6G mobil aloqa texnologiyasi

6G (inglizcha sixth generation — oltinchi avlod) — oltinchi avlod mobil aloqasi bo‘lib, uni 2028—2030-yillarda telekommunikatsiya standartlari asosida, 5G/IMT-2020 standartlaridan keyingi bosqich sifatida joriy etish rejalashtirilgan.

Ba’zi hollarda bu texnologiya NET-2030 yoki 6G/NET-2030.

Texnologiyaning hozirgi tadqiqotlari va kutilayotgan xususiyatlari

2018-yilning o‘rtalariga kelib, 6G texnologiyasiga qo‘yiladigan aniq talablar hali belgilanmagan edi. Ularni shakllantirish maqsadida Xalqaro elektraloqa ittifoqi tomonidan FG NET-2030 fokus-guruhi tashkil etildi. FG-NET-2030 2019-yil may oyida «Tarmoq 2030 — 2030-yil va undan keyingi davr uchun texnologiyalar, ularning qo‘llanilishi va bozor rivojlanishini belgilovchi omillar rejasi» hujjatini ishlab chiqdi va qabul qildi. 2019-yil oxiriga kelib, «2030-yil tarmog‘i uchun yangi xizmatlar va imkoniyatlar: tavsif, texnologik bo‘shliqlar va samaradorlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha maqsadlar tahlili» nomli hujjatni tayyorlash yakunlanayotgan edi. Rossiya aloqa operatorlaridan «Rostelekom» ommaviy aksiyadorlik jamiyati mazkur FG-NET-2030 guruhi ishida ishtirok etmoqda.

2020-yillarning boshida 6G/NET-2030 tarkibiga kirishi mumkin bo‘lgan texnologiyalarni bir nechta tadqiqot guruhi o‘rganmoqda. Ularning takliflari va texnologiya haqidagi qarashlari bir-biri bilan raqobatlashadi. Dastlabki bosqichda bu guruhlarning sa’y-harakatlari 5G/IMT-2020 tarmoqlarida amalga oshirishning imkoni bo‘lmagan, biroq 5G/IMT-2020 dan keyingi ma’lumot uzatish texnologiyalari avlodi joriy etiladigan davrda sanoatda qo‘llash mumkin bo‘lishi taxmin qilinayotgan texnologiyalarga qaratilgan.

6G tadqiqotchilari orasida AQShdagi universitetlararo ComSenTer loyihasi, Oulu universiteti (Finlyandiya) qoshidagi dunyodagi birinchi tajribaviy 6G infratuzilmasi segmenti — 6Genesis ishga tushirilishini e’lon qilgan tadqiqot guruhi, shuningdek, Xitoyning Szyansu provinsiyasidagi Janubi-sharqiy universitet (Southeast University) bor.

6G aloqa tarmoqlari teragers va subteragers chastota diapazonlaridan foydalanishi hamda ma’lumot uzatishdagi kechikishni 5G/IMT-2020 tarmoqlariga nisbatan sezilarli darajada kamaytirishi kutilmoqda.

Uyali aloqaning 6-avlodida qo‘llanishi mumkin bo‘lgan texnologiyalardan biri — bazaviy stansiyalarda radiofotonik raqamli antenna panjaralarini Massive MIMO texnologiyasi bilan birgalikda qo‘llashdir. Bunda xizmat ko‘rsatish sektorida yo‘nalganlik diagrammasining taxminan 250 ta nurini shakllantiradigan antenna tizimlariga ega bazaviy stansiyalar variantlari ko‘rib chiqilmoqda.

Mutaxassislar 6G tarmoqlariga qo‘yiladigan talablar qatorida ma’lumot uzatish tezligi 100 Gbit/s dan 1 Tbit/s gacha bo‘lishini, tarmoqlarni boshqarishda esa sun’iy intellekt tizimlari qo‘llanilishini qayd etishadi.

2018-yilda Xitoy 6G mobil aloqa standartini ishlab chiqish boshlanganini e’lon qildi. 2020-yil noyabr oyida Xitoy elektromagnit to‘lqinlarning teragers diapazonida 6G texnologiyalarini sinashga mo‘ljallangan ilk sinov sun’iy yo‘ldoshini uchirdi. 2022-yil fevral oyida Tsingxua universiteti mutaxassislari tajriba o‘tkazib, girdobli millimetrli to‘lqinlar yordamida taxminan bir kilometr masofaga bir soniyadan kam vaqt ichida 1 terabaytdan ortiq ma’lumot uzatishga muvaffaq bo‘lishdi. Bu ma’lumot uzatish tezligi bo‘yicha rekord ko‘rsatkich bo‘ldi. 2024-yilda Gonkonglik olimlar guruhi bir vaqtning o‘zida bir nechta garmonik chastotalarni hosil qilib, ularni boshqara oladigan antenna ishlab chiqilganini ma’lum qildi.

Adabiyotlar

Havolalar