Chuqurlikni idrok etish

Chuqurlikni idrok etish, masofani differensial idrok etish (lot. differentia — farq, tafovut ma’nosidagi so‘zdan) — ko‘rish orqali voqelikni uch o‘lchamda idrok etish va obyektingacha bo‘lgan masofani aniqlash qobiliyatidir.

Xususiyatlari

Chuqurlikni idrok etish chuqurlik belgilariga asoslanadi. Chuqurlik belgilari monokulyar va binokulyar belgilarga bo‘linadi. Monokulyar belgilar chuqurlikni ikki o‘lchamda aks ettiradi va bir ko‘z bilan idrok etilishi mumkin.

Monokulyar belgilarga quyidagilar kiradi:

  • nisbiy o‘lchamlar (obyekt yaqinroq joylashgan bo‘lsa, kattaroq ko‘rinadi);
  • gradient (teksturaning o‘zgarishi) (obyekt yaqinroq joylashganida teksturaning donachalari kattaroq ko‘rinadi va tekstura donachalari bir-biridan uzoqroq joylashadi);
  • o‘zaro joylashuv (yaqinroq joylashgan obyekt uzoqroq joylashgan obyektni qisman to‘sadi yoki uning ustiga soya tushiradi);
  • chiziqli perspektiva (parallel deb idrok etiladigan chiziqlar ufqqa yaqinroq uchlari bilan bir-biriga yaqinlashadi);
  • atmosfera perspektivasi (uzoqroq joylashgan obyektlar xiraroq, noaniqroq va kontrasti pastroq ko‘rinadi) va boshqalar;
  • harakat parallaksi (kuzatuvchining ko‘rish analizatori siljiganida, masalan, bosh burilganida yoki butun tana bosh bilan birga harakatlanganida, kuzatuvchidan uzoqroq joylashgan obyektlarning ko‘z to‘r pardasidagi proyeksiyasi yaqinroq joylashgan obyektlar proyeksiyasiga nisbatan sekinroq siljiydi).

Binokulyar belgilarga quyidagilar kiradi:

  • binokulyar konvergensiya (yaqinlashayotgan jismlarni idrok etishda ko‘zlar markazga — burun tomonga buriladi va ko‘z gavharining egriligini, ko‘z soqqasining shaklini hamda ko‘rish o‘qlarining tutashish burchagini boshqaruvchi ko‘z mushaklari taranglashadi; uzoqlashayotgan jismlarni idrok etishda esa ko‘zlar bir-biridan uzoqlashib, bo‘shashadi);
  • normal binokulyar disparatlik (yaqin jismlarni idrok etishda o‘ng va chap ko‘z ko‘rayotgan tasvirlar o‘rtasida sezilarli disparatlik (farq) kuzatiladi, uzoq jismlarda esa disparatlik kichik bo‘ladi). Manfiy binokulyar disparatlikda (idrok etilayotgan obyektning normal proyeksiya nuqtalarini ularning ko‘zgudagi aksiga almashtirish orqali, masalan, psevdoskop yordamida hosil qilinadi) teskari perspektiva illyuziyasi yuzaga keladi. Bu kuzatuvchini obyektlarning o‘zaro joylashuvi borasida chalg‘itadi yoki hatto obyektlarning relyefini teskari idrok etishga olib keladi (qavariq qism botiq, botiq qism esa qavariq bo‘lib ko‘rinadi).

Adabiyotlar