| Oziq-ovqat allergiyasi | |
|---|---|
| | |
| XKT-10 | T78.0 |
| XKT-9 | V15.01-V15.05 |
| XKT-9-KM | 995.3 |
| OMIM | 147050 |
| MedlinePlus | 000817 |
| eMedicine | med/806 |
| MeSH | D005512 |
Oziq-ovqat allergiyasi — bu g‘ayritabiiy immun reaksiyasi dir. Immun tizimi oziq-ovqat tarkibidagi oqsillarni xavfli deb noto‘g‘ri taniydi va ularga javoban turli allergik reaksiya alomatlarini keltirib chiqaradi. Bu alomatlar yengildan og‘irgacha bo‘lishi mumkin. Ularga quyidagilar kiradi: qichishish, tilning shishishi, qusish, ich ketishi, eshakemi, nafas olish qiyinlashishi yoki qon bosimining pasayishi. Reaksiya odatda allergen bilan aloqa qilgandan keyin bir necha daqiqadan bir necha soatgacha davom etadi. Alomatlar juda og‘ir bo‘lsa, anafilaktik shok.
Eng ko‘p uchraydigan allergen mahsulotlar qatoriga quyidagilar kiradi:
- sigir suti,
- tuxum,
- bug‘doy,
- yong‘oqlar,
- soya,
- yeryong‘oq,
- baliq,
- dengiz mahsulotlari (qisqichbaqasimonlar va mollyuskalar).
Yevropada bu ro‘yxatga quyidagilar ham kiritilgan:
- kunjut,
- lyupin,
- selderey,
- xantal,
- sulfitlar (quritilgan meva va sabzavotlar kabi oziq-ovqat mahsulotlarining rangini saqlash uchun ishlatiladigan moddalar).
Eng ko‘p uchraydigan allergenlar mamlakatdagi ovqatlanish odatlariga bog‘liq. Turli mamlakatlarda o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, bolalarda allergiyani eng ko‘p tovuq tuxumi va sigir suti keltirib chiqaradi. Keyingi o‘rinda shu mamlakatda ko‘p iste’mol qilinadigan mahsulotlar turadi. Masalan, Xitoy va Yaponiyada bular dengiz mahsulotlari, bug‘doy va soya, Isroilda — kunjut, AQSh va Yevropada esa yeryong‘oqdir.
Xavf omillariga irsiyat, D vitamini yetishmovchiligi, semizlik va ortiqcha ozodalik kiradi. Allergiya E immunoglobulini (IgE) — organizm immun tizimining bir qismi — oziq-ovqat molekulalari bilan bog‘langanda yuzaga keladi. Bu esa yallig‘lanish moddalarining, jumladan, gistamin ajralib chiqishiga sabab bo‘ladi. Tashxis odatda kasallik anamnezi, ovqatlanish tartibi, teri sanchish sinamasi (skin prick test)va oziq-ovqatga qarshi antitanalarni aniqlash uchun qon tahliliga asoslanadi.
Oziq-ovqat allergiyasini quyidagi holatdan farqlash lozim: oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘tara olmaslik[ingl.]. Bu ham oziq-ovqatga nisbatan reaksiya, biroq bunda immun tizimi ishtirok etmaydi.
Tarqalishi va xavf omillari
Oziq-ovqat allergiyasining haqiqiy tarqalish darajasi kattalar orasida 1,5—2 % ni, bolalarda esa taxminan 6 % ni tashkil etadi. Shu bilan birga, o‘zida oziq-ovqat allergiyasi bor deb hisoblaydiganlar ulushi ancha yuqori. Bu esa ularning ovqatlanish ratsionini keraksiz ravishda cheklashiga olib keladi.
O‘zgartirib bo‘lmaydigan xavf omillari:
- Irsiyat — oilada allergik kasalliklarga chalinganlar bo‘lsa, xavf ortadi;
- Jins — allergiya o‘g‘il bolalarda ko‘proq tashxislanadi;
- Etnik kelib chiqish — masalan, Afrika kelib chiqishiga ega odamlarda allergiya rivojlanish xavfi yuqoriroq.
O‘zgartirish mumkin bo‘lgan xavf omillari:
- Yashash muhiti: shaharda yashovchi bolalarda allergiya rivojlanish xavfi qishloq joylarda yashovchi bolalarga qaraganda yuqoriroq. Bu farq shahar bolalari nisbatan steril muhitda yashashi bilan izohlanadi. Natijada immun tizimi yetarlicha rag‘batlanmaydi va uning javobi infeksiyaga qarshi yo‘nalishdan allergik yo‘nalishga o‘zgaradi. Bundan tashqari, shaharlarda havo ifloslanishi darajasi yuqoriroq bo‘lib, bu nafas yo‘llari hamda oshqozon-ichak traktining epiteliy qavati to‘siq xususiyatlarini zaiflashtiradi. Shuningdek, shahar bolalari ochiq havoda kamroq vaqt o‘tkazadi va tabiiy mahsulotlarni kamroq iste’mol qiladi, bu esa allergiya xavfini oshirishi mumkin.
- Gigiyena darajasi: haddan tashqari toza muhit va antiseptiklardan ortiqcha foydalanish.
- Atopik dermatit: quruq va shikastlangan teri orqali oziq-ovqat allergenlari kirib borishi mumkin, bu esa allergiya xavfini oshiradi.
Davolash
Havolalar
- INFOSANning 3/2006-sonli axborot varaqasi — Oziq-ovqat allergiyalari Arxiv nusxasi 6-sentabr 2021-yil kuni Wayback Machine’da
- Sidorovich O. I., Luss L. V. Oziq-ovqat allergiyasi: tashxis qo‘yish va davolash tamoyillari // Meditsinskiy sovet. — 2016. — 16-son. — 141–147-betlar. — ISSN 2079-7028.