| Ko‘ruv bo‘laklari | |
|---|---|
| Odam miyasi, orqa tomondan ko‘rinishi. Qizil rang bilan Brodmanning 17-maydoni (birlamchi ko‘ruv po‘stlog‘i), to‘q sariq rang bilan 18-maydoni, sariq rang bilan 19-maydoni belgilangan | |
| Odam miyasi, chap tomondan ko‘rinishi. Yuqorida: lateral yuzasi, pastda: medial yuzasi. To‘q sariq rang bilan Brodmanning 17-maydoni (birlamchi yoki striar ko‘ruv po‘stlog‘i) belgilangan | |
| Tarkibiga kiradi | Ensa bo‘lagi |
| Kataloglar | |

Ko‘ruv po‘stlog‘i — katta yarimsharlar po‘stlog‘ining bir qismi; u bosh miyaning ko‘ruv axborotini qayta ishlash vazifasini bajaradi. U, asosan, bosh miyaning har bir yarimshari ensa bo‘lagida joylashgan.
Quyidagi tuzilmalar ko‘ruv po‘stlog‘i tushunchasiga kiradi: birlamchi ko‘ruv po‘stlog‘i (boshqacha nomlari — striar po‘stloq yoki V1 ko‘ruv sohasi) va ekstrastriar ko‘ruv po‘stlog‘i — quyidagi sohalar: V2, V3, V4 va V5. Birlamchi ko‘ruv po‘stlog‘i anatomik jihatdan quyidagi maydonga mos keladi: Brodman maydoni 17, ya’ni BA17. Ekstrastriar ko‘ruv po‘stlog‘iga quyidagi maydonlar kiradi: Brodman maydonlari 18 va 19.
Ko‘zlardan ko‘ruv signallarini uzatuvchi neyronlar katta miya po‘stlog‘ining aynan V1 ko‘ruv sohasi bilan bevosita bog‘langan. Miyaning ko‘ruv signallariga sezgir qolgan barcha qismlari (2000-yilga kelib ularning 30 dan ortig‘i aniqlangan) ko‘zlar bilan V1 sohasi orqali bog‘langan.
Ko‘ruv po‘stlog‘i har bir bosh miya yarimsharida mavjud. Chap yarimsharning ko‘ruv po‘stlog‘i sohalari signallarni ko‘ruv maydonining o‘ng yarmidan, o‘ng yarimshar esa chap yarmidan oladi.
Quyida ko‘ruv po‘stlog‘ining xususiyatlari haqida so‘z boradi: primatlarda (asosan, odamda).
Kirish
Tuzilishiga ko‘ra granulyar (sensor) tipga mansub birlamchi ko‘ruv po‘stlog‘i (V1 sohasi), boshqacha aytganda, koniokorteks, quyidagi egatda joylashgan: pixsimon (ko‘ruv) egati (ingl. calcarine fissure) — katta miyaning ensa bo‘lagi (ingl. occipital lobe) tarkibidagi egat. Birlamchi ko‘ruv po‘stlog‘i (V1 sohasi) har bir yarimsharda axborotni bevosita ipsilateral (o‘sha tomondagi) tashqi tizzasimon tanadan oladi.
V1 ko‘ruv sohalari (o‘ng va chap) ko‘ruv axborotini ikkita birlamchi ko‘ruv yo‘li — dorsal va ventral yo‘llar orqali uzatadi (3-rasmga qarang).
- Dorsal yo‘l birlamchi ko‘ruv po‘stlog‘idan (V1 ko‘ruv sohasi) boshlanib, V2 ko‘ruv sohasi orqali o‘tadi va keyin dorsomedial ko‘ruv sohasiga (DM yoki V6), MT ko‘ruv sohasiga (V5 deb ham ataladi) hamda po‘stloqning tepa bo‘lagi orqa qismiga yo‘naladi. Dorsal yo‘l («qayerda?» yoki «qanday?» kanali) harakat, obyekt joylashuvi haqidagi tasavvur, ko‘z harakatlarini boshqarish (sakkadalar), obyektga qo‘l yetishini baholash va ko‘rinib turgan buyumlarni qo‘l bilan olish uchun ko‘ruv axborotidan foydalanish bilan bog‘liq.
- Ventral yo‘l ham V1 sohasidan boshlanib, V2 orqali o‘tadi, biroq keyin V4 ko‘ruv sohasi orqali po‘stloqning chakka bo‘lagi ventral (pastki) qismiga yo‘naladi (ingl. inferior temporal cortex). Ventral yo‘l («nima?» kanali) shaklni tanib olish, obyekt haqidagi tasavvur hamda uzoq muddatli xotira bilan bog‘liq.
Ko‘ruv axboroti oqimining tarmoqlanishini, ya’ni dorsal («qayerda?») va ventral («nima?») yo‘llarga — boshqacha aytganda, «harakat» va «tanib olish» kanallariga ajralishini birinchi marta Lesli Ungerlayder (ingl.) va Mortimer Mishkin tasvirlab bergan. Bu gipoteza hozirgacha fiziologlar va ko‘rish hodisasini o‘rganuvchi olimlar o‘rtasida bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Ehtimol, bu gipoteza ko‘ruv po‘stlog‘ida kechadigan haqiqiy jarayonlarni haddan tashqari soddalashtirar. U ko‘ruv illyuziyalari, masalan, Ebbingauz illyuziyasi to‘g‘ri idrokni buzishi mumkinligi haqidagi kashfiyotga asoslangan. Biroq subyekt ko‘ruv stimuliga harakat bilan, masalan, ko‘rgan buyumini ushlash orqali javob berganida, tasvir buzilmasdan idrok etiladi. Ammo 2005-yilda chop etilgan maqolada ko‘ruv axborotini qayta ishlovchi har ikkala kortikal tizim — «harakat kanali» ham, «tanib olish kanali» ham — illyuziyalar ta’siriga bir xil darajada berilishi ta’kidlangan.
Ko‘ruv po‘stlog‘i neyronlarida harakat potensiali ularning retseptiv maydonlariga ko‘ruv stimullari ta’sir etganida yuzaga keladi. Retseptiv maydon — bu ko‘ruv maydonining shunday qismiki, uni stimullash harakat potensialining hosil bo‘lishiga olib keladi. Biroq ba’zida neyron o‘z retseptiv maydoni doirasida namoyon etilgan muayyan ko‘ruv stimullari majmuasiga yaxshiroq javob qaytarishi mumkin. Bu xususiyat neyronlarning tanlovchanligi deb ataladi. Evolyutsion jihatdan qadimiyroq ko‘ruv sohalarida neyronlarning tanlovchanligi past. Masalan, V1 ko‘ruv sohasi neyroni o‘z retseptiv maydonidagi istalgan vertikal stimulga javoban qo‘zg‘alishi mumkin. Integrativ ko‘ruv sohalari neyronlariga murakkab tanlovchanlik xos. Masalan, yuqori chakka egatining integrativ ko‘ruv sohasi (maymunlarda) yoki urchuqsimon pushtaning ensa va chakka bo‘laklari chegarasidagi ventral yuzasi (odamda) neyronlari faqat retseptiv maydon yuz tasvirlari bilan stimullangandagina qo‘zg‘alishi mumkin.
Yuz haqidagi ko‘ruv axborotini qayta ishlash va idrok etishda miyaning o‘zaro ta’sirlashuvchi bir nechta sohasi ishtirok etadi. Ushbu tizimning asosini quyidagilar tashkil etadi: pastki ensa pushtasidagi soha (OFA) — yuzning alohida qismlarini dastlabki tahlil qiladi; urchuqsimon pushtadagi soha (FFA) — yuzning o‘zgarmas xususiyatlarini tahlil qiladi va odamni yuzidan taniydi; yuqori chakka egatining orqa qismidagi soha (pSTS) — o‘zgaruvchan jihatlar, ya’ni yuz ifodasi, nutq paytidagi lab harakati va nigoh yo‘nalishi tahlil qilinganda faollashadi. Kengaytirilgan tizimda nigoh yo‘nalishi (tepalararo egat — IPS), semantik axborot (pastki peshona pushtasi — IFG, oldingi chakka po‘stlog‘i — ATC), emotsional tarkibiy qism (bodomsimon tana — Amy, orolcha po‘stlog‘i — Ins), biografik axborot (oldingi pona (prekuneus) — PreCun, orqa belbog‘ pushtasi — pCiG) va boshqa axborotlar yanada chuqur tahlil qilinadi. Obyektlarni idrok etish bilan bog‘liq lateral ensa po‘stlog‘i (LOC) yuz tasviri tuzilishining dastlabki tahliliga qo‘shilishi mumkin. Bunda yuz haqidagi ko‘ruv axborotining turli jihatlari muayyan vazifalarni bajaruvchi alohida miya sohalarining mustaqil ishlashi orqali emas, balki ularning o‘zaro bog‘liq va muvofiqlashtirilgan faoliyati orqali aniqlanadi.
Ko‘ruv po‘stlog‘i, asosan, pixsimon tarmoq orqali qon bilan ta’minlanadi (lot. ramus calcarinus) — medial ensa arteriyasining tarmog‘i; medial ensa arteriyasi esa oxirgi (po‘stloq) qismning (lot. pars corticalis) tarmog‘i bo‘lib, bosh miyaning orqa arteriyasiga tegishli (lot. arteria cerebri posterior). Pixsimon tarmoq pixsimon egatda (lot. sulcus calcarinus, fissura calcarina) — bosh miya po‘stlog‘idagi egatda joylashadi.
Zamonaviy tadqiqotlar
Hayvonlarning (mushuklar, sassiqko‘zanlar, kalamushlar, sichqonlar, maymunlar) birlamchi ko‘ruv po‘stlog‘ini o‘rganishda potensiallar qayd etiladi; ular elektrodlardan olinadi (elektrodlar miyaga kiritilgan bo‘ladi), yoki ichki optik signallar qayd etiladi (optik xaritalash — miya po‘stlog‘ini optik usulda xaritalash). Birlamchi ko‘ruv po‘stlog‘ini o‘rganishda — odam va maymunlarda (V1 sohasi) — quyidagi usullar qo‘llanadi: elektroensefalografiya (EEG), magnitoensefalografiya (MEG), funksional magnit-rezonans tomografiya (fMRT), pozitron-emission tomografiya (PET).
Odamning V1 ko‘ruv sohasiga oid zamonaviy kashfiyotlardan biri shuki, diqqat ko‘ruv axborotini qayta ishlashga kuchli modulyatsiyalovchi ta’sir ko‘rsatadi (signallar fMRT orqali o‘lchangan). Shu bilan birga, makakalarda o‘tkazilgan fiziologik tadqiqot natijalari diqqat jarayonlarining ko‘ruv po‘stlog‘i sohalari faolligiga ta’siri sezilarli emasligini ko‘rsatgan (faollik juda oz o‘zgargan yoki umuman o‘zgarmagan). Makakalardagi tajribalar odatda yakka neyronlarning impulsli faolligini qayd etish yo‘li bilan o‘tkaziladi, fMRT qo‘llanganda esa, asosan, postsinaptik potensiallar qayd etiladi (ingl.). Demak, bu tajribalar natijalaridagi tafovut tadqiqot usullarining turlicha ekanligidan kelib chiqishi mumkin va odam hamda makaka fiziologiyasidagi haqiqiy farqlarni aks ettirishi shart emas.
Boshqa bir zamonaviy maqola mualliflari birlamchi ko‘ruv po‘stlog‘ining (V1) boshqaruv xususiyatlarini har tomonlama tavsiflashga va undan axborot uzatishning kortikal kanalini tavsiflash uchun namunaviy soha sifatida foydalanishga intilganlar.
Birlamchi ko‘ruv po‘stlog‘ining shikastlanishi, odatda, skotoma, ya’ni ko‘ruv maydonida «bo‘shliq» paydo bo‘lishiga olib keladi. Qizig‘i shundaki, bunday nuqsonlari bo‘lgan bemorlar ko‘pincha idrok eta oladilar va o‘z skotomalari doirasida taqdim etilgan ko‘ruv axborotidan foydalana oladilar. Bu hodisa ko‘rmasdan ko‘rish (blindsight) yoki «ko‘r ko‘rish» deb ataladi. Uni miyaning aynan qaysi tuzilmalari va neyrofiziologik jarayonlar ongning «moddiy tashuvchilari» hisoblanishiga qiziqadigan ko‘plab olimlar o‘rganmoqdalar.
Birlamchi ko‘ruv po‘stlog‘i (V1)

Qizil rang bilan belgilangan: birlamchi ko‘ruv po‘stlog‘i (V1 ko‘ruv sohasi)
Birlamchi ko‘ruv po‘stlog‘i — eng ko‘p o‘rganilgan ko‘ruv sohasi; u miya tarkibiga kiradi. Tadqiqotlar sutemizuvchilarda u har bir yarimsharning ensa bo‘lagi orqa qutbini egallashini ko‘rsatgan (bu bo‘laklar ko‘ruv stimullarini qayta ishlashga mas’ul). U ko‘rish bilan bog‘liq eng sodda tuzilgan va filogenetik jihatdan nisbatan «qadimiy» kortikal sohadir. U harakatsiz va harakatlanuvchi obyektlar haqidagi axborotni qayta ishlashga, ayniqsa, oddiy obrazlarni tanib olishga moslashgan.
Bosh miyaning katta yarimsharlari po‘stlog‘i funksional tuzilishining tarkibiy qismi — birlamchi ko‘ruv po‘stlog‘i — anatomik jihatdan aniqlanadigan striar po‘stloqqa deyarli to‘liq mos keladi. Ikkinchisining nomi lotincha «yo‘l-yo‘l chiziq, tasma» (lot. stria) so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, asosan, bu yerda oddiy ko‘z bilan aniq ko‘rinadigan Jennari tasmasi (tashqi Bayyarje tasmasi) mavjudligi bilan bog‘liq. Bu tasma miyelin qobig‘i bilan qoplangan aksonlarning oxirgi qismlaridan hosil bo‘ladi. Aksonlar neyronlardan (lateral tizzasimon tanadagilardan) boshlanadi va IV qatlamda tugaydi — bu qatlam kulrang moddaga tegishli.
Birlamchi ko‘ruv po‘stlog‘i funksional jihatdan farqlanuvchi oltita gorizontal sitoarxitektonik qatlamga bo‘linadi. Ular rim raqamlari bilan I dan VI gacha belgilanadi.
Qatlam IV (ichki donador qatlam) eng ko‘p miqdordagi afferent nerv tolalarini qabul qiladi. Ular lateral tizzasimon tanalardan (LTT) keladi. Ushbu qatlam, o‘z navbatida, quyidagicha belgilanadigan to‘rtta kichik qatlamga bo‘linadi: IVA, IVB, IVCα va IVCβ. IVCα kichik qatlamining nerv hujayralari asosan LTTning magnosellyulyar («yirik hujayrali», ventral) qatlamlari neyronlaridan keluvchi signallarni qabul qiladi («magnosellyulyar ko‘ruv yo‘li»), IVCβ kichik qatlamining nerv hujayralari esa — LTTning parvosellyulyar («mayda hujayrali», dorsal) qatlamlari neyronlaridan signallar oladi («parvosellyulyar ko‘ruv yo‘li»).
Taxminlarga ko‘ra, voyaga yetgan odam birlamchi ko‘ruv po‘stlog‘idagi neyronlarning o‘rtacha soni har bir yarimsharda 140 millionga yaqindir.
Ikkilamchi ko‘ruv po‘stlog‘i (V2)
V2 ko‘ruv sohasi, yoki ikkilamchi ko‘ruv po‘stlog‘i, boshqacha nomi — prestriat po‘stloq, ko‘ruv po‘stlog‘ining navbatdagi yirik sohasi va assotsiativ ko‘ruv zonasining birinchi hududi hisoblanadi. V2 ko‘ruv sohasi V1 birlamchi ko‘ruv po‘stlog‘i bilan barqaror oldinga yo‘nalgan (ingl. feedforward) va teskari (ingl. feedback) aloqalarga ega. V2 sohasi V3, V4 va V5 sohalari bilan ham barqaror bog‘langan.
Anatomik jihatdan V2 to‘rtta kvadrantga bo‘lingan: chap va o‘ng yarimsharlardagi dorsal va ventral tasvirlanish sohalari. Bu to‘rtta hudud birgalikda ko‘rinadigan olamning to‘liq xaritasini hosil qiladi. V2 ning V1 bilan umumiy xususiyatlari ko‘p: hujayralar yo‘nalish, fazoviy chastota va rang kabi oddiy belgilarga sozlangan. V2 dagi ko‘plab neyronlarning javoblari murakkabroq xususiyatlar, masalan, illyuzor konturlarning yo‘nalishi, disparatlik (disparity) hamda stimul shaklning yoki fonning bir qismi ekanligiga qarab ham modulyatsiyalanadi. Yaqindagi tadqiqotlar V2 hujayralarida diqqat ta’siridagi modulyatsiya uncha katta emasligini (V1 dagidan ko‘proq, V4 dagidan kamroq), ular o‘rtacha murakkab tuzilmalarga sozlanganini va bitta retseptiv maydon doirasidagi turli kichik sohalarda bir nechta yo‘nalish orqali boshqarilishi mumkinligini ko‘rsatdi.
Butun ventral ko‘ruv-gippokamp yo‘li ko‘ruv xotirasi uchun muhim ekani ta’kidlanadi. Bu nazariya ustunlik qilayotgan nazariyadan farqli ravishda, obyektlarni tanib olish xotirasidagi (ingl. object-recognition memory, ORM) o‘zgarishlar ko‘ruv po‘stlog‘ining ventral yo‘li bilan chambarchas bog‘langan V2 sohasiga ta’sir ko‘rsatish natijasida yuz berishi mumkinligini bashorat qiladi. Maymun miyasida bu soha birlamchi ko‘ruv po‘stlog‘idan (V1) barqaror oldinga yo‘nalgan aloqalarni qabul qiladi va boshqa ikkilamchi ko‘ruv bo‘limlariga (V3, V4 va V5) barqaror proyeksiyalar yuboradi. Bu sohadagi aksariyat neyronlar yo‘nalish, fazoviy chastota, o‘lcham, rang va shakl kabi oddiy ko‘ruv belgilariga sozlangan. Anatomik tadqiqotlar ko‘ruv axborotini qayta ishlashda 3-qatlam (V2 sohasida) ishtirok etishidan dalolat beradi. 3-qatlamdan farqli ravishda, ko‘ruv po‘stlog‘ining 6-qatlami ko‘p turdagi neyronlardan iborat bo‘lib, ularning ko‘ruv stimullariga javobi murakkabroqdir.
Yaqindagi tadqiqotda 6-qatlam hujayralari (V2 po‘stlog‘ida) obyektlarni tanib olish xotirasini saqlashda, shuningdek, obyektlar haqidagi qisqa muddatli xotiralarni uzoq muddatli xotiralarga aylantirishda juda muhim rol o‘ynashi aniqlandi.