| Enterobioz | |
|---|---|
| | |
| XKT-11 | 1F65 |
| XKT-10 | B80 |
| XKT-10-KM | B80 |
| XKT-9 | 127.4 |
| XKT-9-KM | 127.4 |
| DiseasesDB | 13041 |
| MeSH | D017229 |

Enterobioz (yangi lotincha enterobiosis; lotincha Enterobius «ostritsa»; qadimgi yunon tilidan ἔντερον «ichak» + βίος «hayot») — gelmintoz bo‘lib, nematodozlar guruhiga kiradi; uni Enterobius urug‘iga mansub ostritsalar (Enterobius sp.) qo‘zg‘atadi. Bu faqat odamdan odamga yuqadigan majburiy antroponoz. 10-yillari, ya’ni XXI asrda — odamlarda eng keng tarqalgan gelmintoz hisoblanadi. Shu bilan birga, JSST ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kasallik e’tibordan chetda qolgan kasalliklar.
Etiologiya
Enterobioz qo‘zg‘atuvchisi — ostritsa gijjasi.
Ostritsa — oq yoki kulrang tusli dumaloq gijja. Urg‘ochisining uzunligi 10 mm gacha, erkaginiki esa 5-6 mm gacha yetadi. Erkak ostritsaning orqa tana uchi qorin tomonga qayrilgan, urg‘ochisiniki esa bigizsimon uchli.
Ostritsalar tanasining oldingi uchida og‘iz teshigini o‘rab turuvchi pufakchasimon bo‘rtma (везикула) joylashgan. Uning yordamida ostritsa ichak devoriga yopishadi. Ostritsalarning jinsiy tizimi nematodalar sinfining barcha vakillariga xos. Gijjalar ichak tarkibi bilan oziqlanadi va qonni ham yuta oladi. Ostritsa tuxumlari oval shaklda, rangsiz qobiq bilan qoplangan. Ovalning bir tomoni yassilashgan, ikkinchi tomoni esa qavariq.
Ostritsalar odamning ko‘richagida va chuvalchangsimon o‘simtasida yashaydi, hech qanday og‘riqli alomatlarni keltirib chiqarmaydi. Appendiksni olib tashlash operatsiyasi (appendektomiya) vaqtida ba’zan ostritsalar topiladi, biroq ularning yallig‘lanish jarayonida ishtirok etishini tasdiqlovchi dalillar yo‘q.
Odam uxlayotgan vaqtda urg‘ochi ostritsalar orqa chiqaruv teshigi orqali teri yuzasiga chiqib, kuchli qichishishni keltirib chiqaradilar, so‘ng tuxum qo‘yib, nobud bo‘ladilar. Odam terisini qashlaganda, ostritsa tuxumlari uning qo‘llari va tirnoqlari ostiga tushadi. Shundan so‘ng ular o‘yinchoqlar va boshqa buyumlarga oson ko‘chib o‘tadi, shuningdek, odam og‘ziga tushadi.
Parazit tuxumlari pashshalar, suvaraklar yoki chang orqali ham tarqaladi.
Tuxumlarning keyingi rivojlanishi uchun kislorodli (aerob) muhitda harorat 34—36°С va namlik yuqori (70—90 %) bo‘lgan o‘ziga xos mikroiqlim zarur. Bunday sharoit odamning oraliq sohasida va orqa chiqaruv teshigi atrofidagi burmalarda, shuningdek, tirnoqlari ostida mavjud.
Atigi 4—6 soat o‘tgach, tuxumlar ichida harakatlana oladigan lichinkalar yetiladi; ular mikroskopning kichik kattalashtirishida (8х х 7х) ko‘rinadi. Ichakda lichinkalar tuxumdan chiqadi va 2—4 hafta davomida voyaga yetgan gijjalarga aylanadi. So‘ng hayot sikli takrorlanadi.
Odamning ostritsa gijjalari bilan zararlanishida asosiy rolni iflos qo‘llar o‘ynaydi. Shu sababli enterobioz ko‘pincha maktabgacha ta’lim muassasalariga qatnaydigan kichik yoshdagi bolalarda uchraydi. Organizmda ostritsalar mavjudligining asosiy belgisi — qichishish bo‘lib, u ko‘pincha kechqurun va tunda orqa chiqaruv teshigi atrofida paydo bo‘ladi.
Tekshiruv vaqtida najas tarkibida voyaga yetgan ostritsalar, ba’zan juda ko‘p miqdorda, aniqlanadi. Tuxumlar esa har doim ham topilavermaydi, chunki ular orqa chiqaruv teshigidan tashqarida qo‘yiladi. Ostritsa tuxumlarini orqa chiqaruv teshigi atrofidagi soha terisidan olingan qirma namunani tekshirish orqali osonroq aniqlash mumkin.
Ostritsalar ayollarning vulvasiga va qiniga ko‘chib o‘tib, vulvovaginitni keltirib chiqaradi.
Epidemiologiya
Enterobioz bilan kasallangan bemor zararlanish manbai hisoblanadi. Tuxumlar qo‘yilganidan 4—6 soat o‘tgach yuqumli bo‘ladi. Tashqi muhit sharoitiga qarab, tuxumlarning yuqumliligi 7-20 kun davomida saqlanadi. Ular bemorni o‘rab turgan buyumlarga (o‘yinchoqlar, ichki kiyim) tushadi va pashshalar orqali tarqaladi. Zararlanish tuxumlarning oziq-ovqat bilan yutilishi yoki chang bilan birga nafas orqali organizmga kirishi natijasida yuz beradi. O‘z-o‘zini qayta zararlash ham nihoyatda muhim: qichishayotgan orqa chiqaruv teshigi qashilganda ostritsa tuxumlari qo‘l tirnoqlari ostiga tushadi va keyin yutib yuboriladi.
Klinik ko‘rinish
Yashirin davr 3—6 haftani tashkil etadi. Enterobiozning eng ko‘p uchraydigan belgisi — orqa chiqaruv teshigi atrofidagi sohadagi qichishish. Enterobiozning yengil shaklida 1—3 kun davomida bemorda tunda yengil qichishish paydo bo‘ladi; u keyin o‘z-o‘zidan yo‘qoladi, biroq 2—3 haftadan so‘ng o‘z-o‘zini qayta zararlash (аутоинвазия) yoki qayta zararlanish (реинвазия) natijasida yana yuzaga kelishi mumkin. Bemor ichagida ostritsalar soni ko‘p bo‘lsa, qichishish doimiy va azobli tus oladi. Bemorning orqa chiqaruv teshigi atrofidagi sohani qashishi terida shilinmalar, terining ikkilamchi bakterial infeksiyasi va dermatitlar paydo bo‘lishiga olib keladi, bu esa kasallik kechishini og‘irlashtiradi. Ayrim bemorlarda ichak faoliyati buziladi: qorin og‘rig‘i va g‘uldirashi, ichaklarda gaz to‘planishi (метеоризм), ko‘ngil aynishi, qusish, tez-tez bo‘tqasimon najas kelishi, ba’zan najasga shilliq aralashishi, kamdan-kam hollarda esa qon aralashishi, shuningdek, soxta hojat qistashi (тенезмы) kuzatiladi. Bundan tashqari, bemor uyqu vaqtida tishlarini g‘ijirlatishi mumkin.
Parazitar zararlanish og‘ir va uzoq davom etganda, ostritsalar va ikkilamchi bakterial infeksiya bilan bog‘liq asoratlar kuzatilishi mumkin: endometrium yallig‘lanishi (эндометрит), urg‘ochi ostritsalarning jinsiy yo‘llar orqali ko‘chishi natijasida kichik chanoq qorin pardasining ta’sirlanishi, terining yiringli yallig‘lanishi (пиодермия), sfinkter yallig‘lanishi (сфинктерит), kamdan-kam hollarda esa to‘g‘ri ichak atrofidagi to‘qimalarning yallig‘lanishi (парапроктит).
Tashxislash
Tashxis qo‘yish uchun orqa chiqaruv teshigi atrofidagi burmalardan qirma olinadi (ma’quli — har kuni yoki kunora, jami uch marta). Ilgari qirma olish uchun glitseringa namlangan paxta tamponi ertalab juda erta, yuvinish va ich kelishidan oldin ishlatilgan. Hozir esa buning uchun shaffof yopishqoq lenta.
Davolash
Davolashning muhim qismi gijjaga qarshi preparatlarni qabul qilish (pirantel, mebendazol, albendazol, Vormil, pirviniy pamoat (пирвиний памоат), piperazin) bilan bir qatorda gigiyenik chora-tadbirlarni ham o‘z ichiga oladi: har safar hojatxonaga borgandan keyin qo‘llarni yaxshilab yuvish, tirnoqlarni kalta qilib olish, ichki kiyimni tez-tez almashtirish, kiyim-kechak va choyshablarni issiq suvda yuvish hamda barcha buyumlarni issiq dazmol bilan dazmollash, qichishayotgan joylarni qashimaslik, qichishish paydo bo‘lsa, orqa chiqaruv teshigini sovun bilan yuvish. Xonadonda nam tozalash ishlarini bajarish kerak. Enterobiozda gigiyena qoidalariga 2—3 hafta davomida rioya qilish lozim; bu davrda enterobioz tuxumlari tarqalishining oldini olish uchun orqa chiqaruv teshigi sohasiga paxta tamponi qo‘yish yoki rux surtmasini surtish, son qismi rezinkali ichki kiyim kiyish tavsiya etiladi. Oilada bir kishi kasallangan bo‘lsa, barcha oila a’zolarini davolash zarur; bolalar jamoasida kasallik aniqlansa, barcha bolalar va xodimlar davolanadi. Takroriy davolash kursi 12 kundan keyin o‘tkaziladi.
Adabiyotlar
- Alekseyeva M. I. Enterobioz // Katta tibbiyot ensiklopediyasi / bosh muharrir B. V. Petrovskiy. — 3-nashr. — Moskva: Sovet ensiklopediyasi, 1986. — J. 28: Ekonomo — Yashchur. — B. 215—216. — 544 b.