Oʻzbekiston aholisi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish — mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk bor oʻtkazilgan umumiy aholini roʻyxatga olish, 15-yanvardan 31-martgacha (2026-yil) oʻtkazilgan. Bu mamlakatda mustaqillikdan keyingi ilk roʻyxatga olish boʻlib, undan avvalgi soʻnggi tadbir — 1989-yilgi Butunittifoq aholini roʻyxatga olish.
Maʼlumotlar ikki bosqichda yigʻildi: 15–31-yanvar kunlari anketalarni davlat portali orqali onlayn toʻldirish mumkin boʻldi, 4–28-fevral kunlari esa roʻyxatga oluvchilar uyma-uy yurib maʼlumot toʻpladi. Aholini roʻyxatga olish bilan bir vaqtda qishloq xoʻjaligi ham roʻyxatga olindi.
Oʻzbekiston hududlari boʻyicha aholi soni, jinsi va yosh tarkibiga oid maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan dastlabki natijalarni 1-iyulda (2026-yil), yakuniy natijalarni esa 1-iyulgacha (2027-yil) eʼlon qilish rejalashtirilgan.
Tarix
Oʻzbekistonda sovet davridagi soʻnggi aholini roʻyxatga olish tadbiri 1989-yilda oʻtkazilgan. BMT meʼyorlariga koʻra, har bir mamlakatda aholi har 10 yilda roʻyxatga olinishi kerak. Shu meʼyorlarga asosan Oʻzbekistonda navbatdagi roʻyxatga olish 1999-yilda oʻtkazilishi lozim edi, biroq u tashkil etilmadi.
2017-yil oxirida Oʻzbekiston Davlat statistika qoʻmitasi raisi Bahodir Begalov mamlakat 2020-yilda aholini roʻyxatga olishga tayyor ekanini bildirdi. 5-fevral kuni (2019-yil) Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan 2022-yilda aholini roʻyxatga olish konsepsiyasini tasdiqladi.
16-mart kuni (2020-yil) Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev aholini roʻyxatga olishning tartibi, maqsad va vazifalarini belgilab beruvchi «Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida»gi qonunni imzoladi. 24-avgust kuni (2020-yil) roʻyxatga olish 1–25-noyabr kunlari (2022-yil), sinov tariqasidagi roʻyxatga olish esa 2021-yilning aynan shu kunlarida oʻtkazilishi rejalashtirilgani eʼlon qilindi. Sinov tariqasida aholini roʻyxatga olish quyidagi joylarda oʻtkazilishi rejalashtirilgan: Xoʻjaobod tumanida (Andijon viloyati), Yuqorichirchiq tumanida (Toshkent viloyati), Xiva shahrida (Xorazm viloyati) va Yashnobod tumanida (Toshkent shahri). Aholini roʻyxatga olishni osonlashtirish maqsadida 1-avgustdan (2021-yil) 1-dekabrgacha (2022-yil) respublikaning maʼmuriy-hududiy boʻlinishini oʻzgartirish hamda geografik obyektlarning nomlarini almashtirish toʻxtatilishiga qaror qilindi.
11-noyabr kuni (2020-yil) COVID-19 pandemiyasi sababli aholini roʻyxatga olish 2023-yilga qoldirildi. Bunga Vazirlar Mahkamasining № 710 qarori asos boʻldi. 2023-yilda roʻyxatga olish oʻtkazilmadi. Oxir-oqibat, Oʻzbekistonda aholini ilk bor roʻyxatga olish 2026-yil yanvar–fevral oylarida oʻtkazildi.