Depressiyaning serotonin gipotezasi

Depressiyaning serotonin gipotezasi — depressiyaning sababi serotonin yetishmasligi yoki ushbu neyromediator faoliyatidagi boshqa buzilishlar ekanini ilgari suruvchi gipoteza. Bu gipoteza «kimyoviy nomutanosiblik» gipotezasi nomi bilan ham mashhur bo‘lgan. Hozirgi vaqtda ilmiy hamjamiyatda mazkur gipoteza rad etilgan deb hisoblanadi. Shunga qaramay, rivojlangan mamlakatlardagi oddiy odamlar orasida u hamon ommalashgan va ishonch qozongan. Bu gipotezaga ishonish odamlarga ta’sir ko‘rsatishi mumkin: unga ishonganlar o‘zlarining hissiy holatini va shaxsiyatini boshqacha idrok etishlari mumkin.

Tarixi

Serotonin molekulasi

Neyromediatorlarning depressiya yuzaga kelishiga ta’siri haqidagi gipotezalar 1960-yillarda paydo bo‘lgan. Dastlab ko‘proq e’tibor noradrenalin neyromediatoriga qaratilgan, ammo keyinchalik olimlar serotoninning ham muhim ahamiyatga ega ekanini taxmin qilishgan. Noradrenalin va serotonin monoaminlar bo‘lgani uchun ularning depressiyaga ta’siri haqidagi gipoteza «depressiyaning monoamin gipotezasi» deb ataladi.

Depressiyaning monoamin gipotezasi yangi psixotrop preparatlar, ya’ni «antidepressantlar» nomi bilan mashhur bo‘lgan vositalar paydo bo‘lishi ta’sirida shakllangan. Bu preparatlar depressiya vaqtida miya faoliyatida yuzaga keladigan buzilishlarga bevosita ta’sir qilib, depressiyadan aziyat chekayotgan odamning holatini yaxshilaydi deb taxmin qilingan. Demak, antidepressantlarning ta’sirini tushunish orqali depressiyaning biologik mexanizmlarini anglash mumkin deb hisoblangan. Bu fikr ko‘p jihatdan antidepressantlar samarali ishlaydi degan taxminga asoslangan. Ularning ta’sir mexanizmlarini o‘rganish asosida depressiya haqidagi nazariyalarni yaratish mumkin deb taxmin qilingan.

Serotonin gipotezasi antidepressantlarning serotoninni qayta qamrab olishning selektiv ingibitorlari (SQQOSI; SSRI) guruhiga mansub preparatlar 1980-yillarning oxirida bozorga chiqarilganidan keyin keng tarqaldi. Farmatsevtika kompaniyalari antidepressantlarning yangi sinfi miya faoliyatidagi biologik buzilishlarni aniq bartaraf etuvchi «sehrli o‘qlar» ekanini targ‘ib qilgan. Masalan, antidepressantlardan birining reklamasida depressiya, ehtimol, nerv impulslarini miya neyronlari o‘rtasida uzatishga xizmat qiladigan kimyoviy moddalarning nomutanosibligi bilan bog‘liqligi, antidepressant esa bu nomutanosiblikni tuzatishi aytilgan.

Keng ko‘lamli marketing orqali SQQOSI guruhidagi antidepressantlar targ‘ib qilinishi jamiyatda serotonin gipotezasining ommalashishiga yordam berdi. Veb-saytlarda antidepressantlar haqida ko‘pincha maqtovli fikrlar yozilgan. Psixiatr Piter Kramer[ingl.] «Prozakni tinglab» nomli bestseller kitobini nashr etdi. So‘rovlar natijalariga ko‘ra, 2000-yillarda odamlarning 85 % i — AQShda va 88 % i — Avstraliyada depressiyaning sababi kimyoviy nomutanosiblik ekaniga qo‘shilgan. Yangi antidepressantlarning marketingi ularni qo‘llashning misli ko‘rilmagan darajada o‘sishi bilan birga kechdi. AQShda 1980-yillarning oxiridan 2000-yillarning o‘rtalarigacha antidepressantlardan foydalanish to‘rt baravar oshdi va o‘sishda davom etdi. Antidepressantlardan foydalanish Angliya va Sharqiy Yevropa mamlakatlarida ham bir necha baravar oshdi. Tadqiqotlarda kimyoviy nomutanosiblikka ishonish odamlarni antidepressantlarni qabul qilishga undashi va ularni qabul qilishni to‘xtatishda qiyinchiliklar tug‘dirishi ta’kidlanadi.

Yaqin o‘tmishda taniqli psixiatrlarning serotonin gipotezasiga munosabati bir xil bo‘lmagan. Ayrim psixiatrlar serotonin gipotezasining shubhali ekanini tan olgan, ammo bemorlar uchun metafora sifatida foydali ekanini aytgan. Boshqa psixiatrlar esa serotonin gipotezasini tanqid qilgan. 2011-yilda psixiatr Ronald Pays o‘z maqolasida «kimyoviy nomutanosiblik» gipotezasini shahar afsonasi deb atagan. U yaxshi ta’lim olgan hech bir psixiatr serotonin gipotezasini qo‘llab-quvvatlamasligini aytgan. Paysning so‘zlariga ko‘ra, psixiatrlar ruhiy buzilishlarning biopsixososial tabiatga egaligi haqidagi qarashlarga amal qiladilar. Pays serotonin gipotezasini targ‘ib qilish uchun javobgarlikni farmatsevtika kompaniyalari zimmasiga yuklagan. Keyinchalik Pays o‘z pozitsiyasini biroz yumshatib, ko‘plab psixiatrlar bemorlariga depressiyaning sababi «kimyoviy nomutanosiblik» ekanini tushuntirganlarini tan olgan. Paysning ta’kidlashicha, psixiatrlar shu yo‘l bilan bemorlarning kayfiyatini yaxshilashga va ruhiy buzilishlarning tabiati haqida uzoq mulohazalarga vaqt sarflamaslikka intilganlar.

Psixiatriya bo‘yicha taniqli darsliklarda serotonin gipotezasi kuchli dalillarga ega bo‘lmagan oddiy gipoteza ekani tan olingan. Ayrim darsliklarda nerv tizimining murakkabligi hamda depressiyaning biologik asoslari haqidagi bilimlarning muvaqqat va ishonchliligi cheklangan xususiyati ta’kidlangan. Shunga qaramay, barcha darsliklarda serotonin tizimiga, serotoninning depressiya etiologiyasidagi roli haqidagi taxminlarga, antidepressantlarning serotoninga ta’siriga hamda depressiyada serotoninning muhim rol o‘ynashini tasdiqlovchi dalillarga katta e’tibor qaratilgan. Stiven Stalning 1996-yilda nashr etilgan «Psixofarmakologiya asoslari» darsligida depressiyaning biologik asoslariga bag‘ishlangan bo‘limning deyarli hammasi monoaminlarga, jumladan, serotoninga bag‘ishlangan.

1990-yildan 2010-yilgacha serotonin gipotezasi psixiatriya va psixofarmakologiya bo‘yicha adabiyotlarda ancha keng yoritildi va qo‘llab-quvvatlandi.

Tanqid

1980-yillarning oxiridan boshlab serotonin gipotezasi ilmiy doiralarda tanqid qilina boshlagan. Ammo bu tanqid keng jamoatchilik e’tiboridan deyarli chetda qolgan. Jamiyat ongida serotonin yetishmovchiligi depressiyaning sababi ekani haqidagi fikr ilmiy hamjamiyatda tanqid qilinadigan shubhali gipoteza emas, balki qat’iy isbotlangan fakt degan tasavvur shakllangan.

1987-yilda Devid Hili, psixiatr va psixofarmakologiya sohasi mutaxassisi, serotonin gipotezasining dalillari yo‘qligini ta’kidlagan. 1997-yildayoq u o‘zining «Antidepressantlar davri» kitobida serotonin tizimi faoliyatidagi keng miqyosda tasdiqlangan biror buzilish shu paytgacha aniqlanmaganini yozgan.

Farmatsevtika kompaniyalari tomonidan serotonin gipotezasining targ‘ib qilinishi ham tanqidga uchragan. 2000-yillarda antidepressantlarning reklama kampaniyalarida ilgari surilgan serotonin nomutanosibligi haqidagi fikrlar ilmiy adabiyotlardagi ma’lumotlarga zid ekanini ko‘rsatuvchi ilmiy maqolalar nashr etilgan.

2015-yilda Devid Hili «serotonin afsonasi» haqida fikr yuritib, «serotonin» haqidagi da’volar «libido» tushunchasining qo‘llanilishiga o‘xshab qolganini qayd etgan. Bu tushuncha psixoanalitik nazariya muallifi Freydga tegishli bo‘lib, noaniq ma’noga ega. Hilining aytishicha, o‘sha vaqtga qadar serotoninni qayta qamrab olishning ingibirlanishi bilan SQQOSIning taxmin qilinayotgan antidepressiv ta’siri o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida hech qanday ma’lumot paydo bo‘lmagan. SQQOSI serotoninga aynan qanday ta’sir qilishi ishonchli tarzda aniqlanmagan.

Psixolog va olim Irving Kirsh ham 2015-yilda serotonin afsonasi haqida shunga o‘xshash fikr bildirgan. U dalil sifatida noradrenalin va dofaminni qayta qamrab olish ingibitorlari guruhidagi, serotoninga umuman ta’sir qilmaydigan antidepressantlar serotoninni qayta qamrab olishning selektiv ingibitorlari bilan taqqoslanganda bir xil samaradorlik ko‘rsatishini keltirgan. Bundan tashqari, tianeptin antidepressanti ham shunday darajadagi samaradorlikni namoyon etadi. U serotoninni qayta qamrab olishni rag‘batlantiradi va bu jarayonni ingibirlovchi SQQOSI antidepressantlariga mutlaqo qarama-qarshi ta’sir ko‘rsatadi. Kirshning ta’kidlashicha, ta’sir mexanizmlari turlicha bo‘lgan antidepressantlarning bir xil samaradorligi bu samaradorlikning asosida aslida kuchaytirilgan platsebo effekti yotishini, depressiyaning biologik sabablariga maqsadli ta’sir esa bunga sabab emasligini anglatadi.

Yakuniy rad etilish

Uzoq vaqt davomida serotonin gipotezasini rad etuvchi ko‘plab alohida tadqiqotlar to‘plangan, ammo serotonin gipotezasiga oid barcha dalillarni umumlashtirib, tahlil qilgan ilmiy nashr bo‘lmagan. 2022-yilda psixiatr Joanna Monkriff boshchiligidagi olimlar guruhi tizimli sharhlar sharhini (umbrella review)[ingl.] o‘tkazib, ushbu bo‘shliqni to‘ldirishni maqsad qilgan. Sharh 2022-yil yozida nufuzli ilmiy jurnalda chop etilgan. Jurnal nomi — «Molekulyar psixiatriya (Molecular Psychiatry)[ingl.]».

Ushbu tizimli sharhlar sharhida serotonin bilan depressiya o‘rtasidagi bog‘liqlikka oid ko‘plab tadqiqotlar tahlil qilingan. Jumladan, tana suyuqliklaridagi serotonin metabolitlari, shuningdek, serotonin 5-HT1A retseptorlarining faolligi, depressiyaga chalingan odamlardagi serotonin tashuvchisi darajasi va boshqa tadqiqotlar tahlil qilingan. Olimlar serotonin darajasini pasaytirish orqali sun’iy ravishda depressiyani yuzaga keltirishga uringan tadqiqotlar ham o‘rganilgan.

Barcha tegishli tadqiqotlarni tahlil qilgach, tizimli sharhlar sharhida depressiyani serotonin yetishmovchiligi bilan bog‘lab bo‘lmaydi degan xulosaga kelingan. Sharh mualliflari hozirgi vaqtda depressiyaning serotonin gipotezasini tasdiqlovchi empirik dalillar mavjud emas degan xulosaga kelganlar.

Serotonin gipotezasining rad etilishiga munosabat

2022-yildagi tizimli sharhlar sharhida serotonin gipotezasining rad etilishi keng jamoatchilik orasida katta aks sado berdi. Bu haqdagi yangiliklarni ko‘plab yetakchi ommaviy axborot vositalari (BBC, The Guardian, The Times) e’lon qildi. Ko‘plab jurnalistlar va soha mutaxassisi bo‘lmagan odamlar uchun depressiya serotonin yetishmovchiligi tufayli yuzaga kelmasligi haqidagi xabar shov-shuvli yangilik bo‘ldi. Bu holat professional psixiatrlar hamjamiyati bilan oddiy odamlar o‘rtasida depressiyani tushunish borasida katta tafovut mavjudligini tasdiqladi.

Psixiatriya hamjamiyatining munosabati keng jamoatchilik munosabatidan farq qildi. Psixiatrlar, asosan, sharhda mohiyatan hech qanday yangi ma’lumot yo‘qligini hamda barcha nufuzli psixiatr va olimlar serotonin gipotezasiga anchadan beri amal qilmasligini ta’kidladilar. Psixiatr Ronald Pays «depressiya serotonin yetishmovchiligi tufayli kelib chiqmaydi» degan fikrni norozilik bilan «depressiya qora safro ortiqchaligi tufayli kelib chiqmaydi» degan xabarga va gumoral nazariya muallifi Galenning qarashlari tanqidiga qiyosladi. Serotonin gipotezasini himoya qilgan ayrim olimlar ham bo‘ldi. Masalan, psixofarmakolog Devid Natt serotonin gipotezasini rad etishga hali erta ekanini aytdi. Uning taxminicha, yaqin orada inson miyasida serotonin faolligini o‘lchashning aniqroq va ishonchliroq usullari paydo bo‘ladi.

Antidepressantlar va serotonin gipotezasining tanqidi

Fluoksetin (Prozak) antidepressantining qadog‘i

Serotonin gipotezasining tanqid qilinishi va rad etilishi ta’siri serotonin orqali tushuntirilgan antidepressantlarni qo‘llash borasidagi bahslarning yangi bosqichiga sabab bo‘ldi. Antidepressantlarni himoya qilish uchun bir qator dalillar keltirildi. Antidepressantlarning samaradorligi haqidagi dalillar randomizatsiyalangan klinik sinovlarga asoslanishi, serotonin gipotezasiga esa asoslanmasligi ta’kidlandi. Klinik amaliyotda qo‘llanadigan ko‘plab dorilarning ta’sir mexanizmlarini bilmasligimiz ham dalil sifatida keltirildi. Psixiatr Maykl Blumfild dori vositasining ta’sir mexanizmi organizmda biror moddaning yetishmasligini bartaraf etishga qaratilgan bo‘lishi shart emasligini aytdi. Shu munosabat bilan Blumfild ta’kidlaganidek, paratsetamol bosh og‘rig‘iga yordam beradi, ammo bundan bosh og‘rig‘i miyada paratsetamol yetishmasligi tufayli yuzaga keladi degan xulosa chiqmaydi.

Joanna Monkriff antidepressantlar foydasiga keltirilgan bunday dalillarga e’tiroz bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, paratsetamol og‘riqni yuzaga keltiruvchi muayyan mexanizmlarga ta’sir qilishini bilamiz. Ammo antidepressantlarning ta’siri haqida bunday darajadagi tushunchaga ega emasmiz. Monkriffning fikricha, preparatning ta’sir mexanizmini tushunish uni amaliyotda qo‘llash uchun muhimdir. Agar psixotrop preparat miyaning neyrokimyosini noma’lum tarzda o‘zgartirsa, uni qo‘llashda ehtiyotkorona yondashuvni shakllantirish lozim. Monkriff antidepressantlarning ta’sirini tushuntirishning boshqa, haqiqatga yaqinroq usullari mavjud deb hisoblaydi. Ushbu preparatlar depressiya holatida odamning ahvolini platsebo effekti yoki his-tuyg‘ularni sun’iy ravishda susaytirish orqali yaxshilashi mumkin. Monkriff antidepressantlarning samaradorligini tasdiqlovchi dalil sifatida qaraladigan klinik tadqiqotlarga ham shubha bilan munosabatda bo‘ladi. Metatahlillar antidepressantlar bilan platsebo o‘rtasidagi farq atigi 2 ball ekanini ko‘rsatadi (52 ballik shkala bo‘yicha). Bu klinik jihatdan ahamiyatli ta’sir deb hisoblanmaydi. Hatto shu kichik farq ham klinik tadqiqotlar dizaynining mukammal emasligi tufayli yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin.

Gipotezaning odamlarga ijtimoiy ta’siri

Serotonin gipotezasi rost yoki yolg‘onligidan qat’i nazar, odamlarga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Agar odam serotonin gipotezasiga ishonsa, shundan keyin u o‘z his-tuyg‘ulari va kechinmalarini boshqacha talqin qilishi mumkin. Ushbu ta’sirni ifodalash uchun sotsiolog Nikolas Rouz «neyrokimyoviy “Men”» tushunchasini kiritgan.

Odamning o‘z azob-uqubatlariga berilgan neyrobiologik tushuntirishlarga ishonishi hayotdagi muvaffaqiyatsizliklari uchun o‘zini aybdor his qilishini kamaytirishi mumkin. Neyrobiologik tushuntirishlar yordamida odam salbiy his-tuyg‘ularini o‘z shaxsiyatidan ajratib, ularni miyaning biologik faoliyatidagi buzilishlar bilan izohlashi mumkin. Boshqa tomondan, azob-uqubatlarning neyrobiologik tushuntirishlari odamlarda pessimizm va o‘z hayotini mustaqil boshqarish qobiliyatini (subyektlikni) yo‘qotish hissini keltirib chiqarishi mumkin.

Serotonin gipotezasining ommalashish sabablari

Tanqid kuchayib borishiga qaramay, serotonin gipotezasi uzoq vaqt ommalashgan holda qolishining sabablarini ajratib ko‘rsatish mumkin. Serotonin gipotezasi ayrim guruhlarga, ya’ni farmatsevtika kompaniyalari, psixiatriya sohasi vakillari, depressiyaga chalingan ayrim bemorlar va bemorlar tashkilotlariga u yoki bu jihatdan foydali bo‘lib tuyulgan.

Farmatsevtika kompaniyalari SQQOSI antidepressantlarini targ‘ib qilishda benzodiazepinli trankvilizatorlar bilan bog‘liq inqiroz oqibatlariga duch kelgan. 1980-yillarning boshlarida keng jamoatchilikka benzodiazepinli trankvilizatorlardan uzoq muddat foydalanish qaramlik va qabul qilishni to‘xtatish sindromini keltirib chiqarishi ma’lum bo‘ldi. Shu sababli ko‘pchilik psixotrop preparatlarga ishonchsizlik bilan qaray boshladi. Shuning uchun farmatsevtika kompaniyalari antidepressantlarni targ‘ib qilishda yomon obro‘ga ega trankvilizatorlardan imkon qadar uzoqlashishga harakat qilishlari kerak edi. Antidepressantlar ta’sir turi bo‘yicha mutlaqo boshqa preparatlar ekanini ko‘rsatish zarur edi. Serotonin gipotezasi antidepressantlarni targ‘ib qilishda juda foydali bo‘lib chiqdi: u odamlarda antidepressantlarni qabul qilish orqali depressiya tufayli pasaygan serotonin darajasini me’yorga keltirayotganlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamladi.

Psixiatriya sohasi vakillari serotonin gipotezasiga bo‘lgan ishonchni saqlab qolishdan manfaatdor bo‘lgan yana bir tomon edi. Yaxshi ta’lim olgan psixiatrlar serotonin gipotezasini tasdiqlovchi dalillar shubhali ekanini anchadan beri bilgan bo‘lsalar-da, bu ma’lumotlarni keng jamoatchilikka yetkazish uchun deyarli hech qanday harakat qilmagan va antidepressantlarning yolg‘on reklama kampaniyalarini tanqid qilmaganlar.

Psixiatriya sohasi vakillari o‘z tarixlari davomida davolashning samarasizligi va tashxislashning ishonchsizligi borasidagi tanqidlarga duch kelganlar. Tanqidlardan himoyalanish va o‘z faoliyatlarining qonuniyligi tan olinishiga erishish uchun psixiatrlar ko‘pincha tibbiyotning nufuziga tayanganlar. Ular tibbiyot kasbining qonuniy vakillari ekanini va oddiy shifokorlardan hech qanday farq qilmasliklarini isbotlashlari kerak edi. Buning uchun davolash usullari an’anaviy tibbiyotdagidek ekanini va ular ham buzilishlarning biologik sabablarini davolashlarini namoyish qilish juda muhim edi. Shu sababli psixiatrlar muayyan biologik buzilishni maqsadli davolayotgandek taassurot uyg‘otgan serotonin gipotezasi tibbiyot sohasida ijobiy obro‘-e’tibor saqlab qolish uchun psixiatriya kasbiga foydali bo‘lgan.

Serotonin gipotezasi boshqa neyrobiologik tushuntirishlar qatori bemorlar tashkilotlari va alohida bemorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Shu yo‘l bilan bemorlarning o‘z holatidan uyalishi va o‘zini aybdor his qilishini kamaytirish, depressiyaga chalingan odamlarga nisbatan hamdardlik bilan munosabatda bo‘lishga ko‘maklashish mumkin deb hisoblangan. Neyrobiologik tushuntirishlar ruhiy buzilishlari bo‘lgan odamlarda aybdorlik hissini chindan ham kamaytirishi mumkin, ammo ular sog‘ayish prognozining yomonlashishiga ham sabab bo‘ladi hamda bemorlarning psixoterapiya va boshqa psixososial aralashuvlarga bo‘lgan talabini kamaytiradi.

Havolalar