OpenAI o1 fikrlovchi modeli

o1
Turi Oldindan o‘qitilgan generativ transformer modeli
Ishlab chiquvchi OpenAI
Chiqarilgan sana 12-sentabr 2024
Sinov versiyasi (12 sentabr 2024; 2 yil avval (2024-09-12))
Veb-sayt openai.com/o1/ (ingl.)

OpenAI o1 — bu oldindan o‘qitilgan generativ transformer modeli (GPT). o1’ning dastlabki sinov versiyasi OpenAI tomonidan 12-sentabr 2024-yilda chiqarilgan. o1 javob berishdan oldin «mulohaza yuritish» uchun vaqt ajratadi. Shu sababli u murakkab mantiqiy fikrlash, ilmiy masalalar va dasturlash vazifalarini bajarishda GPT-4o modeliga qaraganda qobiliyatliroq. To‘liq versiya ChatGPT foydalanuvchilari uchun 5-dekabr 2024-yilda chiqarildi.

Tarixi

Tarixiy ma’lumotlar

Sizib chiqqan ma’lumotlarga ko‘ra, o1 dastlab OpenAI ichida «Q*», keyin esa «Strawberry» nomi bilan tanilgan. «Q*» kod nomi ilk bor 2023-yil noyabrida, lavozimidan chetlatilib, keyin qayta tiklangan Sem Altman bilan bog‘liq voqealar paytida paydo bo‘lgan. O‘shanda ushbu tajribaviy model matematik sinovlarda istiqbolli natijalar ko‘rsatgani haqida mish-mishlar tarqalgan edi. 2024-yil iyulida Reuters OpenAI oldindan o‘qitilgan generativ transformer modelini ishlab chiqayotgani haqida xabar berdi. «Strawberry» nomi bilan tanilgan ushbu model keyinchalik o1 ga aylandi.

Chiqarilishi

«o1-preview» va «o1-mini» 12-sentabr 2024-yilda ChatGPT Plus va Team foydalanuvchilari uchun chiqarildi. GitHub o1-preview’ni o‘zining Copilot xizmatiga integratsiya qilishni aynan o‘sha kuni sinovdan o‘tkaza boshladi. 5-dekabr 2024-yilda o1’ning to‘liq versiyasi chiqarildi.

Imkoniyatlari

OpenAI ta’kidlashicha, o1 yangi optimallashtirish algoritmi va maxsus tanlangan ma’lumotlar to‘plami yordamida o‘qitilgan. Bundan tashqari, o‘qitish jarayoniga mustahkamlovchi o‘rganish usuli ham qo‘shilgan. 2025-yil yanvaridan boshlab o1 to‘liq modelining API xizmatidan foydalanish dasturchilar uchun cheklanadi va foydalanuvchilarga 5-daraja narxlari bo‘yicha haq hisoblanadi. OpenAI ma’lumotlariga ko‘ra, o1 GPT-4o o‘rnini egallamaydi, balki uni to‘ldiradi.

o1 javob berishdan oldin mulohaza yuritish (fikrlash zanjirini yaratish) uchun qo‘shimcha vaqt sarflaydi. Shu tufayli u murakkab masalalarni hal etishda, ayniqsa, quyidagi sohalarda yuqoriroq natija ko‘rsatadi: fan va matematika.

Cheklovlari

o1 javob berishdan oldin uzun fikrlash zanjirlarini yaratgani sababli OpenAI’ning boshqa GPT modellariga qaraganda ko‘proq hisoblash resurslarini talab qiladi.