Hid bilish hujayralari

Hid bilish retseptorlari (hid bilish hujayralari[ingl.]) — bipolyar neyronlar, ularning bittadan shoxlanmagan dendriti bor. Bu dendrit bazal hujayralar orasidan o‘tadi va kichik bo‘rtma — hid bilish to‘g‘nog‘ichi bilan tugaydi. Undan hid bilish hujayrasining sezuvchi yuzasini tashkil etuvchi 20 tagacha uzun kiprikcha chiqadi. Ular odatda epiteliyni qoplab turuvchi shilliq qatlamiga botgan bo‘lib, u bilan zich matriks hosil qiladi. Hid bilish hujayrasi ikkita vazifani bajaradi: qo‘zg‘atuvchini sezish va nerv impulsini miyaga uzatish. Shu sababli u neyrosensor hujayra (sezuvchi neyron) hisoblanadi. Aksonlar signallarni markaziy nerv tizimiga uzatadi va tutamlarga — hid bilish tolalariga birlashadi. Bazal hujayralarning bo‘linishi natijasida hid bilish neyronlari yangilanishi mumkin.

Hid bilish kiprikchalari joylashgan shilliq tarkibida ko‘p miqdorda kichik molekulyar massali (20 kDa) oqsillar mavjud. Ular burun bezlari tomonidan ajratiladi va nafaqat hid bilish epiteliysini, balki faqat nafas olish vazifasini bajaruvchi epiteliyni ham qoplaydigan shilliqda uchraydi. Bu oqsillar, ehtimol, hidli moddalar (odorantlar) molekulalari bilan juda kam tanlovchanlik asosida bog‘lanadi va ularning retseptor hujayralar bilan o‘zaro ta’sirini ta’minlaydi.

Hid bilish kiprikchalari ultrastrukturasi jihatidan boshqa kiprikchalardan farq qilmaydi va odatdagi harakatsiz aksonemaga ega. Hid bilish kiprikchalari juda uzun va ingichka: uzunligi 5 dan 250 mkm gacha bo‘lganda, ular atigi 100—250 nm li diametrga ega bo‘ladi. Ular 5—40 tadan tutamlarga birlashgan va hid bilish hujayrasining to‘g‘nog‘ichidan chiqib, uning sezuvchi yuzasini kattalashtiradi. Retseptor oqsillari kiprikchalarning yuzasida joylashadi. Bunday oqsillarni kodlovchi genlar oilasidagi har bir gen ularning muayyan turini kodlaydi. Bitta hid bilish hujayrasining kiprikchalarida hid bilishga oid oqsillarning faqat bitta turi mavjud bo‘ladi. Biroq ushbu oiladagi genlarning hammasi ham ekspressiyalana olmaydi (masalan, odamda ushbu genlarning taxminan 40 % i ekspressiyalanadi). Kiprikcha odorantlarning ko‘p turlariga javob beradimi yoki faqat bitta turiga javob beradimi, degan savol uzoq vaqt davomida ochiq qolgan. Ammo hozirgi vaqtda bir turdagi hid bilish hujayralari muayyan tor doiradagi kimyoviy birikmalarga xos sezuvchanlikka ega ekani aniqlangan, chunki ular bu birikmalardagi o‘ziga xos strukturaviy motivlarni taniydi.

Qaysi moddalarga xos sezuvchanlikka ega bo‘lishidan qat’i nazar, hid bilish hujayralarining sezgirligi juda yuqori: ular 10-4 M dan 10-13 M gacha bo‘lgan konsentratsiyadagi moddalarni aniqlay oladi. Shamollaganda kiprikchalar haddan tashqari qalin shilliq qatlamiga botib qolishi sababli sezgirlik pasayadi. 9.

Hid bilish nervi bilan bog‘langan hid bilish hujayralaridan tashqari, shilliq qavatda (burunda) ham uch shoxli nervning erkin uchlari mavjud; ular ayrim o‘tkir, ta’sirlovchi hidlarga, masalan, kislota yoki ammiak bug‘lariga javob bera oladi.