| Furunkul | |
|---|---|
| | |
| KXT-11 | 1B75.0 |
| KXT-10 | L02 |
| KXT-9 | 680.9 |
| DiseasesDB | 29434 |
| MedlinePlus | 001474 va 000825 |
| MeSH | D005667 |
Furunkul (lot. furunculus), chipqon — o‘tkir yiringli-nekrotik yallig‘lanish bo‘lib, soch follikulasi, yog‘ bezi va ularni o‘rab turgan biriktiruvchi to‘qimani qamrab oladi. Uni yiring hosil qiluvchi bakteriyalar, asosan oltinrang stafilokokk keltirib chiqaradi. Xalq orasida furunkullar ba’zan «chipqon» yoki «yiringli yara» deb ataladi.
Kelib chiqish sababi
Furunkul paydo bo‘lishiga terining ifloslanishi (erkaklarda tez-tez uchraydigan sabab — yuzni ehtiyotsizlik bilan qirish), ter va teri yog‘ining ko‘p ajralishi, nosog‘lom ovqatlanish, moddalar almashinuvining buzilishi, immunitet faolligining pasayishi, organizmning sovqotishi va boshqalar yordam beradi.
Belgilari
Furunkulga xos belgi — terida qizil eritema fonida, markazida nekroz (furunkul o‘zagi deb ataladi) bo‘lgan og‘riqli follikulyar pustulaning paydo bo‘lishidir. Nekrozga uchragan to‘qima ajralib chiqqach, yara chandiqlanish yo‘li bilan bitadi. Furunkul ko‘pincha bo‘yin, ensa, yuz, orqa, son va jinsiy a’zolar terisida paydo bo‘ladi.
Rivojlanishning turli bosqichlaridagi furunkullarning paydo bo‘lishi furunkulyoz deb ataladi, bir guruh soch follikulalari va yog‘ bezlari atrofidagi teri hamda teriosti kletchatkasining yiringli-nekrotik yallig‘lanishi esa — karbunkul deb ataladi. Furunkul yuzda joylashganida og‘ir asoratlar yuzaga kelishi mumkin (yiringli meningit, sepsis).
Davolash
Antiseptik vositalar bilan yallig‘langan joylar atrofidagi teriga ishlov berish.
Shakllangan furunkul so‘rilishni tezlashtiruvchi va yallig‘lanishga qarshi vositalar hamda usullar — sof ixtiol, quruq issiqlik yordamida davolanadi.
Yorilgan furunkul steril gipertonik eritma (osh tuzi eritmasi) bilan yuviladi va yiringni yaxshiroq chiqarish uchun tuzli, namlanib quriydigan bog‘lamlar qo‘yiladi. Yiring va nekrozga uchragan to‘qimalar ajralib chiqqach, qolgan yiringsiz yaraga antibakterial surtmali bog‘lam qo‘yiladi.
Yuzda (yuqori lab, burun va yonoqlar sohasida) furunkullar paydo bo‘lganida va furunkul asoratlari kuzatilganida stafilokokklarga qarshi faol antibiotiklarni (metitsillin, oksatsillin, eritromitsin va boshqalar) buyurish zarur.
Shuningdek, ayrim hollarda furunkulyozga qarshi kurashishda autogemoterapiya yoki jarrohlik usuli qo‘llanadi.
Asoratlari
Asoratlar jarayonning joylashuvi va qanchalik avj olganiga bog‘liq.
- Limfangit va limfadenit. Odatda, yiringli jarayonning rivojlanishi va shu bilan birga yiring hosil qiluvchi bakteriyalarning limfa oqimi orqali tarqalishiga mintaqaviy limfa tugunlari guruhlari yallig‘lanish reaksiyasi bilan javob beradi.
- Flegmona. Furunkul bosh to‘qimalari flegmonasiga sabab bo‘lib, bosh miya venoz sinuslarining o‘tkir tromboziga olib kelishi mumkin. Bo‘yin to‘qimalari flegmonasi yiringning ko‘ks oralig‘iga oqib o‘tishi va mediastinit rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Furunkul qo‘l-oyoqlar va gavdada joylashganida ham yumshoq to‘qimalar flegmonasiga sabab bo‘lib, u mushaklararo va fassiyalararo bo‘shliqlarga tarqalishi mumkin.
- Sepsis. Eng og‘ir va xavfli asorat bo‘lib, ko‘pincha o‘limga olib keladi.
Profilaktika
Shaxsiy gigiyenaga rioya qilish, terining mikrojarohatlanishining oldini olish, terining jarohatlangan qismlariga o‘z vaqtida ishlov berish.
Adabiyotlar
- Ashmarin Yu. Ya., Kreynin V. M. Furunkulyoz. — M.: Meditsina, 1974. — 96 b. — (Amaliyotchi shifokor kutubxonasi).