| Apple M1 | |
|---|---|
| Markaziy protsessor | |
| | |
| Ishlab chiqarilgan davri | 10-noyabr 2020-yildan 7-may 2024-yilgacha |
| Ishlab chiquvchi | Apple Inc. |
| Ishlab chiqaruvchi | |
| Protsessor chastotasi — CPU | 3,20 GHz |
| Ishlab chiqarish texnologiyasi | 5 nm |
| Buyruqlar to‘plamlari | ARMv8.5-A |
| Yadrolar soni |
M1: 8 ta yadro (4x Firestorm + 4x Icestorm yadrosi) M1 Pro: 8 yoki 10 ta yadro (6x yoki 8x Firestorm + 2x Icestorm yadrosi) M1 Max: 10 ta yadro (8x Firestorm + 2x Icestorm yadrosi) M1 Ultra: 20 ta yadro (16x Firestorm + 4x Icestorm yadrosi) |
| L1-kesh | 256 KB |
| L2-kesh | 16 MB umumiy (12 MB — Firestorm, 4 MB — Icestorm) |
| L3-kesh |
M1: 16 MB M1 Pro: 24 MB M1 Max: 48 MB M1 Ultra: 96 MB |
| Ichki grafik protsessor |
Apple kompaniyasining xususiy GPU protsessori M1: 7 yoki 8 yadroli GPU M1 Pro: 14 yoki 16 yadroli GPU M1 Max: 24 yoki 32 yadroli GPU M1 Ultra: 48 yoki 64 yadroli GPU |
| Ulagich | |
| Yadrolar | |
Apple M1 — kristaldagi tizimlar ARM arxitekturasiga asoslangan, Apple kompaniyasining Apple silicon turkumiga mansub chiplar seriyasi bo‘lib, Mac kompyuterlari, MacBook noutbuklari hamda iPad Pro va iPad Air planshetlarida qo‘llanadi. Ular shartnoma asosidagi ishlab chiqaruvchi TSMC tomonidan 5 nanometrli texnologik jarayon asosida ishlab chiqariladi va taxminan 16 milliard tranzistorni o‘z ichiga oladi.
M1 chipiga asoslangan dastlabki qurilmalar quyidagilar bo‘ldi: MacBook Air (Late 2020), MacBook Pro (13 dyuym, Late 2020) hamda Mac Mini 2020. Ular noyabr 2020-yilda chiqarildi. Aprel 2021-yilda 24 dyuymli iMac va iPad Pro Apple M1 kristaldagi tizimi (SoC) asosida taqdim etildi.
8-mart 2022-yilda 5-avlod iPad Air Apple M1 chipi bilan eʼlon qilindi.
Arxitektura
Apple M1 to‘rtta yuqori unumdorlikka ega «Firestorm» yadrosi va to‘rtta kam energiya isteʼmol qiladigan «Icestorm» yadrosidan tashkil topgan. Bu ARM big.LITTLE hamda Intel kompaniyasining Lakefield protsessorlariga o‘xshash tuzilmani yaratadi. Bunday uyg‘unlik energiya sarfini optimallashtirish imkonini beradi; Apple’ning Intel arxitekturasiga asoslangan qurilmalarida bunday imkoniyat mavjud emas. Apple maʼlumotiga ko‘ra, kam quvvat sarflaydigan yadrolar yuqori unumdor yadrolar isteʼmol qiladigan energiyaning atigi o‘ndan bir qismini ishlatadi.
Yuqori unumdor yadrolarda 192 KB buyruqlar keshi va 128 KB maʼlumotlar keshi mavjud bo‘lib, ular 12 MB hajmdagi umumiy L2 keshdan foydalanadi. Kam energiya isteʼmol qiladigan yadrolarda esa 128 KB buyruqlar keshi, 64 KB maʼlumotlar keshi va 4 MB umumiy L2 kesh mavjud. Icestorm «E cluster» klasterining chastotasi 0,6-2,064 GHz, maksimal quvvat sarfi 1,3 W; Firestorm «P cluster» klasterining chastotasi 0,6-3,204 GHz, maksimal quvvat sarfi esa 13,8 W.
Moslik — x86
Ikkilik kodni dinamik tarjima qilish texnologiyasi — Rosetta 2 — macOS operatsion tizimida ishlaydigan M1 chipli qurilmalarda x86 arxitekturali protsessorlar uchun yaratilgan dasturlarni ishga tushirish imkonini beradi. Biroq x86 arxitekturasi uchun ishlab chiqilgan barcha dasturlar ishlashi kafolatlanmaydi; ishlaydigan dasturlarning tezligi ham pastroq bo‘ladi.
Xotira
M1 barcha komponentlar foydalanadigan yagona LPDDR4X SDRAM xotira tizimini 4266 MT/s tezlikda ishlatadi (turli modellarda — 8 GB yoki 16 GB). SoC va RAM mikrosxemalari bitta korpusga joylashtirilgan tizim (system-in-package).
konstruksiyasi asosida birgalikda o‘rnatiladi. M1 Pro 256 bitli LPDDR5 SDRAM 6400 MT/s xotiradan, M1 Max esa 512 bitli LPDDR5 SDRAM 6400 MT/s xotiradan foydalanadi. M1 xotirasining o‘tkazuvchanlik qobiliyati 68 GB/s, M1 Pro’niki 204 GB/s, M1 Max’niki esa 408 GB/s. M1 Pro 16 yoki 32 GB xotira konfiguratsiyalarini, M1 Max esa 32 va 64 GB xotira konfiguratsiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. M1 Pro ProRes formatini kodlash va dekodlash uchun bitta media dvijokka, M1 Max esa ikkita shunday dvijokka ega.
M1 Ultra M1 Max’ning texnik ko‘rsatkichlarini ikki baravar oshiradi: buning uchun 1024 bitli xotira shinasi, 816 GB/s o‘tkazuvchanlik qobiliyati va 64 yoki 128 GB xotira konfiguratsiyalari qo‘llanadi.
Grafika
Chip Apple tomonidan ishlab chiqilgan 8 yadroli (ayrim modellarda — 7 yadroli) grafik protsessor (GPU) bilan jihozlangan. Unda 128 ta ijro bloki va 1024 ta arifmetik-mantiqiy blok mavjud. Apple maʼlumotiga ko‘ra, u bir vaqtning o‘zida 24 576 tagacha oqimni qayta ishlay oladi. Bundan tashqari, chip ichiga o‘rnatilgan 16 yadroli sunʼiy intellekt tezlatkichi (NPU) soniyasiga 11 trillion amalni bajara oladi. M1 tarkibiga tasvir signalini qayta ishlash protsessori (ISP), NVMe saqlash tizimi va Thunderbolt 4 kontrollerlari ham integratsiyalashgan.
Zaifliklar
M1RACLES
2021-yil may oyida Asahi Linux dasturchisi Ektor Martin M1RACLES (M1ssing Register Access Controls Leak EL0 State) deb nomlangan zaiflikni aniqladi. Martinning taxminiga ko‘ra, bu zaiflik Apple kompaniyasi ARM arxitekturasi spetsifikatsiyalarini ataylab buzganligi natijasida yuzaga kelgan. Ushbu zaiflik tufayli istalgan ikkita ilova dasturiy himoya va izolyatsiya vositalarini chetlab o‘tib, yashirincha maʼlumot almashishi mumkin. Dasturchi bu zaiflikni dasturiy vositalar bilan bartaraf etib bo‘lmasligini ham taʼkidlagan. Shunga qaramay, uning fikricha, mazkur zaiflikdan amalda zarar yetkazish uchun foydalanib bo‘lmaydi.
Augury
2022-yil may oyida Tel-Aviv universiteti, Urban-Shampeyndagi Illinoys universiteti va Vashington universiteti tadqiqotchilari M1 chiplaridagi maʼlumotlar xotirasiga bog‘liq oldindan yuklash mexanizmi — Data-Memory Dependent Prefetcher (DMP) bilan bog‘liq «Augury» deb nomlangan zaiflikni aniqladi. Biroq u xavfsizlik uchun jiddiy xavf deb baholanmagan.
Pacman
2022-yil iyun oyida Massachusets texnologiya instituti tadqiqotchilari M1 chiplarida spekulyativ bajarish bilan bog‘liq zaiflikni topganini maʼlum qildi. Ular bu zaiflikni ko‘rsatkichlarni autentifikatsiya qilish kodlari (PAC) sharafiga «Pacman» deb atadi. Apple ushbu zaiflikni foydalanuvchilar uchun jiddiy xavf deb hisoblamasligini bildirdi.
Unumdorlik va samaradorlik
M1 ommabop sinovlarda (Geekbench 5, Cinebench R23) raqobatbardosh unumdorlik va energiya samaradorligini namoyish etdi.
2020-yilgi M1 chipli Mac mini kutish rejimida 7 W, eng yuqori yuklamada esa 39 W quvvat isteʼmol qiladi. Taqqoslash uchun, kutish rejimida 20 W va eng yuqori yuklamada 122 W quvvat sarflaydigan 6 yadroli Intel i7 protsessorli 2018-yilgi Mac mini ko‘rsatkichlarini keltirish mumkin.
Chiqarilgan paytda MacBook Air (M1, 2020) va MacBook Pro (M1, 2020) Apple ishlab chiqaradigan MacBook oilasidagi eng tezkor noutbuklar deb hisoblangan. Natijada ikkilamchi bozorda Intel platformasiga asoslangan MacBook noutbuklarining narxi keskin pasaygan.
Apple M1 chiplar oilasining rivojlanishi
Apple M1 Pro
Apple M1 Pro — 8 yoki 10 yadroli ARM protsessori bo‘lib, TSMC kompaniyasining 5 nanometrli texnologik jarayonida ishlab chiqariladi. Chipda 8 yoki 10 ta CPU yadrosi (6 yoki 8 ta unumdor va 2 ta energiya tejamkor), 16 ta GPU yadrosi va ularga tegishli 2048 ta ijro bloki, shuningdek, 16 yadroli ichki sunʼiy intellekt tezlatkichi mavjud. Birlashtirilgan xotiraning (tezkor xotira + videoxotira) o‘tkazuvchanlik qobiliyati 200 GB/s ni tashkil etadi. Protsessorda 33,7 milliard tranzistor mavjud.
Apple M1 Max
Apple M1 Max — 10 yadroli ARM protsessori bo‘lib, TSMC kompaniyasining 5 nanometrli texnologik jarayonida ishlab chiqariladi. Chipda 10 ta CPU yadrosi (8 ta unumdor va 2 ta energiya tejamkor), 24 yoki 32 ta GPU yadrosi hamda 16 yadroli ichki sunʼiy intellekt tezlatkichi mavjud. Birlashtirilgan xotiraning (tezkor xotira + videoxotira) o‘tkazuvchanlik qobiliyati 400 GB/s ni tashkil etadi. Protsessorda 57 milliard tranzistor mavjud.
Apple M1 Ultra
Apple M1 Ultra — 20 yadroli ARM protsessori bo‘lib, Mac Studio kompyuterlarida 2022-yildan buyon ishlatiladi. U TSMC kompaniyasining 5 nanometrli texnologik jarayonida ishlab chiqariladi. Chipda 20 ta CPU yadrosi (16 ta unumdor va 4 ta energiya tejamkor), 48 yoki 64 ta GPU yadrosi hamda 32 yadroli ichki sunʼiy intellekt tezlatkichi mavjud. Birlashtirilgan xotiraning (tezkor xotira + videoxotira) o‘tkazuvchanlik qobiliyati 800 GB/s ni tashkil etadi. M1 Ultra’ning asosiy xususiyati UltraFusion arxitekturasi bo‘lib, u ikkita M1 Max chipini 114 milliard tranzistorli bitta ulkan protsessorga birlashtiradi.
M1 seriyasidagi chiplarning qo‘llanilishi
Quyidagi qurilmalarda ishlatiladigan chip — Apple M1:
- MacBook Air (M1, 2020) — noyabr 2020-yildan 2024-yil martgacha (asosiy model 7 yadroli GPU bilan jihozlangan);
- MacBook Pro (13 dyuym, M1, 2020) — 2020-yil noyabrdan 2022-yil iyungacha;
- Mac mini (M1, 2020) — 2020-yil noyabrdan 2023-yil yanvargacha;
- iMac (24 dyuym, M1, 2021) — aprel 2021-yildan 2023-yil oktabrgacha (asosiy model 7 yadroli GPU bilan jihozlangan);
- iPad Pro (5-avlod) — 2021-yil apreldan 2022-yil oktabrgacha;
- iPad Air (5-avlod) — 2022-yil martdan 2024-yil maygacha.
Quyidagi qurilmalarda ishlatiladigan chip — Apple M1 Pro:
- MacBook Pro (14 va 16 dyuym, 2021) — 2021-yil oktabrdan 2023-yil yanvargacha.
Quyidagi qurilmalarda ishlatiladigan chip — Apple M1 Max:
- MacBook Pro (14 va 16 dyuym, 2021) — 2021-yil oktabrdan 2023-yil yanvargacha;
- Mac Studio — 2022-yil martdan 2023-yil iyungacha.
Quyidagi qurilmalarda ishlatiladigan chip — Apple M1 Ultra:
- Mac Studio — 2022-yil martdan 2023-yil iyungacha.
Variantlar
Quyidagi jadvalda «Firestorm» va «Icestorm» mikroarxitekturalari asosidagi turli kristaldagi tizimlar (SoC) ko‘rsatilgan.
| Variant | CPU yadrolari soni (unumdor + tejamkor) | GPU yadrolari soni | GPU ijro bloklari soni | GPU arifmetik-mantiqiy bloklari soni | Qo‘llab-quvvatlanadigan birlashtirilgan xotira hajmi | Tranzistorlar soni |
|---|---|---|---|---|---|---|
| A14 Bionic | 6 (2+4) | 4 | 64 | 512 | 4/6 GB | 11,8 milliard |
| M1 | 8 (4+4) | 7 | 112 | 896 | 8/16 GB | 16 milliard |
| 8 | 128 | 1024 | ||||
| M1 Pro | 8 (6+2) | 14 | 224 | 1792 | 16/32 GB | 34 milliard |
| M1 Pro | 10 (8+2) | 34 milliard | ||||
| 16 | 256 | 2048 | 34 milliard | |||
| M1 Max | 10 (8+2) | 24 | 384 | 3072 | 32/64 GB | 57 milliard |
| 32 | 512 | 4096 | ||||
| M1 Ultra | 20 (16+4) | 48 | 768 | 6144 | 64/128 GB | 114 milliard |
| 64 | 1024 | 8192 |