| Shohizinda | |
|---|---|
| o‘zb. Shohizinda | |
| | |
| 39°39′45″ sh. k. 66°59′16″ shq. u.HGЯO | |
| Turi | Maqbaralar majmuasi |
| Mamlakat |
|
| Shahar | Samarqand |
| Ilk bor tilga olingan davr | XI asr |
| Asos solingan davr | XI asr |

Shohizinda (o‘zb. Shohizinda, fors. شاه زنده — so‘zma-so‘z «tirik shoh») — o‘rta asr me’morchiligi yodgorligi bo‘lib, Samarqandda (O‘zbekiston), Qoraxoniylar va Temuriylar zodagonlari maqbaralari majmuasidir. Bizgacha yetib kelgan majmua XIV—XV asrlar davomida birin-ketin yonma-yon qurilgan o‘n bitta maqbaradan iborat. Shunga qaramay, Afrosiyob shahristonining sharqiy yonbag‘rida olib borilgan qazishmalarda XI—XII asrlarga oid maqbaralar qoldiqlari topilgan. 2001-yilda Shohizinda maqbaralar majmuasi Samarqandning boshqa qadimiy inshootlari bilan birga quyidagi ro‘yxatga kiritilgan: Jahon merosi (YUNESKO).
Tarixi
Shohizinda majmuasiga turkiy Qoraxoniylar sulolasi tomonidan asos solingan. U 9 asr davomida shakllangan va XI—XIV hamda XIX asrlarga oid yigirmadan ortiq inshootni o‘z ichiga oladi. XVI asrgacha majmua «Shoh mozori» deb atalgan. Bu yerda shoh deganda Qusam ibn Abbos — Muhammad payg‘ambarning amakivachchasi va Markaziy Osiyoda islom dinining ilk targ‘ibotchisi nazarda tutilgan. XVI asrdan boshlab majmua Shohizinda, ya’ni «tirik shoh» nomi bilan tanila boshlagan.
Majmuaning faqat poydevorlari va qabr toshlari saqlanib qolgan eng qadimgi inshootlari turkiy Qoraxoniylar sulolasi davriga (XI—XII asrlar) mansub. Binolarning aksariyati Temuriylar davrida (XIV—XV asrlar) qurilgan. XVI—XIX asrlardagi qayta qurish ishlari majmuaning tuzilishi va tashqi ko‘rinishiga deyarli ta’sir qilmagan. Maqbaralar feruza rangdagi bezaklar bilan qoplangan yoki to‘q ko‘k rangli, gul naqshlari tushirilgan koshinlar bilan bezatilgan.
Shohizinda — Samarqanddagi yagona arxeologik-me’moriy yodgorlik bo‘lib, unda Afrosiyobning madaniy qatlamlari bilan birga shaharning qariyb 25 asrlik tarixi aks etgan.
27-mart 1945-yilda O‘zbekiston SSR Xalq komissarlari soveti 410-sonli qarori bilan O‘zbekiston SSR Xalq komissarlari soveti huzuridagi Arxitektura ishlari boshqarmasi tasarrufidan O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi foydalanishiga dindorlar eng ko‘p ziyorat qiladigan (ilgari davlat tomonidan yopib qo‘yilgan) yettita mozorni, jumladan Shohizindani topshirgan.
Majmua hududida dafn marosimlari 1977-yildan beri o‘tkazilmaydi.
Umumiy tarhi
Majmuaning kirish peshtoqi uning eng yangi inshootidir. Majmuaning ichki binolari quyi, o‘rta va yuqori guruhlarga bo‘linadi. Ular bir-biriga ravoqli-gumbazli o‘tish yo‘laklari — chortoqlar orqali tutashgan.
Kirish joyi yaqinidagi supada, quyi inshootlar guruhida ikki gumbazli maqbara joylashgan. O‘rta guruh Temur davridagi maqbaralardan iborat bo‘lib, bu yerda uning qarindoshlari, taniqli harbiy va diniy arboblar dafn etilgan. Ushbu inshootlar XIV asrning so‘nggi choragi — XV asr boshlariga mansub. Ular orasida Amirzoda (1386-yil), Tug‘lu Tegin, Temurning jiyani Shodi Mulk og‘a (Turkon og‘a) (1371—1372-yillar) hamda Temurning singlisi Shirinbeka og‘a (1385—1386-yillar) maqbaralari bor. So‘nggi ikki maqbara eng yaxshi saqlangan. Bir xonali bu kichik inshootlarning bosh fasadlari serhasham, rang-barang bezakli peshtoq ko‘rinishida ishlangan. Shirinbeka og‘a maqbarasi yaqinida boshqa inshootlardan sezilarli farq qiladigan, XV asrning birinchi yarmida qurilgan, tomonlarida ochiq ravoqlari bo‘lgan sakkiz qirrali maqbara joylashgan. U sirlangan g‘ishtlardan ishlangan mozaika bilan bezatilgan. Ehtimol, dastlab inshootning gumbazi baland silindrsimon baraban ustiga o‘rnatilgan.
Butun majmuaning markazida Qusam ibn Abbos majmuasi joylashgan. U bir nechta binodan iborat bo‘lib, ularning eng qadimgilari Qusam ibn Abbos maqbarasi hamda masjiddir. Mazkur masjid XVI asrga mansub. Majmuaga olib kiruvchi eshikda 1404—1405-yillar sanasi bitilgan; eshik o‘ymakorlik bilan bezatilgan va dastlab fil suyagi bilan qadama naqshlangan.
Yuqori guruhdagi inshootlar bir-biriga ro‘para joylashgan uchta maqbaradan iborat. Ular go‘yo bezaklarining go‘zalligi bilan o‘zaro bellashib, soya-salqin, ko‘rkam hovlichani hosil qiladi. Hovlining shimoliy tomonida Xoja Ahmad maqbarasi joylashgan. U Temurdan oldingi davrda, taxminan 1340-yillarda qurilgan. Hovlining sharqiy va g‘arbiy tomonlarida 1360—1361-yillarda qurilgan nomsiz maqbara va Tuman og‘aning XV asr boshlariga oid maqbarasi joylashgan.
2004—2005-yillarda O‘zbekiston hukumati farmoyishiga binoan Shohizinda majmuasida keng ko‘lamli ta’mirlash va tiklash ishlari olib borilgan. Jarayonda maqbaralar yo‘lagining o‘ng tomonida qad rostlagan devor olib tashlanib, ilk o‘rta asrlarga oid masjid, madrasa (XI asr) va undan ham qadimgi maqbaralar izlari topilgan hudud ochilgan.
Majmua inshootlari ro‘yxati
Maqbaralar

- Qusam ibn Abbos maqbarasi (1334-yil), XV asr bezaklari
- Aslzoda ayol maqbarasi, 1360/61-yil
- Shodi Mulk og‘a maqbarasi («Turkon og‘a»), 1371/72-yil, me’morlari Shamsiddin, Bariddin va Zayniddin Buxoriy)
- Shirinbeka og‘a maqbarasi, 1385/86-yil
- Amirzoda maqbarasi, 1386-yil
- Xoja Ahmad maqbarasi, XIV asr
- Ikki gumbazli maqbara, XV asrning birinchi uchdan bir qismi
- Tug‘lu Tegin maqbarasi (1376-yil)
- Sakkiz qirrali maqbara (1-uchdan bir qismi, XV asr)
- 1-raqamli nomsiz maqbara (Ali Nasafiy) (XIV asrning ikkinchi yarmi)
- 2-raqamli nomsiz maqbara (XIV asrning ikkinchi yarmi)
- Amir Burunduq maqbarasi (XIV asrning 80-yillari)
- Tuman og‘a maqbarasi va xotira masjidi (1405-yil)
Boshqa inshootlar
- Abdulaziz chortog‘i (1434/1435-yil)
- Davlat qushbegi madrasasi (1813-yil)
- Yozgi masjid (1909/1910-yil)
- Yuqori chortoq (taxminan 1405-yil)
- Qusamiya madrasasi
Galereya
- Tuman og‘a majmuasi
- Maqbaralar orasidagi o‘tish yo‘laklaridan biri
- Ustunning bir bo‘lagi: Tug‘lu Tegin maqbarasi
- Aslzoda ayol maqbarasining bir qismi
- Chap tomonda: Amirzoda maqbarasi, o‘rta chortoq va Tug‘lu Tegin maqbarasi
XX asr boshlaridagi Shohizinda
Suratlar muallifi: S. M. Prokudin-Gorskiy
- Shohizinda
- Shohizindaning shimoli-g‘arbdan umumiy ko‘rinishi
- Marhumlar yo‘lagining orqa devoridagi ravoq
- Shohizindadagi mozaikali devorlar namunalari
- Shohizindaning bosh kirish joyi
- Shohizinda. Shimoli-g‘arbdan ko‘rinishi
- Amir Temurning uchinchi xotini Qutlug‘ og‘a maqbarasi
- Kirish joyining qarama-qarshi tomonidagi tashqi ustuncha
- Shohizindadagi mozaikali devorlar namunalari. Shirinbeka og‘a maqbarasi peshtoqi ravog‘ining bir qismi
- Marhumlar yo‘lagi. Uchinchi chortoq kirish joyi ustidagi bezak tafsiloti
Havolalar
- Shohizinda Arxivlangan nusxa, 12-sentabr 2009-yildagi holati, Wayback Machine
- XIII—XV asrlardagi O‘rta Osiyo san’ati Arxivlangan nusxa, 12-oktabr 2011-yildagi holati, Wayback Machine
- Samarqand suratlarda. Shohizinda albomi Arxivlangan nusxa, 27-fevral 2009-yildagi holati, Wayback Machine (havola ishlamaydi)