| Buqoq | |
|---|---|
| Yosh ayolda tugunli buqoq. | |
| XKT-10 | E01-E05 |
| XKT-10-KM | E04.9 |
| XKT-9 | 240.9 |
| XKT-9-KM | 240.9 |
| DiseasesDB | 5332 |
| MedlinePlus | 001178 |
| MeSH | D006042 |
Buqoq (struma) — ko‘zga ko‘rinadigan darajada doimiy, o‘smasimon kattalashgan qalqonsimon bez bo‘lib, ayrim hollarda bez faoliyatining buzilishi va organizm umumiy holatining yomonlashishi bilan kechadi. Tashqi belgisi — bo‘yinning old yuzasida shish paydo bo‘lishi.
Tasnifi
Buqoqning turli tasniflari mavjud.
Etiopatogenetik tasnif
- Endemik buqoq — buqoq bo‘yicha endemik geografik hududlarda (tog‘li joylar: Alp, Karpat, Kavkaz, Ural, Sharqiy Sibir, O‘rta Osiyo, Himolay, Tyanshan, Efiopiya, Kordilyera va Qoyali tog‘lar aholisida) kuzatiladi. Asosiy sababi — suv, havo, tuproq va oziq-ovqatda yod miqdorining kamligi. Natijada gipotireoz rivojlanadi.
- Sporadik buqoq — buqoq bo‘yicha endemik bo‘lmagan hududlarda kuzatiladi.
Morfologiyasiga ko‘ra
- Diffuz toksik buqoq (Bazedov kasalligi, gipertireoz).
- Tugunli buqoq.
- Aralash (diffuz-tugunli) buqoq.
Joylashuviga ko‘ra
- Odatdagi joyda joylashgan.
- Qisman to‘sh suyagi ortida joylashgan.
- Halqasimon.
- Embrional kurtaklardan rivojlangan distopik buqoq (til ildizi buqog‘i, qalqonsimon bezning qo‘shimcha bo‘lagi buqog‘i).
Funksional belgilariga ko‘ra
Buqoq qalqonsimon bezning funksional faolligi o‘zgarishi bilan kechishi mumkin. Gormon ishlab chiqarish funksiyasining o‘zgarishiga qarab quyidagilar farqlanadi:
- Gipotireoz — tireoid gormonlar ishlab chiqarilishi kamaygan holat.
- Eutireoz — gormonlar ishlab chiqarilishi buzilmagan, tireoid gormonlar miqdori yetarli bo‘lgan holat.
- Tireotoksikoz — qalqonsimon bez tireoid gormonlarni ortiqcha miqdorda ishlab chiqaradi.
Tireotoksikoz va gipertireoz atamalarini bir-biriga tenglashtirmaslik kerak. Tireotoksikoz qon zardobida tireoid gormonlar miqdori ortganligini anglatadi. Nishon to‘qimalarning tireoid gormonlarga sezgirligi ortganda, qondagi gormonlar darajasi me’yorda bo‘lsa ham, gipertireoz kuzatilishi mumkin.
Qalqonsimon bezning kattalashish darajasiga ko‘ra
Tasnif: JSST (2001-yil):
- 0-daraja — buqoq yo‘q.
- I daraja — buqoq paypaslab aniqlanadi, ammo bo‘yin odatdagi holatda turganda ko‘rinmaydi.
- 2-daraja — buqoq paypaslab aniqlanadi va ko‘zga ko‘rinadi.
O. V. Nikolayev bo‘yicha buqoq o‘lchamlarining tasnifi (1955-yil):
- 0-daraja — qalqonsimon bez ko‘rinmaydi va paypaslab aniqlanmaydi.
- I daraja — qalqonsimon bez ko‘rinmaydi, ammo paypaslab aniqlanadi, yutish vaqtida bezning bo‘yinchasi ko‘rinadi.
- II daraja — qalqonsimon bez yutish vaqtida ko‘rinadi va paypaslab aniqlanadi, bo‘yin shakli o‘zgarmagan.
- III daraja — qalqonsimon bez ko‘rinadi va bo‘yin konturini o‘zgartiradi («yo‘g‘on bo‘yin»).
- IV daraja — bo‘yin shaklini buzadigan katta buqoq.
- V daraja — nihoyatda katta, traxeya va qizilo‘ngachni siqadigan ulkan buqoq.
Etiologiyasi
Butun dunyoda eng keng tarqalgan turi — endemik buqoq bo‘lib, uning sababi yodning oziq-ovqatda yetishmasligidir. Yodlangan tuz iste’mol qilinadigan mamlakatlarda ko‘proq tarqalib borayotgan turi — Hashimoto buqog‘i. Boshqa sabablar orasida quyidagilar mavjud:
Gipotireoz
Gipertireoz
- Diffuz toksik buqoq (Greyvs kasalligi)
- Tireoiditlar
- Qalqonsimon bez saratoni
Belgilari
Endokrin faoliyat buzilishi bilan bog‘liq bo‘lmagan buqoq, odatda, bo‘yinning old yuzasi deformatsiyasidan boshqa belgilar bilan namoyon bo‘lmaydi. Juda katta buqoq atrofdagi anatomik tuzilmalarni siqib, nafas olish va yutinishni qiyinlashtirishi mumkin. Ushbu belgilar mavjud bo‘lsa, qalqonsimon bezning xavfli o‘smasi ehtimolini istisno qilish kerak.
Gormonal buzilishlar bilan kechadigan buqoqda quyidagi holatlarga xos belgilar kuzatiladi: gipotireoz yoki tireotoksikoz.