| Abuliya | |
|---|---|
| KXT-11 | MG43.2 |
Abuliya (qadimgi yunoncha ἀ — inkor yuklamasi va βουλή — iroda, qaror, niyat so‘zlaridan) — nevrologiya va psixiatriya sohalariga oid tibbiy atama bo‘lib, patologik holatda irodaning yo‘qligini anglatadi; bunda bemor biror harakatning zarurligini anglab tursa ham, uni bajara olmaydi yoki zarur qarorni qabul qila olmaydi.
Bu holatda bemorlarda har qanday faoliyatga bo‘lgan istak qisman yoki butunlay yo‘qoladi. Irodaviy faollikning pasayishi bilan bog‘liq nisbatan yengil holat gipobuliya deb ataladi. Abuliya motivatsiyaning pasayish darajasiga ko‘ra yengilroq apatiya va og‘irroq akinetik mutizm holatlari oralig‘ida turadi. Abuliyaning harakatsizlik bilan birga kechishi abulik-akinetik sindrom, apatiya bilan birga kechishi esa apatiko-abulik sindrom deb ataladi; ikkinchisi apato-abulik sindrom nomi bilan ham ma’lum.
Abuliya namoyon bo‘ladigan kasalliklar
Abuliya ko‘plab nevrologik va ruhiy buzilishlarda, jumladan, quyidagi kasalliklarda kuzatiladi: shizofreniya, depressiya, Parkinson kasalligi, Xantington kasalligi, Pik kasalligi, demensiya, shuningdek, insult, neyroinfeksiyalar, miyaning toksik shikastlanishlari, bosh jarohatidan keyin. Abuliya tug‘ma ham bo‘lishi mumkin; bu aqliy zaiflikning chuqur darajalarida kuzatiladi va torpid (apatik) oligofreniyaga xosdir.
Abuliya katatonik, psixogen yoki melanxolik stupor holatida vaqtincha yuzaga kelishi mumkin.
Abuliya rivojlanishiga qon aylanishining yetishmovchiligi hamda quyidagi tuzilmalarning shikastlanishi sabab bo‘ladi: peshona bo‘lagi (bosh miya), bazal gangliyalar, oldingi belbog‘ po‘stlog‘i, kapsulyar tizza (qadoqsimon tana).
Abuliya — shizofreniyaning obligat (majburiy) alomati. Shizofreniyaga chalingan odamlarda yillar o‘tishi bilan ruhiy nuqson rivojlanadi, salbiy o‘zgarishlar, jumladan, irodaning zaiflashishi kuchayadi. Vaqt o‘tishi bilan bemorlar tobora passivlashadi, shaxsiy gigiyenaga rioya qilmay qo‘yadi, o‘ziga o‘zi xizmat qilish qobiliyatini yo‘qotadi va vaqtining katta qismini to‘shakda o‘tkazadi. Gallyutsinatsiyalar va vasvasa g‘oyalarisiz kechadigan apato-abulik sindrom shizofreniyaning oddiy shaklida kuzatiladi. Shizofreniyada abuliya parabuliya (irodaning buzilishi) bilan birga kechishi mumkin.
Hozirgi vaqtda mutaxassislar abuliyani alohida kasallik sifatida ko‘rib chiqmaydi. Abuliyani motivatsiyaning buzilishi nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqishga urinishlar mavjud.
Abuliyaning belgilari
Abuliyaga quyidagi belgilar xos:
- maqsadga yo‘naltirilgan harakatlarni boshlash va davom ettirishning qiyinligi;
- o‘z-o‘zidan yuzaga keladigan harakatlar va imo-ishoralarning kamligi yoki umuman yo‘qligi;
- sekinlashgan tafakkur va harakatlar;
- nutqning qashshoqligi, unda o‘z-o‘zidan yuzaga keladigan qo‘shimcha unsurlarning yo‘qligi;
- hissiy reaksiyaning susayishi yoki butunlay yo‘qligi;
- tashabbuskorlikning yetishmasligi;
- so‘rovga javob berish uchun ko‘proq vaqt talab qilinishi;
- passivlik;
- ijtimoiy aloqalarning kamayishi;
- bo‘sh vaqtdagi mashg‘ulotlarga qiziqishning pasayishi.
Davolash
Abuliyani davolashda qo‘llanadigan vositalar: psixostimulyatorlar (dekstroamfetamin, metilfenidat), rag‘batlantiruvchi ta’sirga ega antidepressantlar (bupropion, tranilsipromin, moklobemid, fluoksetin, protriptilin[ingl.]), dopamin agonistlari[ingl.] (levodopa, bromokriptin, amantadin, selegilin, pramipeksol, lizurid, pergolid[ingl.]) va ayrim boshqa psixofarmakologik preparatlar (xususan, analeptik modafinil).