farq qiladi. Rossiya tarixshunosligida bu davrning yakunini Angliyadagi fuqarolar urushi bilan bog‘lash qabul qilingan bo‘lsa, G‘arbiy Yevropa tarixshunosligida o‘rta asrlarning yakuni odatda cherkov reformatsiyasi yoki Buyuk geografik kashfiyotlar davrining boshlanishi bilan bog‘lanadi. So‘nggi o‘rta asrlar Uyg‘onish davri deb ham ataladi.

Taxminan 1300-yilda Yevropaning o‘sish va gullab-yashnash davri bir qator ofatlar bilan yakunlandi. Ulardan biri 1315—1317-yillardagi Buyuk ocharchilik bo‘lib, u hosilni nobud qilgan g‘ayrioddiy sovuq va yomg‘irli yillar oqibatida yuz berdi. Ocharchilik va kasalliklardan so‘ng Qora o‘lim — Yevropa aholisining 1/3 qismini qirib yuborgan o‘lat epidemiyasi boshlandi. Ijtimoiy tuzumning izdan chiqishi ommaviy noroziliklarga olib keldi. Aynan shu davrda mashhur dehqonlar urushlari Angliya va Fransiyada avj oldi. Bunday qo‘zg‘olonlardan biri — Jakeriya. Yevropa aholisining kamayishi vayronagarchiliklar tufayli yanada kuchaydi. Bunga sabab Yuz yillik urush edi.

XIV asr davomida Fransiya, Angliya va G‘arbiy Germaniyada deyarli barcha dehqonlar shaxsiy erkinlikka erishdilar.

Bu davr, avvalo, feodal tarqoqlikning bartaraf etilishi hamda Angliya va Fransiyada markazlashgan davlatlarning tashkil topishi bilan tavsiflanadi. Shaharlarning moliyaviy mablag‘laridan foydalangan qirollar isyonkor feodallarga qarshi kurashish uchun doimiy yollanma qo‘shin saqlash imkoniga ega bo‘ldilar. XIV asr boshida o‘qotar qurollarning paydo bo‘lishi natijasida ritsarlikning ahamiyati kamaydi. Hech bir qal’a artilleriya zarbalariga bardosh bera olmas edi, ko‘plab qo‘lda ishlatiladigan o‘qotar qurollarning paydo bo‘lishi esa ritsarlarning og‘ir sovutlarini foydasiz qilib qo‘ydi. Urushda piyoda qo‘shinlar, avvalo, yollanma askarlar asosiy o‘rin egallay boshladi: dastlab shveysariyalik yollanma askarlar, keyinchalik esa nemis landsknextlar (Landsknechte).

Inqirozga qaramay, XIV asrdayoq G‘arbiy Yevropada ilm-fan va san’atning taraqqiyot davri boshlandi. Bunga universitetlarning paydo bo‘lishi va bilimlarning keng tarqalishi zamin yaratdi. Antik adabiyotga qiziqishning qayta uyg‘onishi (qarang: qadimgi yunon adabiyoti va qadimgi Rim madaniyati) Italiyadagi ilk Uyg‘onish davrining boshlanishiga olib keldi. Bu davr Protorenessans deb ataladi. G‘arbiy Yevropada qadimiy yodgorliklar, jumladan, kitoblar salib yurishlari davrida, ayniqsa, salibchilar Konstantinopolni talon-toroj qilganidan va buning ortidan xristian madaniyati tanazzulga uchraganidan so‘ng to‘plana boshladi. Bu tanazzul Bolqonda yuz bergan bo‘lib, Vizantiya olimlarining G‘arbga, ayniqsa, Italiyaga ko‘chib o‘tishiga sabab bo‘ldi. XV asrda ixtiro qilingan kitob bosish texnologiyasi bilimlarning keng tarqalishiga katta hissa qo‘shdi. Ilgari qimmatbaho va noyob hisoblangan kitoblar, jumladan, Bibliya asta-sekin keng ommaga yetib bordi. Bu esa, o‘z navbatida, Yevropadagi Reformatsiyaga zamin yaratdi.

«Ilohiy komediya» Florensiyani yoritmoqda. 1465. Freska muallifi — Domeniko di Mikelino. Kafedral sobor — Santa-Mariya-del-Fiore, Florensiya

Musulmon mamlakatlarining tajovuzkor Usmonlilar imperiyasining yagona hukmronligi ostida birlashishi Sharq bilan savdo qilishda qiyinchiliklar tug‘dirdi. Bu yevropaliklarni Afrikani aylanib o‘tadigan hamda g‘arbga, Atlantika okeani orqali va Yer sharini aylanib o‘tadigan yangi savdo yo‘llarini izlashga undadi. Xristofor Kolumb va Vasko da Gamaning dengiz sayohatlari G‘arbiy Yevropaning iqtisodiy va siyosiy qudratini mustahkamlagan Buyuk geografik kashfiyotlar davrining boshlanishini belgilab berdi.

Iqtisodiyot

«Arnolfini er-xotini portreti» — Yan van Eyk asari, 1434-yil

So‘nggi o‘rta asrlarda Yevropada asta-sekin iqtisodiy o‘sish boshlandi, ammo bu jarayonning tafsilotlari fanga ma’lum emas.

Feodallarning natural obrokdan (mahsulot bilan to‘lanadigan majburiy to‘lovdan) voz kechishi oqibatida dehqonlar feodalga pul shaklidagi obrokni, davlatga soliqlarni hamda cherkovga o‘ndan bir ulush solig‘ini to‘lash uchun o‘z mahsulotlarini bozorda sotishga majbur bo‘ldilar. Bu tovar-pul munosabatlarining rivojlanishiga yordam berdi. Shaharlarda sex (hunarmandlar uyushmasi) tizimining yemirilishi boshlandi: hunarmand ustalar sex nizomlarining ayrim talablarini chetlab o‘tish, ishlab chiqarishni kengaytirish va texnologik takomillashtirishlarni joriy etishga kirishdilar. Bu tengsizlikni va shahar aholisining ijtimoiy tabaqalanishini kuchaytirdi. Shahar aholisining badavlat qismi (byurgerlar) burjuaziyaga aylana boshladi. Savdo tufayli iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan shaharlar Ganza ittifoqi shaharlari va Shimoliy Italiyaning shahar-davlatlari edi. Venetsiya va Genuya Sharq mamlakatlari bilan dengiz savdosi hisobiga boyib bordi, Florensiya esa movut ishlab chiqarish va bank ishini faol rivojlantirdi.

Adabiyotlar

Havolalar