| Kalon masjidi | |
|---|---|
| o‘zb. Masjidi Kalon | |
| Masjidning bosh kirish qismi | |
| 39°46′33″ sh. k. 64°24′51″ sh. u.HGYaO | |
| Turi | Masjid |
| Mamlakat |
|
| Shahar | Buxoro |
| Dini | Islom |
| Asos solingan davr | XII asr |
| Maqomi |
|
| Qurilish materiali | koshin |
Kalon masjidi (o‘zb. Masjidi Kalon — forscha مسجد کلان — «Katta masjid») — shaharning asosiy juma masjidi; joylashuvi — Buxoro (O‘zbekiston). U Bibixonim masjididan keyin Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan juma masjidlari orasida kattaligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. Masjid bir vaqtning o‘zida 12000 nafargacha kishini sig‘dira oladi.
Arxeologik tadqiqotlarga ko‘ra, hozirgi masjid ostida yana ikkita masjidning qoldiqlari mavjud. Ularning quyi qatlamdagisi Arslonxon (1102—1130) davrida qurilgan. Arslonxon masjidining o‘lchamlari hozirgi bino o‘lchamlari bilan bir xil bo‘lgan. Bu Movarounnahrdagi eng katta masjid bo‘lib, bu maqomini Samarqandda 1399—1404-yillarda Bibixonim masjidi qurilguniga qadar saqlab qolgan. XIV asrning birinchi choragidan o‘rtalarigacha bo‘lgan davrga mansub ikkinchi masjid ham shu turdagi inshoot bo‘lgan, ammo butunlay g‘ishtdan qurilgan.
Hozirgacha saqlangan uchinchi masjid binosi Temuriylar davriga mansub bo‘lib, taxminlarga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek hukmronligi davrida bunyod etilgan (1409—1449).
1514-yilda o‘zbek Shayboniylar sulolasi vakili Ubaydullaxon (1512—1540; 1533-yilgacha Buxoro xonlari — Ko‘chkunchixon va Abu Saidxonning regenti bo‘lgan) hukmronligi davrida jome masjidida keng ko‘lamli ta’mirlash ishlari amalga oshirildi: masjidning old qismi tubdan qayta qurilib, mayolika va koshinlar bilan bezatildi; maqsura xonasida rang-barang terma mozaikadan ishlangan yozuvli va o‘simliksimon naqshlar bilan bezatilgan yangi mehrob tokchasi barpo etildi. Mozaikali mehrobda nastaliq xatida mohirona yozgan mashhur xattot — Boyazid al-Puroniyning imzosi bor[o‘zb.].
1542-yilda kirish peshtoqi tokchasiga Ubaydullaxonning o‘g‘li Abdulazizxon (1540—1550) nomidan Buxoro aholisini ayrim soliqlardan ozod qilish haqidagi farmon matni tushirilgan marmar lavha o‘rnatildi. Matnni mohir xattot Mirshayx al-Purroniy bitgan. 1996-yilda ushbu lavha qarshisiga O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovning masjidni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufiga o‘tkazish to‘g‘risidagi farmoni yozilgan, xuddi shunday o‘lchamdagi marmar lavha o‘rnatildi.
Kalon masjidining vaqf hujjatlari ilk bor o‘zbek tiliga M. Yu. Saidjonov tomonidan tarjima qilingan.
1997-yilda Buxoro shahrining 2500 yilligi munosabati bilan Islom Karimov tashabbusiga ko‘ra Kalon masjidi yana ta’mirlandi.
Me’morchiligi
Masjidning perimetri (130x80 metr) an’anaviy to‘g‘ri to‘rtburchak shaklda rejalashtirilgan bo‘lib, to‘rtta ayvonga ega. Kirish qismidagi sharqiy ayvonning tashqi peshtoqi Poyi Kalon maydoniga, ichki peshtoqi esa masjid hovlisiga qaratilgan. Hovlini perimetri bo‘ylab o‘rab turgan, 288 ta gumbazli ravoqli galereyaning tomini 208 ta ulkan tayanch ustun ko‘tarib turadi. Hovlining bo‘ylama o‘qi maqsura — xochsimon zali bo‘lgan peshtoq-gumbazli qism bilan yakunlanadi. Zal ustida mozaikali barabanga o‘rnatilgan ulkan ko‘k gumbaz qad ko‘targan. Ikkita katta ko‘k gumbaz ibodat tokchasining joylashuvini bildiradi. Ichki peshtoq yonida, masjidning dastlabki imomlaridan biri dafn etilgan joy ustida 1915-yilda buxorolik xalq me’mori usta Shirin Murodov minbar vazifasini bajaruvchi sakkiz qirrali ayvoncha qurgan. Fasad mozaika va rangli sirlangan g‘ishtlar bilan qoplangan. Mozaika naqshlari orasida binokor — Boyazid al-Puroniy nomi saqlanib qolgan.
Kalon masjidi hovlisini o‘rab turgan galereyaning ko‘p gumbazli tomini (288 ta gumbaz) 208 ta ustun ko‘tarib turadi. Hovlining bo‘ylama o‘qi xochsimon zali bo‘lgan peshtoq-gumbazli masjid binosi bilan yakunlanadi. Uning ustida mozaikali barabanga o‘rnatilgan ulkan ko‘k gumbaz qad ko‘targan.
Rasmlar galereyasi
- Ichki hovli
- Qibla ayvoni
- Galereya ustuni
- Mehrob
- Gumbaz
Adabiyotlar
- Buxoro // O‘zbekiston me’moriy epigrafikasi / F. Abduxoliqov. — Toshkent : Uzbekistan Today, 2016.
- Buxoro — muzey-shahar. Robert Almeyev. Toshkent, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining «Fan» nashriyoti, 1999-yil.
- Buxoro tarixi: afsonalar va faktlar. Robert Almeyev. Toshkent, «Sharq» nashriyot-matbaa korxonasi, 1999-yil.
- Yusupova M. A. XVI asr — XVII asr boshlarida Buxoro me’morchiligining rivojlanishi // O‘zbekistonda ijtimoiy fanlar. — 1997. — № 9—10-11.