| Chorvoq suv ombori | |
|---|---|
| o‘zb. Chorvoq suv ombori | |
| Morfometriya | |
| Dengiz sathidan balandligi | 860 m |
| Maydoni | 37 km² |
| Hajmi | 2 km³ |
| Sohil chizig‘i | 94 km |
| Eng katta chuqurligi | 120 yoki 148 m |
| O‘rtacha chuqurligi | 36 m |
| Xususiyatlari | |
| Suv bilan to‘ldirilgan yili | 1970 |
| To‘g‘on balandligi | 168 m |
| Havzasi | |
| Havza maydoni | 3200 km² |
| Quyiladigan suv oqimlari | Piskom, Ko‘ksuv, Chotqol, Nauvalisoy, Chimyonsoy, Eshakko‘priksoy |
| Oqib chiqadigan suv oqimi | Chirchiq |
| Joylashuvi | |
| 41°38′15″ sh. k. 70°02′00″ sh. u.HGЯO | |
| Mamlakat | |
| Viloyat | Toshkent viloyati |
Chorvoq suv ombori — sun’iy suv havzasi bo‘lib, Bo‘stonliq tumanida, Toshkent viloyatida, O‘zbekistonda joylashgan. U viloyatning shimolida, Chirchiq daryosida, Piskom va Chotqol daryolari qo‘shilgan joydan bir oz quyi oqimda, Ugom va Chotqol tog‘ tizmalarining tarmoqlari orasida, G‘arbiy Tyanshan hududida joylashgan. Suv omborining o‘rnini shu yerda keltirilgan Toshkent viloyatining sxematik xaritasidan ko‘rish mumkin. Dengiz sathidan balandligi — 860 m.[636 kundan beri manba ko‘rsatilmagan]
Suv ombori balandligi 168 metr bo‘lgan tosh-to‘kma to‘g‘on yordamida hosil qilingan. Bu to‘g‘on Chorvoq GESiga tegishli. Suv omborining hajmi taxminan 2 km³. Suv yig‘ish havzasining maydoni — 3200 km². Suv ombori yuzasining maydoni 37 km² dan ortiq, sohil chizig‘ining uzunligi qariyb 95 kilometr. O‘rtacha chuqurligi 36 metr, eng katta chuqurligi esa taxminan 120—148 m. Yoz faslida suv omboridagi suv sathi sezilarli darajada pasayadi, chunki uning suvidan Chirchiq vodiysidagi yerlarni sug‘orish va irrigatsiya maqsadlarida foydalaniladi.
Suv omborida quyidagi baliq turlari uchraydi: zog‘orabaliq (sazan), marinka, forel, sig, pelyad.
10-iyul 2020-yil sanasidan boshlab suv omborida motorli suv transporti vositalaridan foydalanish taqiqlangan. «Maxsus vazifalarni bajarish vakolatiga ega vazirlik va idoralar» bundan mustasno. Motorsiz yoki muqobil energiya manbalarida ishlaydigan suv transportidan foydalanishga ruxsat etilgan.
O‘lkashunoslik ma’lumotlari
Suv ombori sohilida ko‘plab pansionatlar, dam olish maskanlari va bolalar uchun yozgi sport-sog‘lomlashtirish oromgohlari joylashgan. Chorvoq suv ombori atrofidan uning sohilidagi aholi punktlarini bog‘laydigan halqa avtomobil yo‘li o‘tadi.
Suv omboriga Ko‘ksuv daryosi quyiladigan joydan uncha uzoq bo‘lmagan hududda Burchmulla qishlog‘i joylashgan. Bu qishloq Sergey Nikitin tomonidan Dmitriy Suxarevning she’ri asosida yaratilgan mashhur «Brichmulla» qo‘shig‘i tufayli keng tanilgan. Suv ombori sohilida Bog‘iston, Yangiqo‘rg‘on, Yusufxona, Sijjak va boshqa qishloqlar ham joylashgan.
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Chorvoq suv ombori atrofida O‘zbekiston hududidagi eng qadimiy tarixiy va arxeologik yodgorliklarning ko‘plari joylashgan. Xususan, suv ombori yaqinidagi Paltov daryosi bo‘yida ibtidoiy odamlarning muste davriga oid manzilgohi — Obirahmat joylashgan. Chorvoq suv ombori yaqinidagi Xo‘jakent qishlog‘ida Chinor (Chinar) nomli g‘or mavjud bo‘lib, unda qadimgi odamlar chizgan ko‘plab qoyatosh rasmlari saqlangan.
Suv ombori sohilidagi Bog‘iston qishlog‘i ham tarixiy jihatdan qiziqarli maskan bo‘lib, o‘z davrining ikki buyuk shaxsiga vatan bo‘lgan. Ulardan biri — shayx Xovandi Tohur (Shayxontohur). U XIII asrda shu yerda tug‘ilgan. Uning maqbarasi Toshkentda joylashgan va shaharning asosiy tarixiy-me’moriy diqqatga sazovor obidalaridan biri hisoblanadi. Ikkinchisi — shayx Ubaydulloh Ahror bo‘lib, u ona tomondan shayx Xovandi Tohurning (Shayxontohur) uzoq avlodi sanaladi. Ubaydulloh Ahror XV asrda tasavvufning buyuk namoyandasi va mintaqadagi musulmon ruhoniylarining yetakchisi bo‘lgan.
Galereya
- Chorvoq suv ombori Toshkent viloyatining sxematik xaritasida
- Aprel oyida Chorvoq
- Chorvoq suv omborining Katta Chimyon cho‘qqisidan ko‘rinishi
- Qish faslidagi Chorvoq suv ombori
- Qish. Chorvoq suv omborining tubi ko‘rinib turibdi, Ko‘ksuv (o‘ngda) to‘g‘ridan-to‘g‘ri Chotqolga quyilmoqda
Topografik xaritalar
- Xarita varag‘i K-42-XXII. Masshtab: 1 : 200 000. Xaritaning nashr etilgan sanasini yoki joyning holati sanasini ko‘rsating.
- Xarita varag‘i K-42-XXIII. Masshtab: 1 : 200 000. Xaritaning nashr etilgan sanasini yoki joyning holati sanasini ko‘rsating.