| Google Nest | |
|---|---|
| | |
| Turi | Tarmoqli mediapleyer, ovozli yordamchi |
| Ishlab chiquvchi | |
| Ishlab chiqaruvchi | |
| Chiqarilgan sana | 2016 |
| Protsessor | ARM |
| Operatsion tizim | taxm. Chromecast |
| Veb-sayt | home.google.com |
Google Nest (ingliz tilidan so‘zma-so‘z tarjima qilganda — «Google uyasi», 2019-yilgacha Google Home deb atalgan) — aqlli karnaylar turkumi bo‘lib, «Google» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan va ovozli yordamchi «Google Assistant» bilan jihozlangan. Birinchi qurilma 18-may 2016-yilda Google I/O konferensiyasida taqdim etilgan va dastlab Chromecast mediapleyeri ishlanmalari asosida yaratilgan. Google Nest aqlli karnayi aqlli uy tizimini Google hamda Matter standartiga mos IoT qurilmalari asosida yaratishda markaziy o‘rin tutadi. Google Nest qurilmasini boshqaradigan shaxsiy yordamchi — «Google Assistant».
2019-yil may oyida Google’ning aqlli qurilmalar turkumi, jumladan aqlli karnayi ham Google Nest deb qayta nomlandi. Yangi brend ostida nafaqat aqlli karnaylar, balki Google ekotizimidagi boshqa aqlli qurilmalar ham (aqlli qulflar, routerlar, termostatlar, kameralar, eshik qo‘ng‘iroqlari va boshqalar) ishlab chiqarila boshlandi. Google aqlli qurilmalari Google Nest deb atala boshlagach, «Google Home» nomi butun aqlli uy ekotizimiga, ya’ni yagona ilova interfeysi orqali boshqariladigan tizimga nisbatan qo‘llanila boshladi. Boshqaruv ilovasi — Google Home. Google Home aqlli uy ekotizimiga nafaqat Google Nest qurilmalarini, balki boshqa ishlab chiqaruvchilarning aqlli qurilmalarini ham ulash mumkin.
Tarixi
2016-yil mart oyida Google kompaniyasi simsiz karnay ishlab chiqayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Unga raqobatchi sifatida ko‘rilgan qurilma — Amazon Echo.
Google Home Google I/O konferensiyasida 2016-yil may oyida e’lon qilindi. Shu yerda qurilma Google Assistant interaktiv dasturiy yordamchisi bilan ishlashi ma’lum qilindi. 2016-yil iyun oyida Home qurilmasi Chromecast mediapleyeri texnologiyalaridan foydalanishi va aqlli uy texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlab, mos mahsulotlarni boshqarishi tasdiqlandi. MadeByGoogle taqdimotida Google Home imkoniyatlari yana bir bor namoyish etildi.
Google Home AQSHda 4-noyabr 2016-yil kuni 129 $ narxda sotila boshlandi.
2019-yil may oyida Google’ning aqlli qurilmalar turkumi Google Nest deb qayta nomlandi.
2022-yildan, Matter standarti tasdiqlanganidan boshlab, Google aqlli karnaylari ushbu universal standartni qo‘llab-quvvatlay boshladi.
Modellar
- Google Home — Google’ning birinchi aqlli karnayi.
- Home Mini — o‘lchami kichikroq bo‘lgan aqlli karnay.
- Home Max — Google Home’ning kattalashtirilgan va takomillashtirilgan versiyasi.
- Home Hub / Nest Hub — aqlli karnay va sensorli ekranni o‘zida birlashtirgan qurilma. 2019-yilda aqlli qurilmalar Nest Hub deb atala boshladi.
- Nest Hub Max — Google Nest Hub’ning kattaroq versiyasi.
- Nest Mini — Home Mini ikkinchi avlod modelining yangi brend ostidagi takomillashtirilgan versiyasi.
- Nest Audio — dastlabki Google Home’ning davomchisi.
- Nest Hub (ikkinchi avlod) — birinchi avlod Nest Hub’ning takomillashtirilgan versiyasi.
Xususiyatlari
Qurilmaga Google Assistant ovozli yordamchisi o‘rnatilgan. Home aqlli karnaylarga xos ko‘plab asosiy vazifalarni bajaradi (ob-havo haqida ma’lumot beradi, budilnikni sozlaydi, eslatmalar yaratadi va hokazo). Ayrim Google xizmatlarini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Masalan, musiqa ijro etish xizmati — Google Play Music.
Boshqa qurilmalarga simsiz ulanish imkoniyati ham mavjud. Bu aloqa Chromecast va Google Cast orqali amalga oshiriladi.
Google Home aqlli uy texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi va uning markaziy tuguni (kontrolleri) vazifasini bajaradi. Mos mahsulotlar ro‘yxati hali aniqlashtirilmoqda va e’lon qilinmagan.
«Inkognito» rejimi ham ko‘zda tutilgan: u yoqilganda buyruqlar tarixi yozib borilmaydi. Bundan tashqari, mikrofonni o‘chirish tugmasi mavjud.
Texnik xususiyatlari
Chromecast bilan o‘xshashlikdan kelib chiqib, Google Home’da ARM arxitekturasi yadrosiga ega protsessor hamda Wi-Fi simsiz aloqasini ta’minlovchi mikrosxemalar majmuasi ishlatilishi taxmin qilinadi. Biroq aqlli karnayning apparat ta’minoti haqida aniq ma’lumotlar e’lon qilinmagan. Google Home tarkibida mikrofon mavjud bo‘lib, u foydalanuvchidan buyruqlarni qabul qilish va atrofdagi aniq eshitiladigan tovushlarni tinglash uchun xizmat qiladi. Qurilmada mikrofonni o‘chirish tugmasi ham bor.
Dizayni
Qurilma shakli silindrga yaqin. Korpusi oq rangda. Yuqori qismida Google’ning korporativ ranglariga mos 4 ta yorug‘lik chiqaruvchi diod joylashgan.
Google Home tagligi osongina ajratib olinadi va almashtirilishi mumkin. Savdoda turli rang va materiallardan tayyorlangan variantlar mavjud.
Faol kutish rejimi
Virtual yordamchi Google Assistant Google Home tarkibida kutish rejimida turganida, foydalanuvchi buyruqlarini yaxshiroq tanib olish uchun sukut bo‘yicha atrofdagi tovushlarni tinglab turadi. Keyinchalik Google so‘rovlarni anonimlashtirishning ixtiyoriy rejimini joriy qildi. Bu rejimda so‘rovlar saqlanadi, biroq foydalanuvchi akkauntidan ularning tarixini ko‘rish imkoni bo‘lmaydi. Oddiy rejimda foydalanuvchi kiritgan barcha buyruqlar bog‘langan akkauntda saqlanadi. Qurilmaning yakuniy versiyasida mikrofonni o‘chirish tugmasi mavjud.
Havolalar
- home.google.com — Google Nest’ning rasmiy sayti