| Dendi—Uoker sindromi | |
|---|---|
| 8 yoshli bolada Varoliy ko‘prigi va miyacha chuvalchangining displaziyasi | |
| KXT-11 | LA06.0 |
| KXT-10 | Q03.1 |
| KXT-10-KM | Q03.1 |
| KXT-9 | 742.3 |
| OMIM | 220200 |
| DiseasesDB | 3449 |
| eMedicine | radio/206 |
| MeSH | D003616 |
Dendi — Uoker sindromi — miyacha va uning atrofidagi likvor bo‘shliqlarining rivojlanish anomaliyasi; genetik omillarga bog‘liq kasallik.
Ushbu sindromni amerikalik neyroxirurg Uolter Dendi ilk bor 1921-yilda, Erl Uoker esa 1944-yilda tavsiflagan.
Epidemiologiya
Dendi — Uoker sindromi markaziy nerv tizimining ancha kam uchraydigan patologiyasi bo‘lib, tirik tug‘ilgan bolalar orasida 1 ta holat 25000-35000 nafar bolaga to‘g‘ri keladi. Tug‘ma gidrosefaliya bilan tug‘ilgan bolalarda bu sindrom 3.5% dan 12% gacha hollarda aniqlanadi. Asosan ayol jinsidagi shaxslarda uchraydi.
Tasnifi
Dendi—Uoker sindromining to‘liq va to‘liq bo‘lmagan shakllari farqlanadi. To‘liq shakliga miyacha chuvalchangining ageneziyasi (shakllanmasligi) hamda IV qorincha bilan katta sisterna sohasidagi kista o‘rtasida yaqqol tutashuv mavjudligi xos. To‘liq bo‘lmagan shakliga miyacha chuvalchangi pastki qismining qisman ageneziyasi xos bo‘lib, IV qorincha bilan katta sisternadagi kistaning tutashuvi chuvalchangning butun uzunligi bo‘ylab kuzatilmaydi.
Klinik manzarasi
Dendi—Uoker sindromi to‘rtinchi qorinchaning kengayishi natijasida orqa kalla chuqurchasida likvor kistasining hosil bo‘lishi, miyacha chuvalchangining yetarlicha rivojlanmaganligi yoki umuman bo‘lmasligi hamda gipertenziv gidrosefaliyaning turli darajada namoyon bo‘lishi bilan tavsiflanadi. Dendi—Uoker sindromi asta-sekin yoki tez rivojlanishi mumkin. Postnatal davrda chaqaloqning harakat qobiliyati sekin rivojlanadi va kalla suyagi tobora kattalashib boradi. Kattaroq yoshda kasallik kalla ichi gipertenziyasi belgilari (ta’sirchanlik, ko‘ngil aynishi, tirishish sindromi, ko‘rishning buzilishi va boshqalar), shuningdek, miyachaga xos belgilar (statik ataksiya, harakatlar muvofiqligining buzilishi, nistagm) bilan namoyon bo‘ladi. Bundan tashqari, bosh miya nervlarining zararlanish belgilari, orqa kalla chuqurchasi suyaklarining yupqalashishi va bo‘rtib chiqishi qayd etiladi. Dendi—Uoker sindromi ko‘pincha qadoqsimon tananing yetarlicha rivojlanmaganligi, yurak, kalla suyagining yuz qismi va barmoqlarning rivojlanish anomaliyalari bilan birga uchraydi.
Tashxislash
Tashxislashni boshlashdan oldin oilada ilgari shunga o‘xshash kasallik kuzatilganmi va dastlabki belgilar qachon paydo bo‘la boshlaganini aniqlash kerak. Shundan so‘ng tahlillar topshirish va tekshiruvlardan o‘tish uchun yo‘llanma olish maqsadida davolovchi shifokorga murojaat qilish zarur.
Dendi—Uoker sindromini aniqlash uchun quyidagi tekshiruvlardan o‘tish zarur:
- MRT. Kalla suyagining kattalashish darajasi, kistalar mavjudligi, qorinchaning kengayishi va miyachaning yetarlicha rivojlanmaganlik darajasini aniqlash imkonini beradi.
- Ultratovush tekshiruvi. Kasallik rivojlanishining dastlabki belgilarini aniqlash uchun homiladorlik davrida o‘tkaziladi. Bundan tashqari, sindromning og‘irlashgan bosqichida yurak va boshqa a’zolardagi asoratlarni aniqlash uchun ham ushbu tekshiruvdan foydalaniladi.
- Nevrologik ko‘rik. Ushbu tekshiruv bemor ko‘z olmalari beixtiyor harakatlanishini, liqildoq sohasining kengayishini, kalla suyagi o‘lchamining kattalashishini va tana mushaklari tonusining pasayishini aniqlashga yordam beradi.
Ayrim hollarda sindrom mavjudligini aniqlash uchun neyroxirurg va tibbiy genetik shifokor maslahatiga ehtiyoj tug‘iladi.
Bundan tashqari, homiladorlikning 13-14-haftasida skrining transvaginal exografiyasi o‘tkazilganda prenatal davrda ham tashxis qo‘yish mumkin.