| Ko‘ngil aynishi | |
|---|---|
| | |
| XKT-11 | MD90.0 |
| XKT-10 | R11 |
| XKT-9 | 787.0 |
| MedlinePlus | 003117 |
| MeSH | D009325 |

Ko‘ngil aynishi — qorinning yuqori (epigastral) sohasida, ko‘krakda, og‘iz bo‘shlig‘ida va halqumda seziladigan azobli noxush hissiyot bo‘lib, ko‘pincha qusishdan oldin yuzaga keladi. U ovqatlanish tartibidagi xatolar, zaharlanishlar, qorin bo‘shlig‘i a’zolari, markaziy nerv tizimi kasalliklarida, homiladorlikda, transportda chayqalish ta’sirida va boshqa holatlarda yuzaga keladi. Tana vaznining kamayishi bilan kechadigan ayrim kasalliklarda (saraton, OITS) ko‘ngil aynishi doimiy tus olishi va shu tariqa bemorning hayotiga xavf tug‘dirishi mumkin.
Tibbiyotning ko‘ngil aynishi va qusishni o‘rganuvchi sohasi — emetologiya.
Simptomning tavsifi
Ko‘ngil ayniganda me’daning tonusi pasayadi, peristaltika yo‘qoladi yoki keskin sekinlashadi. Shu bilan birga, o‘n ikki barmoqli ichak va och ichakning proksimal qismlari tonusi oshadi va duodenogastral reflyukslar yuz beradi.
Qusish istagi paydo bo‘lganda og‘iz yopiq holda nafas olish vaqtida nafas olish mushaklari va diafragma, nafas chiqarish vaqtida esa qorinning old devori mushaklari tirishib qisqaradi. Bunda me’daning antral bo‘limi tonusi oshadi, tanasi va kardial bo‘limining tonusi esa pasayadi.
Etiologiya
Ushbu simptomning rivojlanishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan sabablar xilma-xil. Eng ko‘p uchraydiganlariga me’da-ichak yo‘li kasalliklari, zaharlanishlar, bosh og‘rig‘i, turli intoksikatsiyalar va dengiz kasalligi kiradi.
Ertalab ko‘ngil aynishi homiladorlikning ilk belgilaridan biri bo‘lishi mumkin. Homiladorlik davrida ko‘ngil aynishining yuzaga kelishi erta gestozning — homiladorlik toksikozining belgilaridan biridir. Odatda ko‘ngil aynishi homiladorlikning birinchi trimestri oxiriga kelib o‘tib ketadi.
Davolash

Kasallik patogenetik usulda, ya’ni ko‘ngil aynishining sababini bartaraf etish orqali ham, simptomatik usulda, ya’ni faqat simptomning o‘zini bostirish orqali ham davolanadi.
Simptomatik davolashda quyidagilar qo‘llanadi:
- Benzodiazepinlar (diazepam, lorazepam)
- Fenotiazinlar
- M-xolinoretseptorlar blokatorlari
- 5-gidroksitriptamin (serotonin) retseptorlarining selektiv antagonistlari
- H1-retseptorlari blokatorlari
- Prokinetiklar (metoklopramid)
- Domperidon
- Fenibut
Patogenetik davolashga misol — ko‘ngil aynishini davolash, agar u zaharlanish oqibatida yuzaga kelgan bo‘lsa. Bunda yutuvchi moddalarni, masalan, faollashtirilgan ko‘mirni yoki boshqa shunday moddalarni ichga qabul qilish tavsiya etiladi.
Adabiyotlar
- Polushkina N. N. Gastroenterologning diagnostik ma’lumotnomasi. — M.: AST, 2007. — ISBN 978-5-17-039782-2. — 226—233-betlar.
Havolalar
- Yakovenko E. P. va boshqalar. Qusish va ko‘ngil aynishi: patogenez, etiologiya, diagnostika, davolash // Farmateka. — 2005. — № 1.