Mashinaviy tarjima

Mashina tarjimasi — matn yoki nutqni avtomatik tarjima qilish orqali bir tildan boshqasiga o‘girish jarayoni bo‘lib, uni sun’iy intellekt inson ishtirokisiz amalga oshiradi. Tarjima qilish uchun kompyuterlardan foydalanishning dastlabki urinishlari dasturlashtirilgan lug‘atlar va lingvistik qoidalarga asoslangan edi. Zamonaviyroq tizimlar esa ehtimollik yondashuviga tayanadi. Bular — statistik va neyron mashina tarjimasi.

Mashina tarjimasi tarixi

Bir tildan boshqa tilga tarjima qilish algoritmlari haqidagi g‘oyalar kompyuter ixtiro qilinishidan avval paydo bo‘lgan. 1930-yillarning o‘rtalarida arman millatiga mansub fransuz muhandisi Jorj Artsruni va sovet olimi hamda pedagogi Pyotr Smirnov-Troyanskiy bir-biridan mustaqil ravishda «tarjima mashinalari»ni patentlashga urinishgan. Smirnov-Troyanskiyning batafsilroq ishlab chiqilgan loyihasi avtomatik ikki tilli lug‘atdan tashqari, esperantoga asoslangan tillararo grammatik vazifalarni kodlash sxemasini, shuningdek, matnni tahlil qilish va sintezlashning umumiy tamoyillarini ham o‘z ichiga olgan. Biroq Smirnov-Troyanskiyning g‘oyalari 1950-yillargacha keng tanilmagan.

Tarjimada elektron hisoblash mashinasidan foydalanish g‘oyasi 1947-yilda aynan AQSHda ilgari surildi. Uni o‘sha paytda Uorren Uiver ismli matematik Rokfeller jamg‘armasida ishlayotgan vaqtida Norbert Vinerga yozgan maktubida bayon qilgan. 1949-yil iyulida Uorren mashina tarjimasi bo‘yicha o‘sha davrgacha ilgari surilgan takliflarni umumlashtiruvchi memorandum tayyorladi. Bu takliflar Ikkinchi jahon urushi davridagi shifrlarni kriptotahlil qilish ishlanmalari, axborot nazariyasi ga oid Klod Shennon g‘oyalari hamda barcha tabiiy tillar asosida qandaydir umumiy tamoyillar mavjudligi haqidagi qarashlarga tayangan. Keyingi yillarda AQSHning bir qancha universitetlarida elektron hisoblash mashinalari asosidagi mashina tarjimasi tizimlarini yaratish ishlari boshlandi. Bunday tizimning ilk ommaviy namoyishi — Jorjtaun tajribasi — 1954-yilda bo‘lib o‘tdi. Tizim IBM va Jorjtaun universiteti hamkorligida yaratilgan. Jorjtaun tajribasida juda cheklangan lug‘at hamda eng sodda grammatika qo‘llangan bo‘lsa-da, u katta qiziqish uyg‘otdi va dunyoning turli mamlakatlaridagi olimlarni shu sohada izlanish olib borishga undadi.

Dastlabki tizimlar, aslida, yirik ikki tilli lug‘atlar va bir tildagi har bir so‘zga boshqa tildan mos muqobil tanlash qoidalaridan iborat edi. Biroq olimlar so‘zlarni to‘g‘ri tartibda joylashtiradigan sintaktik qoidalar haddan tashqari murakkablashishini tezda angladilar. Mashina tarjimasi sintaktik tahlilning tizimliroq usullarini talab qilardi. 1950–1960-yillardagi mashina tarjimasi tadqiqotlariga yangi lingvistik nazariyalar, xususan, formal grammatikalar modellari, jumladan, transformatsion-generativ grammatika, tobelik grammatikasi va stratifikatsion grammatika kuchli ta’sir ko‘rsatdi. 1950-yillarning o‘rtalaridan 1960-yillarning o‘rtalarigacha mashina tarjimasi tadqiqotchilari yaqin kelajakda katta yutuqqa erishish umidida edilar. 1960-yillarning boshlarida bir nechta amaliy mashina tarjimasi tizimi ishlagan. Masalan, AQSH Harbiy-havo kuchlarining Xorijiy texnologiyalar boshqarmasi IBM va Vashington universiteti hamkorligida yaratilgan Mark II kompyuteridan foydalangan; Jorjtaun universiteti ishlanmalaridan esa AQSH Atom energiyasi komissiyasi va Yevropa atom energiyasi hamjamiyati Italiyadagi markazida foydalangan.

1964-yilda AQSH hukumati Tilni avtomatik qayta ishlash bo‘yicha maxsus maslahat qo‘mitasini (ALPAC[ingl.]) tashkil etdi. Ushbu guruh 1966-yilda hisobot e’lon qilib, mashina tarjimasi tizimlari iqtisodiy jihatdan samarasiz degan xulosaga keldi: mashina tarjimasi inson tarjimasidan sekinroq, sifatsizroq va ayni paytda ikki baravar qimmatroq edi. ALPAC bu sohaga qo‘shimcha sarmoya kiritishni maqsadga muvofiq emas deb hisoblab, uning o‘rniga tarjimonlar ishiga yordam beradigan tizimlarni, masalan, kompyuter lug‘atlarini ishlab chiqish, shuningdek, kompyuter lingvistikasi bo‘yicha nazariy tadqiqotlarni davom ettirishni taklif qildi. ALPAC hisoboti AQSHda mashina tarjimasi ishlanmalarining amalda to‘xtashiga olib keldi va SSSR hamda Yevropadagi tadqiqotchilarga ham ta’sir ko‘rsatdi. Shunga qaramay, ayrim mamlakatlarda — Germaniya, Kanada va Fransiyada — izlanishlar davom etdi. 1970-yilda AQSH Harbiy-havo kuchlari SYSTRAN tizimini ishlata boshladi; 1976-yilda esa Yevropa komissiyasi ham tez ko‘payib borayotgan hujjatlarini Yevropa tillari o‘rtasida tarjima qilish uchun shu SYSTRAN tizimidan foydalanishni boshladi. O‘sha yili Kanadada Monreal universiteti tomonidan ishlab chiqilgan Meteo tizimi ishga tushirildi; u ob-havo prognozlarini mashina yordamida tarjima qilishga mo‘ljallangan edi. SSSRda 1960-yillardagi mashina tarjimasi ishlanmalari, asosan, ilmiy-texnik hujjatlarni ingliz tilidan rus tiliga va aksincha tarjima qilishga qaratilgan bo‘lib, ulardan foydalanishi mumkin bo‘lgan kishilar soni kam edi. Bu sohada mashina tarjimasining kamchiliklariga qaraganda axborotga tez yetib borish muhimroq hisoblangan.

1980-yillarning boshiga kelib mashina tarjimasining asosiy tizimlari yirik meynfreym kompyuterlar asosida qurilardi. Bu vaqtga kelib ko‘plab til juftliklarini qo‘llab-quvvatlagan SYSTRANdan tashqari, inglizcha–nemischa va inglizcha–fransuzcha tarjimalar uchun Logos tizimlari, Panamerika sog‘liqni saqlash tashkiloti[ingl.]ning inglizcha–ispancha tarjima uchun o‘z tizimi, METAL MT[ingl.] tizimi paydo bo‘ldi. So‘nggi tizim Ostindagi Texas universiteti va Germaniyaning Siemens kompaniyasi tomonidan yaratilgan edi. Shuningdek, yapon ishlab chiqaruvchilari inglizcha–yaponcha tarjima uchun bir qator tizimlar ishlab chiqdilar. 1980-yillarda shaxsiy kompyuterlar va matn protsessorlari keng tarqaldi. Natijada avvalgilariga qaraganda ancha arzon mashina tarjimasi tizimlari ko‘paydi. Jumladan, ALPS, Weidner Communications[ingl.], Linguistic Products va Globalink kompaniyalari mahsulotlari, shuningdek, ko‘plab yapon tizimlari paydo bo‘ldi. Mashina tarjimasi uchun o‘z mikrokompyuterlarini Sharp, NEC, OKI, Mitsubishi, Sanyo va boshqa kompaniyalar ishlab chiqargan. Ilmiy muhitda ham ma’lumotni oraliq, ba’zan esa tillararo ifodalash shakllari orqali «bilvosita» tarjima qilish, semantik, morfologik va sintaktik tahlil, shuningdek, lingvistik bo‘lmagan bilimlar bazalarini yaratish bilan bog‘liq ko‘plab tadqiqotlar olib borildi. O‘sha paytda ikkita yirik xalqaro tadqiqot loyihasi ham faoliyat yuritgan: Eurotra[ingl.] loyihasini Yevropa hamjamiyatlari moliyalashtirgan; Yaponiyadagi Kompyuterlashtirish sohasida xalqaro hamkorlik markazi esa Xitoy, Indoneziya va Tailand olimlarini ham birlashtirgan.

Candide tizimini IBM mutaxassislari guruhi 1980–90-yillar chegarasida yaratdi. U yangi yondashuv — statistik mashina tarjimasining ilk namoyishi bo‘ldi. Shu davrda bir nechta yapon tadqiqot guruhi mashina tarjimasi muammosiga yana bir yechim — matn korpuslariga asoslangan tizimlarni taklif qildi. Ularda tarjima tayyor misollar asosida tuzilardi. Qoidalarga asoslangan mashina tarjimasi loyihalari, jumladan, Karnegi — Mellon universitetining Catalyst loyihasi ham ishlab chiqilgan. Tarjima xotirasiga asoslangan tijoriy tizimlar, masalan, Trados ham paydo bo‘ldi. Ular inson tarjimonlarga ilgari bajarilgan tarjimalardan oson foydalanish imkonini berdi. 1990-yillarda nutqning mashina tarjimasi bo‘yicha tadqiqotlar ham boshlandi.

Hozirgi vaqtda mashina tarjimasiga oid ko‘plab tijoriy loyihalar mavjud. Bu sohaning dastlabki yetakchilaridan biri SYSTRAN kompaniyasi bo‘lgan. Rossiyada mashina tarjimasi rivojiga professor R. G. Piotrovskiy boshchiligidagi guruh katta hissa qo‘shgan (A. I. Gertsen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti, Sankt-Peterburg).

Mashina tarjimasiga yondashuvlar

Qoidalarga asoslangan mashina tarjimasi

Statistik mashina tarjimasi

Mashina tarjimasidagi statistik yondashuv katta hajmdagi til juftliklarini taqqoslashga asoslanadi. Til juftliklari — bir tildagi gaplar va ularning ikkinchi tildagi mos gaplaridan iborat matnlar bo‘lib, ular ikki tilni biladigan kishi yozgan ikki xil ifoda yoki inson tomonidan tarjima qilingan gaplar to‘plami bo‘lishi mumkin. Shu tariqa statistik mashina tarjimasi «o‘z-o‘zini o‘rgatish» xususiyatiga ega. Tizim ixtiyorida qancha ko‘p til juftligi bo‘lsa va ular bir-biriga qanchalik aniq mos kelsa, statistik mashina tarjimasining natijasi shunchalik yaxshi bo‘ladi.

«Statistik mashina tarjimasi» deganda ikki tilli matnlar majmuasidan olingan ma’lumotlardan foydalanib, gapning eng ehtimolli tarjimasini topishga asoslangan umumiy yondashuv tushuniladi. Ikki tilli matnlar majmuasiga parlamentdagi munozaralar bayonnomalari hisoblangan parlament hisobotlarini misol qilish mumkin. Bunday ikki tilli hisobotlar Kanada, Gonkong va boshqa hududlarda nashr etiladi; Yevropa iqtisodiy hamjamiyatining rasmiy hujjatlari 11 tilda chiqariladi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti esa hujjatlarini bir necha tilda e’lon qiladi. Ma’lum bo‘lishicha, bu materiallar statistik mashina tarjimasi uchun nihoyatda qimmatli manbalardir.

Neyron mashina tarjimasi

Falsafiy asoslar

1960-yillarda Stanislav Lem mashina tarjimasi muammosi va matnni tushunish jarayonining mashina tomonidan amalga oshirilishi haqidagi fikrlarni umumlashtirgan (bu masala, masalan, 1980-yilda ilgari surilgan «xitoy xonasi»):

... biz tarjima mashinalaridan insondagidek «ichki hayotning to‘liqligi»ni talab qilamiz; biroq yaxshi tarjima qilishi kerak bo‘lgan mashinaga «shaxsiyat»ning qay darajasini bermaslik mumkinligini shunchaki bilmaymiz. Biz «shaxsiyat»ning hech bo‘lmaganda kurtagiga ega bo‘lmasdan ham «tushunish» mumkinmi, yo‘qmi — buni bilmaymiz. <…> Operatsion tildan fikriy, ya’ni diskursiv tillar sohasida tarjima vositasi sifatida oxirigacha samarali foydalanish mumkin emasdek ko‘rinadi. Yoki mashinalar «tushungan holda» ishlaydi, yoki chinakam samarali tarjima mashinalari umuman mavjud bo‘lmaydi.

Tarjima sifati

Tarjima sifati dastlabki matnning mavzusi va uslubiga, shuningdek, tarjima qilinayotgan tillarning grammatik, sintaktik va leksik jihatdan qanchalik yaqinligiga bog‘liq. Badiiy matnlarning mashina tarjimasi deyarli har doim qoniqarsiz bo‘ladi. Biroq texnik hujjatlar uchun maxsus mashina lug‘atlari mavjud bo‘lsa va tizim muayyan turdagi matnlarning xususiyatlariga biroz moslashtirilsa, faqat ozgina tahrir talab qiladigan, maqbul sifatdagi tarjima olish mumkin.[manba ko‘rsatilmaganiga 5267 kun bo‘lgan]. Dastlabki hujjatning uslubi qanchalik ko‘p rasmiylashtirilgan bo‘lsa, tarjima sifati ham shunchalik yuqori bo‘lishi kutiladi. Mashina tarjimasidan foydalanishda eng yaxshi natijalarga texnik uslubda (turli tavsif va yo‘riqnomalar) hamda rasmiy-ish uslubida.

yozilgan matnlarda erishish mumkin. Mashina tarjimasini mavzuga moslashtirmasdan (yoki ataylab noto‘g‘ri moslashtirib) ishlatish internetda tarqalgan ko‘plab hazillarga sabab bo‘lgan. Bunday hazillarning eski va mashhur namunalaridan biri drayver yordamida ishlaydigan kompyuter sichqonchasi hujjatlarining «Sichqoncha podachilari» deb tanilgan tarjimasidir. U «kompyuter hujjatlarini Poliglossum mashina tarjimasi tizimining tibbiyot, tijorat va huquqshunoslik lug‘atlari yordamida tarjima qilish natijasi» sifatida taqdim etilgan. Qisqa misollardan biri — «Our cat gave birth to three kittens — two whites and one black» («Mushugimiz uchta mushukcha tug‘di — ikkitasi oq, bittasi qora») jumlasini «PROMT» onlayn tarjimoni (7.0-versiya, 2007) «Bizning erkak mushugimiz uchta mushukcha tug‘di — ikkita oq mushukcha va bitta afroamerikalik» tarzida tarjima qilgan. «Afroamerikalik» so‘zini «qora»ga o‘zgartirish uchun «black kitten» («qora mushukcha») deb yozish mumkin bo‘lsa-da, «erkak mushuk»ning jinsini to‘g‘rilab bo‘lmagan: masalan, female cat iborasi «erkak mushukning urg‘ochisi» deb tarjima qilingan.

Bunday hazillar ko‘pincha dastur jumla kontekstini anglamasligi va terminlarni so‘zma-so‘z tarjima qilishi, shuningdek, atoqli otlarni oddiy so‘zlardan ajrata olmasligi bilan bog‘liq. Masalan, o‘sha PROMT tarjimoni «Lev Tolstoy» ismini «Lion Thick» («semiz sher»), «bra-ket notation» atamasini «Ketining byustgalter izohi», «Lie algebra» atamasini «yolg‘on algebrasi», «eccentricity vector» atamasini «o‘ziga xoslik vektori», «Shawnee Smith» ismini «Shoni qabilasidan bo‘lgan hindu Smit», «Kalmar o‘yini» serialida mashhur bo‘lgan «Red light, green light» o‘yinini esa «qizil chiroq, yashil chiroq» deb tarjima qilgan va hokazo. Google Tarjimon esa, aksincha, «rice» so‘zini ko‘pincha AQSH davlat kotibining familiyasi deb qabul qilgan..

Sharhlar

  1. ↑ Впрочем, это не так: Polyglossum (sic) — это электронный словарь, программа того же класса, что и Lingvo, самостоятельно переводить не способная. В то время он существовал в версиях для DOS и Windows 3.x и, уступая Lingvo и Context по качеству общего словаря, имел рекордный объём специализированных словарей. К тому же отдельные ошибки перевода выдают подделку — вероятно, после машинного перевода текст редактировался вручную : «Замечательный пример текста, полученного якобы при помощи медико-биологического словаря в результате перевода руководства по работе с драйверами мыши, называется „Гуртовщики Мыши“ … не верю в чистоту эксперимента: наверняка там не обошлось без поправок, внесенных в текст рукой человека».

Adabiyotlar

Havolalar