Tibbiy diagnostika

Radiografiya — ayrim kasalliklarni aniqlash usullaridan biri

Tibbiy diagnostika (qadimgi yunoncha δια-γνωστικος, diagnosticos — «aniqlashga qodir») — tashxis qo‘yish, ya’ni kasallikning mohiyati va bemorning holati haqida tibbiyotda qabul qilingan terminlar bilan ifodalangan xulosa chiqarish jarayonidir. Klinik tibbiyotning kasalliklar yoki alohida fiziologik holatlarni aniqlash jarayonining mazmuni, usullari va ketma-ket bosqichlarini o‘rganuvchi bo‘limi ham shu atama bilan nomlanadi.

Ilmiy fan sifatida diagnostikaning asosiy bo‘limlari semiotika, bemorni tekshirish usullari va tashxis qo‘yishning metodologik asoslaridan iborat.

Diagnostika bemorni har tomonlama va tizimli o‘rganishga asoslanadi. Bu jarayon anamnez yig‘ish, organizm holatini obyektiv tekshirish, qon va turli ajralmalarning laboratoriya tekshiruvlari natijalarini tahlil qilish, rentgenologik tekshiruvlar, grafik usullar, endoskopiya, biopsiya va boshqa usullarni o‘z ichiga oladi.

Hozirgi vaqtda tibbiyotning turli sohalarida har bir sohaga xos diagnostika usullari qo‘llanadi. Masalan, umumiy jarrohlikda quyidagi usullardan foydalaniladi:

  • tashqi ko‘rik (odatda bemorning umumiy ko‘rinishi: teri qoplami va shilliq pardalarning rangi hamda tuzilishi, og‘riq manbai joylashgan sohalar va boshqalar ko‘zdan kechiriladi);
  • biopsiya — bioptatni mikroskop ostida (gistologik tekshiruv) o‘rganish (tirik organizmdan olingan to‘qima namunasi);
  • laparoskopiya — qorin bo‘shlig‘ini eni taxminan 1-1,5 santimetr bo‘lgan kesma orqali qorin bo‘shlig‘iga kiritiladigan maxsus kamera yordamida tekshirish;
  • tekshirishda zondlardan va maxsus kameradan foydalanish (jumladan, oshqozon-ichak yo‘lini tekshirishda);
  • palpatsiya (odatda suyaklarning yopiq sinishlari va darz ketishlarini dastlabki aniqlash, ayrim jarrohlik sindromlariga dastlabki tashxis qo‘yish uchun qo‘llanadi);
  • rentgenografiya (odatda travmatologiya va pulmonologiyada);
  • ultratovush tekshiruvi va boshqalar.
  • Laboratoriya diagnostikasi — tekshirilayotgan materialni turli ixtisoslashtirilgan uskunalar yordamida tahlil qilishga qaratilgan usullar majmui.
  • elektrodiagnostika — nerv-mushak tizimi kasalliklarini aniqlash maqsadida galvanik va induksion tokdan foydalanish.

Adabiyotlar