| Oq uy | |
|---|---|
| ingl. White House | |
| | |
| 38°53′52″ sh. k. 77°02′12″ g‘. u.HGЯO | |
| Turi | qasr, fuqarolik binosi[Vikima’lumotlar] va prezident saroyi |
| Mamlakat |
|
| Shahar | Vashington |
| Manzil | Pensilvaniya avenyusi, 1600 |
| Bino turi | qasr |
| Me’moriy uslub | palladian uslubi |
| Me’mor | Jeyms Hoban |
| Asos solingan sana | XVIII asr |
| Qurilishi | 1792—1800 yillar |
| Mashhur istiqomat qilganlar |
AQSH prezidentlari va AQSH birinchi xonimlari hamda ularning oila a’zolari |
| Balandligi | 22,43 |
| Veb-sayt | whitehouse.gov (ingl.) |
Oq uy (ingl. the White House) — AQSH prezidentining rasmiy qarorgohi, shuningdek, Amerika Qo‘shma Shtatlarining ramzlaridan biri va dunyodagi eng mashhur binolardan biridir. Bino Vashingtonda (Kolumbiya okrugi) joylashgan. Uning pochta manzili: Pensilvaniya avenyusi, 1600 (ingl. 1600 Pennsylvania Avenue, Washington, D.C. 20500). 13-oktabr 1792-yilda AQSH prezidenti qarorgohining poydevoriga birinchi tosh qo‘yilgan. 1901-yildan boshlab u Teodor Ruzveltning farmoyishiga ko‘ra rasman «Oq uy» deb ataladi. Jurnalistikada «Oq uy» iborasi AQSH prezidenti ma’muriyati ma’nosida ham ishlatiladi (xuddi Rossiya prezidenti ma’muriyati deganda «Kreml» tushunilgani kabi).
Irlandiyalik me’mor Jeyms Hoban qarorgohni neoklassik uslubda loyihalashtirgan. Qurilish 1792-yildan 1800-yilgacha davom etgan. Bunda oq rangga bo‘yalgan qumtosh — Akvayya-Krik qumtoshi ishlatilgan. 1801-yilda Tomas Jefferson bu uyga ko‘chib o‘tgan. Otxonalar va omborlarni ko‘zdan yashirish maqsadida u me’mor Benjamin Genri Latrob bilan birgalikda binoning har bir qanotiga pastak ustunli galereyalar qo‘shgan.
Bino 2-o‘rinni Amerika me’morlar institutining «Amerikaning sevimli me’morchiligi» nomli 2007-yilgi reytingida egallagan.
Tarix
Oq uy barcha AQSH prezidentlarining rasmiy qarorgohi bo‘lgan, faqat Jorj Vashington bundan mustasno. U 1789-yildan 1797-yilgacha prezidentlik qilgan, o‘sha davrda esa Oq uy qurilishi endigina boshlangan edi. Qurilish yakunlanganidan keyin, 1-noyabr 1800-yil, shanba kunidan boshlab, qarorgohda yashagan birinchi prezident Jon Adams bo‘lgan. Prezident uyi Filadelfiyada mehmonxonaga aylantirilgan va 1832-yilda buzib tashlangan. Foydalanilmay qolgan prezident qasri esa Pensilvaniya shtati universitetiga qarashli binoga aylangan. 1814-yil avgustida Oq uy britaniyaliklar tomonidan yoqib yuborilgan, shundan so‘ng qayta qurilib, tiklangan.
Prezident uyi Pyer (Piter) Sharl Lanfan ishlab chiqqan Kolumbiya okrugidagi yangi federal Vashington shahri rejasining asosiy qismi edi (qarang: L’Enfant Plan). Oq uy me’morini tanlash uchun tanlov o‘tkazilgan. Unda to‘qqizta loyiha taklifi, shuningdek, Tomas Jefferson anonim tarzda taqdim etgan bitta taklif ham qatnashgan.
Hoban binoni loyihalashda «Lenster-haus» mehmonxonasining yuqori qavatlari me’moriy uslubidan kuchli ta’sirlangan. Bu mehmonxona Dublin shahrida joylashgan bo‘lib, keyinchalik Irlandiya parlamenti — Eryaxtas (irlandcha Oireachtas) qarorgohiga aylangan. Ayrim taxminlarga ko‘ra, Tomas Jefferson 1789-yilda sayohat davomida Bordoga borgan. U yerda Arxitektura maktabiga (Bordo arxitektura kollejiga) tashrif buyurib, arxivda me’mor Maturen Salatning La-Bashellerida (Bordo yaqinida) qurilishi rejalashtirilgan qo‘rg‘on-uy — Shato de Rastinyak uchun chizgan loyihalari nusxalarini ko‘rgan. Bu imorat keyinchalik 1811—1817-yillarda palladian uslubida qurilgan. AQSHga qaytgach, Jefferson ko‘rganlari haqida quyidagi kishilarga so‘zlab bergan: Vashington, Hoban, Monro va Benjamin Genri Latrob.

Prezident qarorgohi palladian uslubida qurilgan qasrdir (me’mori — Jeyms Hoban). Qurilish 13-oktabr 1792-yilda boshlanib, 1-noyabr 1800-yilda yakunlangan. Bino turli davrlarda «Prezident saroyi», «Prezident qasri» yoki «Prezident uyi» deb atalgan. 1811-yilga oid hujjatda jamoatchilik binoni «Oq palata» deb ataganining dastlabki qaydi uchraydi.
1895-yili Grover Klivlend prezidentligi davrida, Oq uydagi Rojdestvo archasi birinchi marta elektr girlyandasi bilan bezatilgan.
XX asr boshlarida qasrdagi mavjud xonalar yetarli bo‘lmagani sababli Oq uyning G‘arbiy qanoti qurilgan. 1909-yildan buyon prezidentning ish joyi binoning shu qanotidagi Oval kabinetda joylashgan.
1942-yilda Oq uy yonida bombadan saqlanish boshpanasi (hozirgi Prezidentning favqulodda vaziyatlar bo‘yicha operativ markazi) qurilgan, uning ustida esa Oq uyning Sharqiy qanoti qurilgan.
1948-yilda Oq uy binosi qulash xavfi ostida qolganida prezident Trumen binoni qayta qurishga majbur bo‘lgan. Ta’mirlash davrida u yo‘lning narigi tomonidagi Bler-hausga ko‘chib o‘tgan va 1949-yildan 1951-yilgacha shu yerda yashab, ishlagan. Ta’mirlash uchun jami taxminan 5,7 million dollar (54 million dollar — 2018-yil qiymatida) sarflangan. Qayta qurish jarayonida barcha ichki konstruksiyalar, jumladan devorlar buzib tashlangan. Shu tariqa tarixiy Oq uyning faqat tashqi devorlari saqlanib qolgan.
1965-yilda Ledi Berd Oq uyning Sharqiy bog‘ini o‘zidan oldingi birinchi xonim Jeki Kennedi sharafiga qayta nomlagan. Oq uy bog‘i yiliga ikki marta keng jamoatchilik uchun ochiladi. Bu an’anani 1972-yilda Pet Nikson boshlab bergan.
1980-yillarda Nensi Reygan Oq uyda 800 ming dollar sarflab, pardozlash ta’mirini o‘tkazgan. Shuningdek, u xususiy xayriyalar hisobidan yana 200 ming dollarni qarorgoh uchun yangi chinni idishlar to‘plamini sotib olishga sarflagan va buning uchun qattiq tanqid qilingan.
Tavsif

Oq uy olti qavatdan iborat:
- ikkita yerto‘la qavati,
- ikkitasi rasmiy qabullar uchun,
- ikkitasi prezident oilasi uchun.
Oq uyga ekskursiyaga kelganlar chiroyli interyerlar va tarixiy xonalarni, jumladan, Sharqiy xonani, Yashil xonani, Moviy xonani, Qizil xonani hamda Rasmiy ziyofatlar xonasini ko‘rishlari mumkin. Prezident va birinchi xonim bu xonalardan boshqa davlatlardan kelgan mehmonlarni qabul qilish uchun foydalanadilar. Oval kabinetda prezident davlatni boshqarish bilan bog‘liq ishlarni bajaradi: qonun loyihalari va hukumat farmoyishlarini imzolaydi, xodimlari, tashrif buyuruvchilar va mehmonlar bilan uchrashadi.
2026-yil may oyida AQSH prezidenti Donald Tramp Oq uydagi bal zali yirik rasmiy tadbirlar uchun 2028-yil sentabrida tayyor bo‘lishini ma’lum qilgan.
Madaniyat va san’atda
- Oq uy tasviri 20 dollarlik banknotda aks etgan.
Filmlar va teleseriallarda
- Qartalar uyi
- Bu mening Bushim!
- Janjal
- Amerika prezidenti
- Deyv
- Saroy xizmatchisi
- So‘nggi nomzod
- Vaziyat
- Siyosatchilar
- Pensilvaniya avenyusi, 1600
- G‘arbiy qanot
- Prezident ayol
- Prezident maslahatchisi
- Oq uyga hujum
- Olimpning qulashi
- Jeki
- Amerika jinoyatlari tarixi (3-mavsum, 2021)
- Millat xazinasi
- Piksellar
- Millat xazinasi: Sirlar kitobi
- Qarorgoh (teleserial)
Galereya
- Ikkinchi qavatdagi prezidentning ovqatlanish xonasi (2008-yil)
- Ikkinchi qavatning markaziy xolli, 2001-yil
- Sharqiy zal (shiftining balandligi taxminan 7 m)
- Tantanali zinapoya
- Vestibyul (Katta foyye), 1904-yil
- Chinni buyumlar xonasi
- Oilaviy ovqatlanish xonasi (2015-yil fevral)
Adabiyotlar
- Elizabet Bumiller. Oq uy fasadi ortida // «National Geographic» (Rossiya), 2009-yil yanvar.
Havolalar
- whitehouse.gov (ingl.) — Oq uyning rasmiy sayti