Movarounnahr

Movarounnahr
Transoksiana (Transoksaniya)
Farorud
arab. ما وراء النهر‎
lot. Transoxiana / Transoxania
fors. فرارود‎
Geografik mintaqa O‘rta Osiyo
Joylashuvi Ikki daryo oralig‘i: Amudaryo va Sirdaryo
Мавераннахр, Хорезм и Великий Хорасан
Movarounnahr, Xorazm va Buyuk Xuroson
Логотип Викисклада Vikiombordagi mediafayllar

Movarounnahr (arab. ما وراء النهر‎, «daryo orti»), shuningdek, Transoksiana yoki Transoksaniya (lot. Transoxiana / Transoxania) hamda Farorud (fors. فرارود‎) — VIII asrdan boshlab O‘rta Osiyoning ikki daryo — Amudaryo va Sirdaryo oralig‘idagi hududiga nisbatan qo‘llanilgan atama.

Nomi va hududi

O‘rta Osiyo tarixning turli davrlarida turlicha nomlangan. Iskandar Zulqarnaynning istilochilik yurishidan keyin mintaqa «Transoksiana» yoki «Transoksaniya» deb atala boshladi; bu nom Oks daryosi (hozirgi Amudaryo) nomidan olingan. Ayrim qadimgi yunon va lotin manbalarida Oks va Yaksart oralig‘idagi mintaqa nomining aynan shu ikki varianti uchraydi. Keyinchalik bu nom boshqa Yevropa tillariga ham kirib bordi va mintaqa Yevropada aynan shu nomlar bilan tanildi.

Bu hududning «Movarounnahr» nomi O‘rta Osiyoni arablar bosib olgan VII—VIII asrlarda paydo bo‘lgan va dastlab Jayhun (hozirgi Amudaryo)ning o‘ng qirg‘og‘idagi bepoyon hududlarni anglatgan. Keyinchalik «Movarounnahr» deganda faqat Jayhun va Sayhun (hozirgi Sirdaryo) daryolari oralig‘idagi hudud, ya’ni katta qismini sug‘oriladigan yerlar, tog‘lar va dashtlar egallagan mintaqa tushunilgan. Aynan Movarounnahrda o‘sha davrdagi islom olamining madaniyati va sivilizatsiyasi yuksak bo‘lgan eng muhim shaharlari joylashgan edi. Jumladan, Samarqand, Buxoro, Shosh, Naxshab, Karmana, Farg‘ona, Xo‘jand, Kesh va boshqa shaharlar. Garchi Turkiston shahri Sayhunning o‘ng qirg‘og‘ida, ya’ni Movarounnahr tashqarisida joylashgan bo‘lsa-da, u ko‘pincha ushbu mintaqa tarkibiga kiritilgan.

Tarixi

Xitoyda san-say uslubida ishlangan, sug‘diy rohibni tasvirlovchi haykalcha. Tan sulolasi davri (618—907)

VII asr oxiri — VIII asr boshlarida Arab xalifaligi qo‘shinlari Markaziy Osiyoning janubiy chegaralariga yetib keldi. Kelib chiqishi turkiy yoki aralash bo‘lgan, o‘zaro tarqoq mahalliy sulolalar arablarga uzoq muddat qarshilik ko‘rsata olmadi. 705-yilda arablar talonchilik yurishlari taktikasidan Amudaryoning sharqidagi hududlarni egallashga o‘tdi. 706-yilda sarkarda hamda Xuroson noibi Qutayba ibn Muslim egallagan shahar — Balx edi. Shundan so‘ng u Poykent shahriga (Buxoro yaqinida) yurish boshladi. Sug‘diylarga yordamga Turgash xoqonligi qo‘shinlari keldi.

820-yillardan boshlab Movarounnahrda rasman arablarga qaram bo‘lgan Tohiriylar va Somoniylar sulolalari shakllandi.

X asrda Somoniylar o‘rnini Qoraxoniylar egalladi.

XI asrda Qoraxoniylar Saljuqiylar hokimiyatini tan oldi.

XII asrda mintaqa ustidan hokimiyat Qoraxitoylar qo‘liga o‘tdi, XIII asrda esa — Xorazmshohlar qo‘liga.

Milodiy 1219-yilda Movarounnahrga Chingizxon mo‘g‘ullari bostirib kirdi. Milodiy 1224-yilda mintaqa Chig‘atoy ulusi (Mo‘g‘ullar imperiyasi) tarkibiga kirdi.

XIV asrda Movarounnahr ustidan nazorat Temuriylar imperiyasi qo‘liga o‘tdi (markazi — Samarqand); XVI asrda uning o‘rnini Buxoro xonligi egalladi.

Hozirgi vaqtda Movarounnahr tarixiy-geografik mintaqasining katta va markaziy qismini O‘zbekiston egallaydi. Movarounnahr tarkibiga, shuningdek, Qizilo‘rda va Turkiston viloyatlarining janubiy qismlari (Qozog‘iston) hamda g‘arbiy (Xatlon viloyati va respublikaga bo‘ysunuvchi tumanlar — RBT) hamda shimoliy (Sug‘d viloyati) qismlari (Tojikiston) ham kiradi.

Adabiyotlar

Ushbu maqolani yozishda quyidagi nashr materiallaridan foydalanildi: «Qozog‘iston. Milliy ensiklopediya» (1998—2007), ularni taqdim etgan tomon — «Qozog‘iston ensiklopediyasi» tahririyati. Litsenziya: Creative Commons BY-SA 3.0 Unported.