Bosh miyaning uchinchi qorinchasi

Bosh miya qorinchalarining miya yuzasidagi proyeksiyasi

Bosh miyaning uchinchi qorinchasi (lot. ventriculus tertius) — bosh miya qorinchalaridan biri bo‘lib, oraliq miyaga tegishli. U o‘rta chiziqda, ko‘ruv do‘mboqlari (talamuslar) orasida joylashgan. U yon qorinchalar bilan Monro teshiklari orqali, to‘rtinchi qorincha bilan esa miya suv yo‘li orqali tutashadi.

3rd ventricle - animation
Uchinchi qorincha qizil rangda tasvirlangan

Anatomiya

Uchinchi qorincha orqa miya suyuqligi bilan to‘lgan va ichki tomondan ependima bilan qoplangan. Uchinchi qorinchaning oltita devori farqlanadi.

Yuqori devori (tomi) epitelial plastinka va u bilan birikib ketgan uchinchi qorinchaning qon tomirli qoplamasidan tashkil topgan. Qon tomirli qoplama miyaning yumshoq pardasining davomi bo‘lib, uchinchi qorincha bo‘shlig‘iga vorsinkalar shaklida kirib boradi. Bu vorsinkalar uning qon tomirlar chigalini hosil qiladi. Uchinchi qorinchaning oldingi qismlarida vorsinkalar Monro teshiklarini chetlab o‘tib, yon qorinchalarga o‘tadi va ularning qon tomirlar chigallarini hosil qiladi.

Uchinchi qorinchaning yon devorlari ko‘ruv do‘mboqlarining ichki yuzalaridan tashkil topgan. Bu do‘mboqlar ba’zan uchinchi qorinchaning chuqur qismida joylashgan oraliq massa bilan o‘zaro birikkan bo‘ladi.

Uchinchi qorincha old tomondan gumbaz ustunlari va ko‘ndalang joylashgan oq oldingi bitishma bilan chegaralangan. Qorinchaning pastki qismlarida uning oldingi devorini bir-biridan uzoqlashuvchi gumbaz ustunlari orasida joylashgan oxirgi kulrang plastinka hosil qiladi.

Orqa devor asosan oq orqa bitishmadan tashkil topgan bo‘lib, uning ostida miya suv yo‘liga kirish teshigi joylashgan. Yuqori qismlarda orqa devorni quyidagi tuzilmalar hosil qiladi: epifiz chuqurchasi (lot. recessus pinealis) va tizginchalar bitishmasi (lot. commissura habenularum).

Pastki devor orqa teshiklangan modda, so‘rg‘ichsimon tanalar, kulrang do‘mboq va ko‘ruv nervlari kesishmasi sohasida miya asosiga proyeksiyalanadi. Pastki devorda voronka chuqurchasi (kulrang do‘mboq va voronka ichiga kirib boruvchi) hamda ko‘ruv chuqurchasi (xiazmaning oldida joylashgan) farqlanadi.

Rasmlar

Adabiyotlar